Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:13

Uzun tumanidagi sotilgan O‘lkashunoslik muzeyi davlatga qaytariladigan bo‘ldi


Uzun tumanidagi muzey binosi
Uzun tumanidagi muzey binosi

Surxondaryo viloyat, Uzun tumanidagi tadbirkorga sotilgan O‘lkashunoslik muzeyini davlatga qaytarish jarayoni boshlandi. Madaniyat vazirligi matbuot xizmatining 27 may kuni Ozodlikka bildirishicha, “muzey binosining shubhali tarzda sotib yuborilish masalasini Madaniyat vazirligi muzeylar boshqarmasi jiddiy o‘rganmoqda va yaqin orada muzey davlatga qaytariladi”.

Joriy yilning 18 may - Muzeylar kuni me’mor va qadimshunoslardan iborat faollar muzey binosining sotib yuborilgani va ichidagi eksponatlarnig izsiz yo‘q bo‘lgani yuzasidan o‘z xavotirini ijtimoiy tarmoq orqali bildirgan edi.

Surxondaryo viloyat xokimligi mulozimlari O‘lkashunoslik muzeyi binosining shubhali tarzda sotilgani va eksponatlarning izsiz yo‘qolgani haqidagi Ozodlik savoliga javob bera olmadi.

26 may kuni prezident imzolagan «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda muzeylar axamiyatiga urg‘u berilagan.

Kim oshdi tarozisidagi muzey

Ozodlikning o‘rganishicha¸ 1970 yildan beri O‘zbekiston madaniyat vazirligi balansida bo‘lgan muzey binosi 2015 yilda Uzun tuman hokimligi balansiga o‘tkazilib¸ foydalanilmay yotgan davlat mulki obyekti sifatida 2020 yil yanvar oyida “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali savdoga chiqarilgan.

Muzey binosi
Muzey binosi

Muzey binosining savdoga qo‘yilgani haqidagi e’lon:

Muzey sotilish e’loni
Muzey sotilish e’loni

E’londa sotuvga qo‘yilgan obyekt¸ muzey binosi deb nomlangan va 0106090 raqamli lot o‘laroq belgilangan. E’londa muzey binosining dastlabki narxi 328394696 so‘m qilib belgilangan. E’longa ko‘ra¸ joriy yilning 25 yanvariga qadar 1641973480 so‘m zakalat puli to‘lagan odam auksion savdosida qatnashishi mumkin. Surxondaryo viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha majmuasi xodimining 27 may kuni Ozodlikka bildirishicha, muzey joriy yilning 27 yanvarida o‘tkazilgan auksionda sotib yuborilgan. Ozodlikda bu oldi- sotdiga oid hujjat bor. Hujjatga ko‘ra¸ E 03 tartib raqamli auksion ishtirokchisi muzey binosi uchun 37140677104 so‘m taklif qilib kimoshdi savdosi g‘olibi bo‘lgan.

Muzey binosi sotilgani haqida bildirgi
Muzey binosi sotilgani haqida bildirgi

Ozodlik bilan norasmiy suhbatlashgan Uzun tuman xokimligi mulozimi muzey binosini sotib olgan E 03 raqamli ishtirokchining Surxondaryodagi mahalliy MChJ vakili ekanligi va auksion qoidalariga ko‘ra, ismi ochiqlanmasligini tushuntirdi.

Mulozimning yana aytishicha¸ tadbirkor muzey binosini to‘yxona va restoran qilish borasida biznes rejaga ega.

Muzey talon- toroj qilinganmi?

Muzey ichidagi eksponatlar
Muzey ichidagi eksponatlar

O‘zini "Uzun tuman hokimi yordamchisi Behzodman" deb tanishtirgan mulozim muzey sotilishi borasidagi savollarga javob bera olmasligi va muzey bilan bog‘liq barcha hujjatlarni viloyat xokimligiga jo‘natganligini aytish bilan kifoyalandi.

Surxondaryo viloyat xokimligi mulozimlari muzey binosining shubhali tarzda sotilgani va mingdan ziyod eksponatning izsiz yo‘qolgani haqidagi Ozodlik savoliga javob bera olmadi.

Ozodlik tasarrufida muzeyning sotilishidan sal oldingi fotolari bor. Fotolarda o‘zbekistonlik va rossiyalik taniqli rassomlar asarlari¸ Surxondaryo tarixiga oid qadimiy ko‘za va artefaktlar ko‘zga tashlanadi.

Muzeydagi asarlardan biri
Muzeydagi asarlardan biri

Surxondaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ bino sotuvga chiqarilgan paytda ichi bo‘m-bo‘sh bo‘lgan.

O‘zini Behzod deb tanishtirgan Uzun tuman hokimi yordamchisi Ozodlik muxbirining “Muzey ichidagi mingdan ziyod eksponat qayerga yo‘qoldi?” degan savolini ham javobsiz qoldirdi.

Muzeyni davlatga qaytarish uchun prezidentning yangi qarori asos bo‘ladi

Prezident qarori
Prezident qarori

O‘zbekiston Madaniyat vaziri maslahatchisi¸ vazirlik matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning 27 may kuni Ozodlikka aytishicha “Sovet konstruktiv me’morchiligi va mozaika san’ati namunasi hisoblangan muzey binosining unikalligi o‘rganib chiqilib¸ davlatga qaytarish imkoni muzeylar boshqarmasi xodimlari tarafidan o‘rganilmoqda”.

Mulozimaga ko‘ra¸ “Binoni ochiq auksionda sotib olgan tadbirkorning qonuniy huquqlari ta’minlanishi¸ u to‘lagan summa qaytarilishi ko‘zda tutilgan”.

