Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 10:42

OzodTarmoq: Yulduz Usmonovani javobgarlikka tortish kerakmi?


OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda ayni kunlarda jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida bildirilayotgan ayrim mulohazalar e’tiboringizga taqdim etiladi. Voqealarga berilayotgan baholar mutlaqo muallif pozitsiyasi. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida "Ezgulik" jamiyati raisi, jurnalist Abdurahmon Tashanovning Feysbukdagi o‘z sahifasida e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilyapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda.

**********
Fuqarolik mutaxassisligimga ko‘ra, jurnalistman. Ammo qariyb 15 yildan beri huquq himoyachiligi faoliyati bilan shug‘ullanaman. Ta’kidlashim kerak, men rahbarlik qiladigan inson huquqlari tashkiloti yaqin o‘tmishda militsiyadagi ko‘plab korrupsiya va qonunbuzarliklar faktlarini fosh qilib, katta-katta zobitlarning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan.

Masalan, 2009 yilda opa-singil Soatovalarning tergov izolyatorida zo‘rlanishi, bu voqeadan so‘ng qizlarning otasi insultdan o‘lishi fojiasi hatto BMTga qadar chiqqan, tashkilotning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Manfred Novak ishni taftish qilishni so‘rab, Karimovga murojaat qilgan. Internetning GOOGLE tarmog‘i orqali “opa-singil Soatovalar” kalit so‘zi yozilsa, bu ishning qanchalik shov-shuv bo‘lgani ko‘rinadi.

O‘shanda tergov izolyatoridagi jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hatto tergovchi Azizxon Umarxonov hamda JQBning bir qancha mulozimlaridan DNK analizlari olingan. O‘sha Azizxon Umarxonov bugungi kunda shahar militsiyasining rahbarlaridan biri — yo‘l harakati inspektorlariga koronavirus karantini davrida “rezultat” qilish bo‘yicha topshiriq bergani bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga yaxshi tanish odam.

O‘sha paytda Qashqadaryo militsiyasining jinoyat qidiruv bo‘limi sobiq boshlig‘i, polkovnik Anvar Ziyodov ham qiynoqlar fakti bo‘yicha tizimdan chetlatilgani aytilgandi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay bu odamning Chiroqchiga uchastkavoy qilib jo‘natilgani va bu yerda Alimardon Berdiqulovni urib, o‘ldirib qo‘ygani fosh bo‘ldi. Ya’ni, tizim, uning mulozimlari mudom jazolanmasligi haqida gapirganda biz kabi oddiy odamning oyog‘i qaltirab ketadi.

Ko‘plab tanishlarim xonanda Yulduz Usmonovaning melisalar bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi va uning javobgarligi masalasiga munosabatimni so‘rashdi. Ham qo‘rqib, ham “iymonsizning jazosini dinsiz bersin” qabilida indamay yurgandim, bo‘lmadi, gapirishga to‘g‘ri kelyapti.

Xonandamiz ro‘za holiga kuni bo‘yi sardobaliklarga xayriya yiqqan. Uni egalariga yetkazish borasida ortiqcha jonbozlik qilib, melisalardan ranjigan va nimalardir devorgan. Deputatimiz Obidjon Latipov aytganidek, xonandaning chiqishidan muayyan bir jismoniy shaxs (!) na ma’naviy, na moddiy zarar ko‘rmagan. Ya’ni, xonandaga nisbatan konkret da’vogar yo‘q: u hech kimning ismi-sharifi, nomini tilgani olgani yo‘q. Xonanda bu borada dili og‘rigan tizim mutasaddilaridan kechirim so‘rashga ham ulgurdi. Menimcha, yuzaga kelgan huquqiy mojaroning hal qiluvchi nuqtasi ham mana shu yerda.

Eslaylik, prezidentimiz 2-3 yil avval o‘z chiqishlarida hali sud hukmi bilan aybi isbotlanmagan moliyachilar, prokuratura va soliq idoralarining ayrimlarini “kalamush”lar degandi. Tanqiddan so‘ng sudlar bo‘ldi, “kalamush”lar uzoq yillik qamoq jazolariga tortildi, prezidentning “haqorat”i qonunlashtirildi.

Hozirgi holat ham xuddi shunday. Qonunda ikki xil standart bo‘lishi mumkin emas: tizim, uning murvatlari haqida gapirish so‘z erkinligi, jamiyat rivojining muhim omillaridan biri. Qolaversa, xonanda qaysi vaziyatda gapirgani ham muhim. Ammo tizim vakillarining koronavirus karantinidagi xizmatlaridan to‘lqinlanib, jamoat vakiliga ommaviy bosimlar uyushtirishi, sudgacha sudrashi xavfli tendensiyadir. U mamlakatimizda endi-endi tetapoya qilayotgan so‘z erkinligiga qaqshatkich zarba hisoblanadi.

Mazkur yozuvga ilova qilayotgan suratga e’tibor bering. Ichki ishlar vazirligi mulozimi xonandaning “ruhiy sog‘lomligiga shubhasi” katta tirajda mamlakat bo‘ylab tarqalmoqda. Endi o‘ylab ko‘raylik, nega xonandaning og‘ziga kuchi yetmasligi sudgacha boradi-yu, tizim vakillarining talaffuzi so‘z erkinligi, deb baholanadi?

Gap mana shu yerda. Agar tizimga nisbatan tanqidlar o‘z vaqtida to‘g‘ri qabul qilinganida, melisaga nisbatan ijtimoiy fikrdan xulosa chiqarilganida yozuvlarimning 2, 3, 4-abzatslarini hozir o‘qimagan bo‘lardingiz...

Abduraxmon Tashanov

XS
SM
MD
LG