Линклар

Шошилинч хабар
15 апрел 2021, Тошкент вақти: 18:28

Rossiya razvedkasi zaharlamoqchi ekani aytilgani ortidan Praga meri politsiya himoyasiga olindi


Praga shahrining liberal meri Zdenek Hrib.

Chexiyadagi nufuzli Respekt jurnali Praga shahri meri va hamkasbining rossiyaliklar rejalayotgan zaharlash hujumi nishoniga aylangani haqida yozishi ortidan, mer kechayu kunduz politsiya tomonidan qo‘riqlanmoqda.

27 aprel kuni Rossiyaning “Exo Moskvi” radiosiga intervyu bergan mer Zdenek Hrib politsiya o‘zini bir necha haftadan beri qo‘riqlayotgani, bunga esa jiddiy tahdidlar sabab bo‘lganini aytdi.

Bu yangilikdan oldin Respekt haftaligi Hrib bilan Praganing 6-tumani meri Ondrjey Kolarjni Rossiya razvedkasi o‘ta xavfli toksin bilan zaharlamoqchi ekani haqida xabar tarqatdi.

Respekt jurnali xavfsizlik xizmatidagi shaxsini oshkor qilmagan manbasiga tayanib, uch hafta oldin Chexiya poytaxtiga Rossiya razvedkasi zobiti diplomatik pasport bilan kelgani va jomadonida ritsin zahari bo‘lganini yozdi.

Jurnalga ko‘ra¸ Hribning Pragadagi Rossiya elchixonasi oldidagi maydonni Putinning ashaddiy muxolifi va tanqidchisi bo‘lgan marhum Boris Nemsov nomi bilan atash haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlagani Kremlning qattiq qahriga uchragan.

Kolarj esa sovet marshali Konev haykalini o‘zi boshqaradigan tumandan oldirib tashlagani uchun Rossiya mediasi va siyosatchilari g‘azabiga duchor bo‘ldi.

Ushbu noxush voqealar Praga bilan Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirmay qolmadi. Ehtimoliy suiqasdlar haqidagi xabar Chexiya Sog‘liqni saqlash va Ichki ishlar vazirligi¸ mamlakat shifoxonalari va Praga aeroportiga nisbatan uyushtirilgan kiberhujumlar ortida ham Rossiya turgani haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.

Praga meri va yana ikki siyosatchining Rossiya razvedkasi nishoni bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarga Chexiya hukumati hozircha rasmiy munosabat bildirmadi. Praga politsiya departamenti bu masala bilan shug‘ullanmayotganini bildirdi.

Ayni paytda Chexiya matbuotining yozishicha¸ Tashqi ishlar vaziri Tomas Petrichek Rossiya elchisini chaqirtirib¸ tahdid qilinayotgan chex siyosatchilari, jumladan, Praganing yana bir tumani meriga biror kor-hol bo‘lsa, buning oqibati yomon bo‘lishidan ogohlantirgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Chexiyadagi obro‘li nashr xabarini “feyk” – soxta deb atadi.

Chex matbuoti xabarlariga ko‘ra, Hrib va Kolarj bilan birga Praganing yana bir tumani meri Pavel Novotniy ham politsiya himoyasiga olingan.

U 2019 yil noyabrida Kreml sotqin deb ataydigan general Vlasov diviziyasiga yodgorlik o‘rnatishni taklif qilgan edi. Garchi vlasovchilar fashistlar tarafida turib jang qilgan bo‘lsa-da, urushning so‘nggi kunlarida ularga qarshi chiqib, Pragani ozod qilishga hissa qo‘shgan.

Mer va Pragadagi yana ikki siyosatchining Rozziya razvedkasi uyushtirishni rejalagan suiqasd qurboni bo‘lish ehtimoli haqidagi xabarlar bilan bir paytda¸ Chexiya kiberxavfsizlik idorasi mamlakatga qarshi uyushtirilgan keng ko‘lamli kiberhujum oldi olinganini bildirdi.

Chexiyaning kiberxavfsizlikni nazorat qiluvchi NUKIB tashkiloti hech bir mamlakat nomini atamadi, ammo hujum ortida jiddiy va ilg‘or texnologiyalarga ega raqib turganini aytdi.

Bu hujumlar Rossiya generali Konev haykalining Pragadan olib tashlangani bilan ketma-ket sodir etilgan.

Chexiyaning internet xavfsizligi bo‘yicha ekspertlari hujum vaqtida qo‘llangan ayrim zararlar dasturlar rus tilida bo‘lgani, boshqa axborot texnologiyalari manzillari esa Xitoyga taalluqli ekanini bildirdi.

Garchi chex rasmiylari Rossiyani ochiq tilga olmagan bo‘lsa ham, Chexiyadagi Rossiya elchixonasi Kremlning bu hujumlarga aloqasi borligini inkor qildi.

Xavfsizlik bo‘yicha chex rasmiylari Chexiyaga Rossiya bilan Xitoy eng katta kibertahdid solayotganini ta’kidlab keladi.

XS
SM
MD
LG