Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 06:58

Musulmonlar pandemiya sharoitida Ramazon hayitini nishonlamoqda


Bolgariyada masjid dezinfeksiya qilinmoqda.

Bugun musulmon dunyosining aksariyat qismida Iydul-Fitr yoki Ramazon hayiti nishonlanmoqda.

Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli bayram odatdagidan boshqacha o‘tmoqda: COVID-19 pandemiyasi tufayli ko‘plab davlatda hayit namozi va bayram tadbirlari bekor qilindi. Shuningdek, sayohat cheklovlari oilalar bayramni nishonlash uchun bir yerga to‘planishiga to‘sqinlik qildi.

Hayitdan oldin odatda savdo chaqqon bo‘ladi, ammo pandemiya sabab bu yil ko‘p savdogarlar zarar ko‘rdi.

Ayrim davlatlarda hayit arafasida gavjum bo‘ladigan do‘kon va savdo markazlari cheklovlari tufayli eshiklarini ochmadi.

Cheklovlar beva-bechoralarga yordam ko‘rsatish udumiga ham to‘sqinlik qilmoqda.

Mutaxassislar hayit namozi davomida virus tarqalish xavfi o‘ta yuqori ekanligi haqida ogohlantirib kelishadi. Shu sabab Ramazon oyi davomida masjidlar yopilmagan davlatlarda ham hayit namozi bekor qilindi.

Rossiya oliy muftiysi Talg‘at Tajuddin bu yil Ramazon oyi o‘zgacha bo‘lganini aytdi. Muftiy Ramazon davomida masjidlarni yopishga chorlagan edi.

Keyingi yillarda Moskvada asosiy masjidlarga minglab odam to‘planadigan hayit kunlari rasmiylar shaharning ayrim ko‘chalarini yopishga majbur bo‘lgan edi. Ammo bu yil Moskva masjidlarida hayit namozi o‘qilmadi.

Tojikiston va Qirg‘izistonda ham diniy ulamolar hayit namozlari bekor qilinganini e’lon qildi. Umuman, Markaziy Osiyodagi barcha davlatda Ramazon davomida iftorlik uchun to‘planish man etildi.

O‘zbekistonliklar bu yilgi Ramazon hayitini, mamlakat tarixida ilk bor, karantin sharoitida — hayit namozisiz qarshiladi.

Ramazonda masjidlar yopiq qoldi, taroveh namozlari o‘qilmadi. Dunyodagi aksar musulmonlar kabi, o‘zbekistonliklar ham, Qurbon hayitigacha ahvol yaxshilanishiga umid qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Ramazon hayiti namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi nuqtai nazaridan mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni ado etish soqit bo‘lishini aytdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan vatandoshlarga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozini o‘qish tavsiya etildi.

Odatda hayit kunlari odamlar yaqinlarini yo‘qlab, mehmondorchilikka borishar, yangi tushgan kelinlar esa 3 kun davomida «Hayit salom» tadbirlarini qilishar edi. Shuningdek, yaqinlari o‘tgan oilalarda dasturxon yozilib, marhumlar haqiga duo qilinardi. Joriy yilda karantin sabab bularning barchasi cheklangan ko‘rinishda amalga oshirilmoqda.

Eronda virus taqalishi ehtimoli oz bo‘lgan hududlarda diniy amallarni ochiq havoda ijtimoiy masofani saqlagan holda bajarishga ruxsat berildi.

Rasmiy Tehron, shuningdek, an’anaviy Quds kuni mitinglarini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bu mitinglar 1979 yilda oyatulloh Ruhullo Humayniy Ramazon oyining so‘nggi juma kunini Isroilni la’natlab, falastinliklar bilan birdamlik izhor qilish kuni etib belgilaganidan beri har yili o‘tkazilib kelinayotgan edi.

Eron koronavirusdan eng katta ziyon ko‘rgan musulmon davlatlarning biridir. Bugunga qadar mamlakatda 130 mingdan oshiq odamga virusga chalindi, ularning 7200 dan oshig‘i koronavirus infeksiyasi tufayli nobud bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG