Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:05

Aholini majburan Humo kartasiga o‘tkazish bu to‘lov tizimini xususiylashtirishga hozirlik sifatida ko‘rilmoqda


O‘tgan hafta Humo to‘lov tizimida kuzatilgan uzilishlar maosh va nafaqasi Humo kartasiga o‘tkazilgan o‘zbekistonliklar¸ ayniqsa¸ pandemiya davrida pensiyalari plastik kartalarga o‘tkazilgan pensionerlarni tang holda qoldirdi.

Keyingi kunlar davomida Ozodlikka pensiyasi o‘zidan so‘ralmasdan 100 foiz Humo kartasiga o‘tkazilgan pensionerlardan kelayotgan murojaatlar keskin ko‘paydi.

11 may kuni pensiyalarni to‘lash uchun mas’ul bo‘lgan Xalq banki Boshqaruvi raisi pensiyalarning Humo plastik kartasiga o‘tkazilishi pandemiya davridagi vaqtincha chora ekani va 20 maydan boshlab¸ pensionerlarga Uzcard yoki Humodan birini tanlash imkoni berilishini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan ayrim bank tizimi mulozimlari esa¸ 2020 yildan boshlab aksar aholini Humo kartalariga o‘tkazish jarayoni ortida bu to‘lov tizimining yaqin kelajakda xususiylashtirilishiga hozirlik yotganini iddao qildi.

Bu mulozimlar¸ Humo to‘lov tizimi infrastrukturasi silliq ishlashga o‘tishi bilan¸ uning hokimiyat yuqori tizimlariga aloqador shaxslarga xususiy qilib berilish ehtimoli kuchli ekanini ta’kidladi.

Humo to‘lov tizimi hozircha Markaziy bank tasarrufidagi MChJga qarashli.

Humoning ishlamay qolgani e’tirof etildi

Ozodlikka o‘tgan hafta turli viloyatlar¸ qolaversa¸ Toshkent shahridan kelgan xabar va suratlarda karantin paytida Humo kartasining ishlamayotgani¸ buning oqibatida ayniqsa¸ ijtimoiy jihatdan muhofazasiz qatlam – pensionerlarning o‘z tirikchiligi uchun zarur narsalarni sotib olish imkonidan mahrum qolgani aytildi.

Maxsus komissiya qarori bilan barcha pensionerlarga Humo plastik kartasi tarqatildi. Lekin muammo shundaki, Humo plastik kartasi aksar do‘konlarda ishlamaydi, pulni naqdlashtirish uchun bankomatlar ham kam. Yoshi bir joyga borgan pensionerlar virus tarqalgan bir paytda 6-7 km piyoda yurib bankomat qidirishi kerak! Qo‘shnilar “Xalq banki”ga borgan ekan, yuzlab odamlar navbatda turibdi. Axir, ishlamas ekan, nega pensionerlarni Humo plastik kartasiga o‘tkazishdi?”¸ deyiladi Ozodlikka Nukusdan kelgan xabarda.

Bunday e’tirozlarning davlat idoralariga ham nihoyatda ko‘paygani ortidan¸ Ozodlik gaplashgan bank tizimi mulozimiga ko‘ra¸ Xavfsizlik kengashi Markaziy bank¸ Pensiya jamg‘armasi va Humo to‘lov tizimi mutasaddilaridan vaziyatga oid jamoatchilikka izoh berishni talab qilgan.

“Milliy banklararo protsessing markazi” rahbari Shuhrat Qurbonov mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda “tranzaksiya operatsiyalar hajmining keskin ortib ketishi “Humo” to‘lov tizimida shu yilning 7-8 may kunlari “qisqa muddatli yuklamalarni keltirib chiqargani" uchun uzr so‘radi va soha mutaxassislari bilan hamkorlikda muammo qisqa muddatda hal etilganini ma’lum qildi.

Pensiyalar yana Karimov davridagi kabi plastikka o‘tkaziladimi?

Ijtimoiy tarmoq¸ xususan¸ moliya-iqtisod sohasini yorituvchi blogerlar pensiyalarning plastik kartaga o‘tkazilishini uch yil oldin qabul qilingan prezident qaroridan orqaga chekinish ekaniga alohida urg‘u qaratdi.

"Ish haqi, pensiya va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorda 2017 yilning fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiyalarning butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda berilishi belgilangan edi.

Pensionerlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan birinchi jihat¸ karantindan foydalanib bu qaror ijrosining de-fakto bekor qilingani, ikkinchisi esa¸ pensiyaning aksar chakana savdo joylarida ishlamaydigan Humo kartalariga majburiy o‘tkazilgani bo‘ldi.

11 may kuni O‘zbekistonda pensiya tarqatishga mas’ul bo‘lgan “Xalq banki” raisi pensiyalarning plastik kartalarga o‘tkazilishi pandemiya sharoitidagi vaqtinchalik chora ekanini bildirdi va 20 maydan boshlab pensionerlarga UzCard yoki Humo kartasidan birini tanlash imkoni berilishi¸ pensionerlar so‘rovi bilan “Humo”dan “Uzcard”ga hech bir to‘lovlarsiz almashtirilishini ma’lum qildi. Ayni paytda mulozim vaqtinchalik chora”ning qancha muddat amalda bo‘lishiga oydinlik kiritmadi.

Markaziy bank: Humo to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilgan¸ uning ishlashi uchun har bir mijoz hissa qo‘shishi lozim!