Madaniyat vazirligi mulozimi Uzun tumanidagi muzey va shu qatori falaj yotgan boshqa o‘nlab muzeylar faoliyatini qayta tiklash joriy yilning 26 may kuni prezident imzolagan «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda aniq belgilangan.

“Bu muhim va qo‘limizni uzun qiladigan qaror kecha qabul qilindi. Pandemiya bo‘lishiga qaramasdan mamlakat prezidenti vaqt topib muzeyga borib, muzeyning ahamiyatini muximligini o‘z o‘rnagi bilan ta’kidlab ko‘rsatdi. Joylardagi muzey qadrini bilmay sotib yuboradigan maxalliy raxbarlarga yaxshi signal bu” dedi vazirlik mulozimasi.

1970 yilda Sharof Rashidov Uzun tumanidagi muzeyni ochmoqda.
1970 yilda Sharof Rashidov Uzun tumanidagi muzeyni ochmoqda.

Sharof Rashidov ochgan muzey

O‘zbekiston boshqaruv tizimlarida uzoq vaqt ishlagan va hozir nafaqada bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimining ismini aytmasdan Ozodlikka bildirishicha¸ muzey kolleksiyasi boy bo‘lgan:

“Kolleksiyada O‘zbekiston xalq rassomi Ro‘zi Choriyev asarlari bo‘lganini bilaman. Bundan tashqari Moskva¸ Leningrad va Tallin shaharlaridagi mashhur rassomlar O‘zbekiston hukumati ajratgan mablag‘ hisobidan Surxondaryodan urushga ketgan veteranlarning portret galereyasini moybo‘yoqlarda matoga chizib berishgan. Rasm romlari esa maxsus buyurtma bilan Litvaning Kaunas shahridagi badiiy kombinatda tayyorlangan edi. Bundan tashqari Surxondaryoning “Dalvarzintepa va eski Termiz hududlarida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida topilgan qadimiy ashyolar ham muzeydan o‘rin olgan edi”

Suhbatdoshga ko‘ra¸ muzey sovet davri yuksak andozalariga ko‘ra¸ respublika darajasidagi madaniyat maskani bo‘lgan:

“Muzey SSSR muzeylar boshqarmasi ro‘yxatiga kirgan.Bu ro‘yxatga oddiy tuman darajasidagi muzeylar kirmasdi.Muzeyga o‘sha davr uchun katta bo‘lgan mablag‘ respublika moliya vazirligidan muntazam ajratib turilgan. Muzeyga SSSR davridagi rahbarlar¸ sotsialistik davlatlar delegatsiyalari kelib muzey xotira kitobida yozuvlar qoldirishgan. 1977 yili Urugvay kompartiyasi lideri Arismendi muzeyga kelganiga guvohman. Bundan tashqari Afg‘oniston rahbari Babrak Karmal ham kelgan edi”.

Berlinni olgan Omonov muzeyi

Ozodlik tasarrufida muzeyning 1970 yilning may oyida ochilish tantanalari aks etgan fotolar bor. Fotolarda O‘zbekistonnining o‘sha davrdagi rahbari Sharof Rashidov lenta qirqayotgani aks etgan. Shuningdek, suratlarda Uzun tumanidan urushga ketib Berlingacha borgan¸ Berlin shahrining faxriy vatandoshi¸ Sotsialistik mehnat qahramoni O‘zbekiston KP Markaziy Qo‘mitasi a’zosi Bobomurod Omonov ham bor.

Muzeyga asos solgan Omonov Berlinni ishg‘ol qilgan
Muzeyga asos solgan Omonov Berlinni ishg‘ol qilgan

Ozodlik suhbatlashgan sobiq mulozimning ta’kidicha¸ aynan Omonov muzeyni tashkil qilishni o‘z quroldosh do‘sti Sharof Rashidovdan iltimos qilgan:

“Geroy Bobomurod Omonov. Sharof Rashidovning quroldoshi bo‘lgan. SSSR dagi dong‘i ketgan agrokomplekslardan birining raisi edi .Aynan shu kishi iltimosiga ko‘ra, Sharof Rashidov muzey uchun noyob maxsus proyekt ishlatib, unda boy muzey tashkil etgan edi. Binoning tashqi tomonida moskvalik, gruziyalik, dushanbelik, boltiqbuyi respublikalaridan taklif qilingan monumentalist rassomlar smalta materialidan xaqiqiy mozaika pannolarini ishlagan edi. Shuningdek , muzeyning ichida xam o‘sha davrning eng taniqli rassomlari ishlagan rangtasvir , grafika, haykaltaroshlik asarlari bilan boyitilgan edi. Podval qismida maxsus fond xonalarida urushdan kelgan qoraxatlar saqlangan edi”.

Muzeydagi bu asarlar izsiz yo‘qolgan
Muzeydagi bu asarlar izsiz yo‘qolgan

O‘zbekiston muzeylari tarixidan yaxshi xabardor san’atshunos Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸ Uzun tumanidagi muzey tanazzuli 1986 yilning oktabrida boshlangan:

“Paxta ishi” va “Qo‘shib yozish” jinoyatlarida ayblangan Omonov 1986 yil hibsga olingan kundan boshlab muzey tanazzulga uchradi. Omonov Termizdagi Paxta zavod qarshisidagi shahar turmasida saqlangan. So‘roqlar paytida 1987 yili jon bergan. Shundan keyin perestroyka paytlarida muzey ancha talon-toroj bo‘ldi. Keyinchalik ancha yillar muzey harajatlari mahalliy byudjet bo‘yniga ilib qo‘yilgan edi".

O‘zbekistonda 135 davlat va 99 nodavlat muzeylari faoliyat yuritadi va ularda 2 milliondan ortiq eksponatlar saqlanadi.

Muzey va galereyalardan qimmatbaho eksponat yo asarlarning yo‘qolib qolishi bir necha bor qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG