Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:53

Moskvada Yadro fizikasini o‘rganayotgan talabalar “O‘zatom”ni kontraktlarni soxtalashtirganlikda ayblamoqda


MMFI Milliy yadro tadqiqotlari universiteti
MMFI Milliy yadro tadqiqotlari universiteti

Moskva Muhandislik-fizika institutining Milliy tadqiqot yadro universitetida (NIYAU MIFI) tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va ularning yaqinlari “O‘zatom” rahbariyatini oldin imzolangan kontrakt varaqlarini almashtirib, shartlarni o‘zgartirib yuborganlikda ayblagani uchun bosim ostida qolganini aytmoqda.

O‘quv yurti talabalariga taqdim etilgan bir taraflama o‘zgartirilgan hujjatda asosiy to‘lovlar talabalar bo‘yniga yuklatilgani aytilmoqda.

"O‘zatom" (O‘zbekiston Atom energetikasini rivojlantirish agentligi​) rahbariyati shartnomaga kiritilgan o‘zgartishlar to‘g‘risida talabalar og‘zaki ogohlantirgani va ularning aksari yangi shartlarga ko‘nganini bildirdi.

Moskva Muhandislik-fizika institutida esa bu masalada hozircha izoh bera olmasliklarini bildirishmoqda.

“O‘zatom” shartnoma varaqlarini o‘zgartirib qo‘yibdi!”

Moskvadagi Muhandislik-fizika institutining (MIFI) Milliy tadqiqot yadro universitetida (NIYAU) tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zatom” rahbariyatini kontrakt shartlarini bir taraflama o‘zgartirganlikda ayblagan edi.

Talabalarning yaqinlari bu haqdagi xabar Ozodlikda e’lon qilingani ortidan farzandlari bosim ostida qolgani to‘g‘risida xabar qildi:

“O‘zatom' shartnomani o‘zi buzib, bizdan pul undirmoqchi va kontrakt hamda boshqa to‘lovlarni to‘lashga majbur qilmoqda. Vaholanki, oldingi shartnomada “kim shartnomani buzsa, o‘sha ko‘rilgan ziyonni qoplashi kerak”, deb belgilangan. Iltimos, yordam beringlar”, deyiladi xabarda.

Agentlikning kontraktni bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantiruv xati
Agentlikning kontraktni bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantiruv xati

Ozodlik suhbatlashgan yadro fizikasi bo‘lajak mutaxassislaridan biri ismi oshkor etilmasligi sharti bilan vaziyatni bunday ta’rifladi:

- Biz o‘zimiz harakat qilib, rus tilida imtihonlarni topshirib, o‘qishga kirganmiz. O‘tgan yilning 15 avgustida biz “O‘zatom” bilan shartnoma imzolaganmiz. To‘rt taraflama shartnomada stipendiya, aviabilet va tibbiy polislarni to‘lab berish, shartnoma buziladigan bo‘lsa harajatlarni qoplab berishga kelishilgan. Biroq, imzolangan shartnomaning to‘rtta nusxasini ham “O‘zatom" va MIFI rahbariyati imzolaydi”, deb bizdan olib qo‘yildi. Bizga keyin qaytarib berilgan hujjatlarda esa biz o‘zgarishlarni ko‘rdik!

Talabaning aytishicha, o‘zgartirilgan hujjatda “shartnomani bajarishdan voz kechgan yoki tan olmaydigan tomon” yoki “talaba o‘qishdan haydalib ketgan holatda” talabalar Rossiyadagi rubl hisobiga 300 ming rubl yoki 5 ming AQSh dollari miqdorida kontrakt to‘lovini o‘zlari amalga oshirishlari lozimligi to‘g‘risida yangi bandlar paydo bo‘lgan.

Qilingan harajatlar hisob-kitobi.
Qilingan harajatlar hisob-kitobi.

Boshqa bir talaba shartnoma imzolanayotganida varaqlarning hammasiga emas, balki oxirgi varag‘igagina imzo chekilganiga e’tiborimizni qaratdi:

- Shartnoma 5 varaqdan iborat va avgustda bizga faqat oxirgi varaqqa imzo qo‘ydirishgan. Ular birinchi 4 varaqni almashtirib qo‘ygan! Aslida har bir varaqda imzo bo‘lishi kerak, qonun bo‘yicha. Bizni yosh bola qilib aldashdi! Endi esa dogovorni tan olasan, deb majburlashyapti. Biz bir necha kishi bu shartnomani tan olmayapmiz, ko‘pchilik bosimga bardosh bermasdan imzolab berdi.

Ozodlik bilan gaplashgan o‘zbek yoshlari mazkur o‘zgartishlar “O‘zatom” tashkilotining shaxsiy tashabbusi ekani va davlat rahbariyati bu qalbakilashtirishdan bexabar ekanini taxmin qildi. O‘z manbalariga tayanib, talabalar ulardan yig‘ilayotgan kontrakt pullari va yig‘imlar MIFI yoki O‘zbekiston hukumatiga emas, bevosita “O‘zatom” hisobiga o‘tkazilayotganini iddao qilishdi.