Ozodlikka byudjetdan oylik oluvchilar¸ pandemiya davrida esa¸ pensionerlarning ham o‘z ixtiyorisiz Humo plastik kartasiga o‘tkazilgani haqidagi shikoyatlar mohiyati bu kartalarning do‘kon va aptekalarda¸ xizmat ko‘rsatish joylarida terminal yo‘qligi bois qabul qilinmasligi¸ Humo kartasidan boshqa kartaga pul o‘tkazish, naqd pul yechishning muammoligicha qolayotganidir.

12 may kuni Ozodlik bilan suhbatda Markaziy bankning to‘lov tizimlari uchun mutasaddisi¸ bunday vaziyat uchun Humo tizimi emas¸ balki ko‘proq tadbirkorlik sub’yektlari aybdor ekanini ta’kidladi.

Humoning tekis ishlashi uchun infratuzilma tayyor. Mamlakat bo‘yicha 185 mingta terminal tarqatilgan¸ ammo amalda ulardan 51 mingtasi ishlayapti¸ xolos. Do‘kon va xizmat sohasidagilar qolgan 130 mingga yaqin terminalni ishlatmay¸ seyfiga solib qo‘ygan. Sabab¸ ularga NDS va soliqdan qochish uchun naqd pulda savdo qilish afzal. Hozir bu vaziyat o‘rganilyapti. Lekin Humo mijozlarining o‘zi ham vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin. “To‘lov tizimlari” haqidagi qonunning 36-moddasida yakka tartibdagi tardbirkor ham¸ yuridik shaxslarning ham to‘lovlarni bank kartalari orqali qabul qilishi shart¸ deb belgilangan. Agar do‘kondor terminalim yo‘q desa¸ karta egasi o‘sha joyning o‘zida soliq organlariga murojaat qilishi kerak. Bunday tadbirkor Soliq kodeksining 221-moddasiga asosan¸ sud qarorisiz¸ o‘sha joyning o‘zida 5 milliondan 20 milliongacha jarimaga tortiladi. Ana shunda¸ terminalim yo‘q¸ degan yolg‘on bahonalar kamayib¸ Humo ishlab ketadi”.

Humo to‘lov tizimi xususiylashtiriladimi?

2019 yil may oyidan muomalaga chiqarilgan Humo to‘lov tizimi ta’sischisi 2014 yili Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJsidir. Bu MChJning yagona ta’sischisi esa¸ Markaziy bankka qarashli “Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasidir.

Rasman Markaziy bankka tegishli bo‘lgan Humo to‘lov tizimi¸ 2004 yildan to 2019 yil mayiga qadar O‘zbekistonda banklararo yagona to‘lov tizimi bo‘lib kelgan Uzcard to‘lov tizimi monopoliyasiga barham berish iddaosi bilan joriy qilindi.

Uzcard tizimi ta’sischisi¸ O‘zbekiston bank sektori mulozimlari ta’kidicha¸ sobiq MXXning sobiq raisi general Rustam Inoyatov oilasiga aloqador "Yagona umumrespublika protsessing markazi" MJSidir. Bu MChJning rasmiy mulkdorlariga oid ma’lumot Uzcard rasmiy saytida yo‘q.

Ayni paytda¸ 2020 yildan o‘zbekistonliklarni yoppasiga Uzcard kartalaridan Humo tizimiga ma’muriy bosim ostida o‘tkazilayotganini sharhlagan ayrim Toshkent mulozimlari¸ bu to‘lov tizimi ortida yangi hokimiyat amaldorlariga yaqin shaxslar manfaati turganini iddao qilmoqda.

12 may kuni Ozodlik gaplashgan bir necha bank mulozimi¸ Markaziy bank tasarrufida qolayotgan Humo tizimiga ma’muriy bosim vositasida o‘zbekistonliklarni yoppasiga o‘tkazish jarayoni uchun muayyan muhlat berilganini bildirdi.

Men o‘zim ko‘rgan Vazirlar Mahkamasining ichki buyrug‘ida joriy yilning yarim yili ichida plastik karta foydalanuvchilarining kamida 50 foizini Humo tizimiga o‘tkazish buyurilgan. Bu jarayon tugaganidan so‘ng¸ Humo tizimi xususiylashadi¸ degan taxminlar mavjud. Ammo hozircha bunday hujjatni shaxsan o‘zim ko‘rmadim. Uzcard xususiy MChJga qarashli va bu tizim hozirgacha havodan pul qilib keldi¸ qaysidir ma’noda. Plastik kartalarning ham xavfsizlik¸ ham moliyaviy jihatdan qanday qudratli vosita ekanini tushungan yangi elita vakillari buni o‘z qo‘liga olishga intilishi turgan gap. Shu ma’noda¸ Humo tizimi yaqin kelajakda Markaziy bankdan olinib¸ xususiy shaxs va guruhlarga berilishi haqidagi taxminlar yashashga mutlaq haqli”¸ dedi O‘zbekiston bank tizimi mulozimlaridan biri.

12 may kuni Ozodlik Markaziy bankning to‘lov tizimlari bo‘yicha mutasaddilaridan bunday taxminlarga munosabat so‘radi.

Bu rasmiylar¸ Humo to‘lov tizimining yaqin orada xususiylashtirilishiga oid taxminlardan mutlaq bexabarligini aytish bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG