Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:10

Fermerlar yeridan ajralib qolishdan qo‘rqib qurt boqishga majbur bo‘lmoqda


Shu kunlarda rasmiy matbuot Surxondaryodagi pillakorlarning rejani bajargani haqida xabar qilmoqda.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ bu yil mamlakatda 21 ming tonna pilla yetishtirish rejalangan va bu o‘tgan yilgiga nisbatan ikki tonna ko‘pdir.

Ozodlik suhbatlashgan pillakorlar pilla faqat daromad keltirmaydigan majburiyat ekani va undan kelgan pul sarflangan mehnat va xarajatni qoplamasligini¸ fermerlar esa yeridan ajralib qolishdan qo‘rqib qurt boqishga majbur bo‘layotganligini aytishdi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan pilla AQSh mehnat vazirligining qora ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ro‘yxatga ko‘ra¸ o‘zbek pillasi majburiy mehnat evaziga yetishtirilgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra¸ O‘zbekistonda yetishtirilgan pillaning 80 foizi Qoraqalpog‘istonning Amudaryë¸ Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bo‘yinturuq

Ellikqal’a tumanidagi 60 yashar fermer Nurjon opa Ozodlik bilan suhbatda pillani “bo‘yinturuq” deb atadi:

- Mening ixtiyorimda bo‘lganda¸ pilla boqmas edim. Pilladan pul olib orttirgan hech narsam yo‘q. Foydasi yo‘q. O‘tgan yili 28 kun yugurdim pillaning ortidan. Lekin navxon qurti (ipak qurti) o‘lib qoldi. Bir menda bo‘lmadi bu narsa¸ hammaning pillasi o‘ldi. Pilla topshira olmadim o‘tgan yili. Bu yil o‘tgan yilgi qarz pillaning o‘rnini to‘ldirib berasiz¸ deb turishibdi. O‘tgan yilgini to‘ldirsak¸ bu yil nima bo‘ladi? Yana qarz bo‘lib qolamanmi? Erim Moskvada karantin bo‘lgani uchun uch oydan beri bir so‘m yubormaydi. Bu yerda men o‘tgan yilgi qarzim uchun pilla boqib o‘tiribman. Boqmasam, yerimni olib qo‘yishadi¸ deydi Nurjon opa.

Farg‘ona viloyat Uchko‘prik tumanidagi 40 yashar fermer yigit ham Ozodlik bilan suhbatda pilla boqishning “koni zarar” ekanini ta’kidladi:

- Pillaning narxi yuqori bo‘lsa¸ yetishtirish mumkindir. Ammo hozirgi sharoitda va bahoga yetishtirish umuman befoyda. Tinchgina paxtamizni ekib, bug‘doyimizni sug‘orib yurganimiz yaxshi.

Majburiy mehnat

O‘zbekistonda pillachilik bo‘yicha hisobot chiqargan¸ Germaniyadagi inson huquqlari bo‘yicha “O‘zbek-forum” tashkiloti vakili Lin Shvaysfurt (Lynn Schweisfurth) Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekiston hukumati qishloq aholisining kambag‘alligidan foydalanib, ularni pilla ishlab chiqarishga majburan jalb qilib kelayotganini” aytadi:

- Pilla rasman Qishloq xo‘jalik vazirligi va “O‘zipaksanoat” uyushmasiga qarasada, amalda viloyat va tuman hokimlari paxta sektoridagi kabi, pilla ishlab chiqarish ustidan nazorat olib boradi. O‘zbekiston hukumati qishloq axolisining majburiy mehnatiga asoslangan tarzda mamlakatda ipak ishlab chiqarishni kengaytirish uchun harakat qilmoqda. Ilgarigi yil bir yig‘ib olinadigan hosil o‘rniga, bir yilda ikki marta pilla ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ agar davlat aralashmasa pilla oddiy aholi uchun yaxshi daromad manbai bo‘lishi mumkin:

- Hindiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda ipak qurti pilla yetishtirish qishloq aholisiga, ayniqsa ayollarga qo‘shimcha daromad olish imkoniyatini yaratadi. O‘zbekistonda pillani yetishtirishga davlat ma’muriy majburlash vositalaridan foydalanmoqda. Bu asnoda pilladan keladigan asosiy daromad davlat va dallollar cho‘ntagida qolmoqda.

Rasmiy fikr

O‘zbekiston Qishliq xo‘jalik vazirligining pilla yetishtirish bo‘yicha mulozimi Qahhor Yovqochdiyev Ozodlik bilan 20 may kungi suhbatda pillachilikdagi majburiy mehnatga oid bu tanqidlarni rad etdi:

- Hech kim majburlanmaydi. O‘z ixtiyori bilan pilla boqishadi. Ularga biriktirilgan tutzorlarga tomchilab sug‘orish joriy qilishsa, davlat subsidiya beradi. Bu yil pilla boquvchilarga qator imtiyozlar berildi. Qurt boquvchilar soliqdan ozod qilindi. Pillani boqish uchun ketgan bir oy bir yilga tenglashtirilib stajga qo‘shiladi. Xarid narxi tavsiyaviy. Narxni “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi belgilaydi. Bu yil kilosiga 24 400 so‘m. Bu umumiy narx. Birinchi sort pillaning kilosiga 34 ming so‘m belgilangan. Bu o‘z navbatida qishloq axolisi uchun qo‘shimcha daromad topishga imkoniyat. Pul tarozining yonida darhol sanab beriladi.

Teshik tog‘ora yonida

Ozodlik suhbatlashgan Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi fermer 2020 yilgi pilla rejasini bajargani¸ ammo cho‘ntagi katta pul ko‘rmaganini aytadi:

- 2 quti ipak qurtidan 107 kilo pilla chiqdi. Pillaxonada bizga bir kilo pilla uchun 20.400 so‘mdan pul berishdi. Ammo o‘sha zahoti qurtning urug‘iga deb 270 ming qaytarib olishdi. Ular “qurtning urug‘ini chet eldan olib kelganmiz. Agar o‘zimizda yetishtirilganida edi, bepul bo‘lardi” deyishdi. Mana pillani ham topshirdik. Endi bizga va’da qilingan bir oylik ish haqi, ya’ni 700 ming so‘mning peshiga tushamiz. Biror hafta o‘tsa, bandlik bo‘limiga borib shu pulni ham surishtirib kelaman. Aslida bizga bu pulni qurt boqayotgan paytimizda berishni aytishgandi.

O‘zbekiston dunyodagi eng ko‘p ipak tolasi yetkazib beruvchi uch yetakchi davlatdan biri hisoblanadi. Xitoy¸ Hindiston va O‘zbekiston jahon bozoridagi asosiy pilla yetishtiruvchi davlatlardir.

O‘zbekistonda yiliga 1100 tonna ipak tolasi ishlab chiqariladi.

XS
SM
MD
LG