Yadro fizikasini o‘rganayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, yangi shartlarga ko‘ra, bir talabaning yillik to‘lovlari 70 million so‘mdan oshishi va oilaviy sharoiti ko‘tara olmayotgan ayrim talabalar o‘qishni tark etishga majbur bo‘layotganini ham qo‘shimcha qildi.

Moskva Muhandislik-fizika instituti talabalari “O‘zatom” rahbariyatining bu harakatlariga hukumat rahbariyati e’tiborini qaratish istagida ekanini va eski kontrakt shartnomasini tiklashni talab qilishdi:

- Shu tariqa magistrantlar jami ikki yilga 140 million so‘m, bakalavrlar esa 4 yilga 280 million so‘m pulni to‘lab berishlari shart. “O‘zatom”dan bizga 10 ming rubl miqdorida stipendiya berilardi, yashashimizga yetib turgandi. Endi esa shartnomani tan olmaganimiz uchun o‘sha stipendiyani ham to‘xtatishyapti. Ular bizdan pul undirmoqchi - prezident, hukumatimiz shu nohaqliklarni biladimikan?! Biz shartnomani boshlang‘ich holatiga qaytarish va o‘qishimizni davom ettirishni xohlaymiz, chunki bizga haydalasan, deb tahdid qilishyapti.

Talabalar so‘roviga javoban MIFI ma’muriyati bu o‘zgarishlardan xabari yo‘qligini aytgan.

"O‘zatom" rahbari: "Xohlamasangiz - sudga bering!"

Moskva Muhandislik-fizika instituti rahbariyati vakili bu shartnomalarni tuzish “O‘zatom” vakolatida ekani va unga izoh bera oladigan xodim hozircha izolyatsiyada ekanini Ozodlikka bildirdi. Ozodlik MIFI NIYAU prorektori Yelena Vesnaga yuborgan murojaatiga ham hozircha javob olgani yo‘q.

Ozodlik radiosining “O‘zatom” agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov, agentlikning Fan, innovatsiya va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Abdukomilovga izoh so‘rab qilgan murojaati javobsiz qoldi.

Biroq Ozodlik tahririyatiga taqdim etilgan videoyozuvda tashkilot rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov shartnoma bir tomonlama o‘zgartirilgani sabablari borasida talabalar savollariga bunday javob bergan:

- Aytyapmanki, bu sizlarning haqlaring. O‘zgarishlarga qo‘l qo‘ymasangiz shartnomani bekor qilamiz, shartnomani bekor qilishga haqqim bor. Qolgan masalalarni MIFI NIYAU bilan alohida maslahatlashib, o‘qish-o‘qimasliklaringni hal qilamiz.

“O‘zatom”ning Telegram sahifasida paydo bo‘lgan bayonotda talabalar “Internetda tarqatgan “”O‘zatom” va MIFI talabalari o‘rtasida imzolangan kontrakt varaqlarining almashtirib qo‘yilgani” to‘g‘risidagi ma’lumot “haqiqatdan uzoqligi” aytiladi:

Tarqatilgan ma’lumot masalasida ta’kidlash joyizki, talabalar mas’uliyati va o‘zlashtirish darajasini oshirish hamda o‘qishdan keyin ularning ortga qaytishini ta’minlash maqsadida “O‘zatom” agentligi rahbariyati kontraktga qo‘shimcha kelishuv kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Uning nizomi bevosita “O‘zatom” rahbariyati bilan 2020 yilning yanvarida muhokama qilindi va tushuntirildi. Tadbir natijasiga ko‘ra, 5 tadan tashqari qolgan barcha talabalar qo‘shimcha kelishuvni ijobiy baholadi. Hozirda 94 talaba “O‘zatom” agentligi bilan kontrakt shartnomasini imzolagan”.

Bayonotda MMFI NIYaUda bugungi kunda “Rosatom” kvotasi asosida 145 o‘zbekistonlik talaba ta’lim olayotgani, bu yoshlar O‘zbekistonning yadro-energetika dasturi taraqqiyotini ta’minlovchi bo‘lajak olimlar o‘zagi ekani aytilgan.

2018 yilning 19 iyulida prezident Shavkat Mirziyoyev "O‘zatom" agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Qarorga asosan “O‘zatom” 2018 yil, 20 dekabrgacha 2019−2029 yillarda O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini, 2019 yil 1 iyungacha konsepsiyaga muvofiq ravishda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha investitsion loyihalar portfelini, 2019 yil 1 noyabrgacha 2019−2029 yillarda O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturini hamda konsepsiya va dasturni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tayyorlashi va tasdiqlashga kiritishi lozim.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘ladigan atom elektr stansiyasini O‘zbekistonda “Rosatom” barpo etishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG