Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:50

Marg‘ilonda Prezident tashrifi oldidan tibbiyotchilar farroshga aylandi


Marg‘ilonlik tibbiyotchilarga ko‘ra, ular Hunarmandlar markazini tozalashgan.
Marg‘ilonlik tibbiyotchilarga ko‘ra, ular Hunarmandlar markazini tozalashgan.

Marg‘ilondagi tibbiyot muassasalari xodimlari prezident borishi rejalashtirilgan Hunarmandlar markazidagi tozalash ishlariga jalb qilindi.

Shahar hokimligi rasmiylari prezident tashrifiga tayyorgarlik ishlari ketayotganini tasdiqlar ekan, tibbiyot xodimlari bu ishga majburan jalb etilganini inkor etdi.

Marg‘ilon shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, prezidentning shaharga 29 mayda kelishi kutilmoqda.

Ayni paytda

Farroshga aylangan tibbiyot xodimlari

Marg‘ilondagi tibbiyot muassasalari xodimlari prezident Mirziyoyev borishi rejalangan Hunarmandlar savdo markazini tozalash ishlariga 25 may kuni jalb qilingani to‘g‘risida Ozodlikka xabar qilgan marg‘ilonlik tibbiyot xodimlari ishdan haydalish xavfi sabab anonim qolishni ma’qul ko‘rishdi.

“Kecha bizning poliklinikadan 5 kishini TRZ bozori yonidagi yangi qurilgan Hunarmandlar markazidagi do‘konlarni tozalashga olib borishdi. O‘zim ham bordim. Oynalarni yuvdik. Lekin poli rosa rasvo ekan. Oqarib yotibdi, yuvganingiz bilan ham toza bo‘lmaydi. Bugun yana 5 kishini olib ketishdi. Ertaga yana borasizlar, deb aytishdi. Prezident kelguncha tozalab bo‘lish kerak ekan”, dedi tozalash ishlariga jalb qilingan tibbiyot xodimasi.

Marg‘ilondagi boshqa bir poliklinikaning xodimasiga ko‘ra, Hunarmandlar markazidagi tozalash ishlariga shahardagi deyarli barcha tibbiyot muassasalaridan “hasharchilar” olib kelingan:

“Tibbiyot xodimlari hammamiz farroshlik qilyapmiz. Har bir poliklinika, har bir shifoxonadan odam bor bu yerda. Sanitarkalar, hamshiralar kelgan. Ertalabdan keldik, na suv berishadi, na ovqat. Do‘konlarni tozalab bo‘lguncha har kuni kelar ekanmiz”.

Ozodlik Marg‘ilondagi ikkita poliklinika rahbari bilan bog‘landi. Ular bir guruh xodimlari Hunarmandlar markazidagi tozalash ishlariga jalb qilinganini tasdiqlashdi.

“O‘zim hozirgina Hunarmandlar markazidan keldim. Beshta xodimimiz o‘sha joyda. Kecha ham 5 kishini jo‘natganmiz. Bizga tepadan buyurishganini qilamiz. Prezident shu markazga kelarkan. Markazning hozirgi ahvoli prezident ko‘radigan darajada emas. Shunga tibbiyotchilarni ham yordamga chaqirishgan. Endi bu kabi hasharlar birinchi marta emasku, o‘rganib qolganmiz”, dedi shahardagi poliklinikalardan birining rahbari.

“Biz shifokorlarni bunaqa ishlarga jalb qilmaymiz”

Marg‘ilon shahar hokimligi matbuot kotibi Abdumannop Mansurov 26 may kuni Ozodlik bilan suhbatda tibbiyotchilar shikoyatini izohlar ekan, dastlab, buni bir kunlik hashar dedi, keyin esa o‘zinig gapini o‘zi inkor qildi:

“Bir kun hasharga borgan bo‘lishi mumkin. Bugun men o‘zim o‘sha joyda edim. U yerda bugun faqat mavsumiy ishchilar, ustalar bor. U yerda hashar yo‘li bilan qiladigan ishning o‘zi yo‘q. Hunarmandlar markazi deyarli tayyor holatga keldi. 1-2 kunlik ishi bo‘lishi mumkin. Ichidagi qurilish-ta’mirlash ishlarini ustalarning o‘zi qilyapti. Bizda shifokorlarni umuman unaqa ishlarga jalb qilishmaydi. Ayniqcha, bunaqa pandemiya davrida”.

Prezident Marg‘ilondagi 8 ta obyektni borib ko‘radi

Marg‘ilon shahridagi xalq tilida “TRZ bozor” nomi bilan tanilgan “Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo kompleksi” yonida yangidan qurilgan Hunarmardlar savdo markazi Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi qaroriga ko‘ra, tashkil etilgan.

Marg‘ilon shahar hokimligining yana bir mulozimiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Marg‘ilonga tashrifi 29 mayga rejalangan bo‘lib, prezident shahardagi jami 8 ta obyektni borib ko‘rishi kutilmoqda.

“Prezidentimiz hunarmandlar markazidan tashqari, Axborot- texnologiyalar markazi, Loyihalash markaziga ham boradi. Prezidentimiz Marg‘ilondagi jami 8 ta obyektni borib ko‘rishi rejalangan. Hozir nafaqat Hunarmandlar markazida, balki boshqa barcha tashrif obyektlarida tayyorgarlik ishlari qizg‘in. Jumaga ozgina vaqt qoldi, shunga tayyorgarlik avjida hozir. Lekin men tashrif obyektlarida kimlar ishlayotganidan bexabarman”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan hokimlik xodimi.

“Ichida gazi yo‘q quvurlarni sariqqa bo‘yashdi”

Marg‘ilonlik bir yigitning aytishicha, prezident tashrifiga tayyorgarlik doirasida ayrim joylarda kamchiliklarni yashirish maqsadida faqat fasadlar bezalmoqda:

“Masalan, Marg‘ilonning qoq markazidan o‘tuvchi Ahmad Yassaviy yo‘li atrofida hozir obodonlashtirish ishlari qizg‘in ketyapti. Yo‘ldagi bordyurlar bo‘yalmoqda. Eng qizig‘i shu yo‘l bo‘yida ichida gazi yo‘q trubalarni sariqqa bo‘yab qo‘yishmoqda. Xuddi ichida gaz to‘laday qilib ko‘rsatishmoqchida. Kimga kerak o‘zi bunaqa ko‘zbo‘yamachilik? Prezident bilmaydi, deb o‘ylashadimi, hayronsan bularga”.

O‘tgan yilning bahorida ham Farg‘onada prezident Mirziyoyev tashrifi oldidan uylarning fasadi bezalib, tomlarning ko‘cha tomoni qizg‘ish rangga bo‘yalgandi.

Shuningdek, o‘tgan yili Farg‘ona viloyatida Mirziyoyev o‘tish ehtimoli bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi maydonlarga ekilgan chigit ustiga sellofan plyonka tortilgandi.

Ozodlik 2015 yilning oktabrida ham Shavkat Mirziyoyev tashrifiga Farg‘onada qilingan ko‘zbo‘yamachilik haqida yoritgandi. O‘sha paytda Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanidagi Shahartepa qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan edi.

O‘sha paytda mamlakat Bosh vaziri lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning ehtimoliy tashrifi arafasida mahalliy hokimiyat vakillari “paxtamiz hali ko‘p” deya maqtanmoqchi bo‘lgan, lekin mehmon bu hududga qadam bosmagani xabar qilingandi.

O‘zbekistonda prezidentning viloyatlarga tashrifidan oldin obyektlarni chiroyli ko‘rsatish harakatlari marhum Islom Karimov davridan qolgan "an’ana".

O‘sha paytda bu tadbirlarga Bosh vazir sifatida bosh-qosh bo‘lgan Mirziyoyev tashrifiga ham ayni shunday hozirlik ko‘rish davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG