Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:42

OzodDayjest: IIB qotillikni yashirgani oqibatida “chirchiqlik manyak” yana uch kishini o‘ldirdi


O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari orasida koronavirusga chalinish holati 300 dan oshdi. Rossiya TIV vakilining o‘zbek tili maqomi borasidagi bayonoti ma’naviy agressiya deb baholandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari koronavirus aholi orasidan asosan kimlarda aniqlanayotganiga oydinlik kiritdi

O‘zbekistonda COVID-19 tashxisi qo‘yilgan tibbiyot xodimlari soni 300 nafardan oshdi, deb ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev (www.kun.uz, 25 may).

“Eng ko‘p aniqlangan holat – infeksiya birinchi kirib kelgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Sababi birinchidan, tibbiyot xodimlari ham, aholi ham bu infeksiyaga tayyor emas edik. Nimaga tayyor emas edik? Niqoblarimiz ham, kombinezonlarimiz ham bor edi. Lekin ularni to‘g‘ri ishlatib, to‘g‘ri foydalanib faoliyat ko‘rsatmasligimiz natijasida mana shunday holatlar yuzaga kelgan”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonda nafaqat karantinga olinganlar, balki aholi orasida ham virus yuqtirish holatlari kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash rasmiysi aholi orasida koronavirus asosan qaysi toifada uchrayotganiga ham oydinlik kiritgan.

“To‘g‘risini aytish kerak, ko‘proq ishlayotgan aholi o‘rtasida virus aniqlanish holatlari kuzatilmoqda. O‘z navbatida ishlab kelgan aholi uyiga kelib, oila a’zolariga ham virusni yuqtirish holatlari bor”, - degan B.Yusupaliyev.

Sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etmaslik holati ko‘payayotganidan tashvish bildirgan mansabdor bu ahvolda kasallik yanada ko‘payishi va avvalgi qat’iy karantin choralari qayta tiklanishi mumkinligidan ogohlantirgan. Suhbatda kuzga borib koronavirusga chalinishning ikkinchi to‘lqini kuzatilishi ehtimoli ham tilga olingan.

Qozoqboy Yo‘ldoshev: Zaxarova xonim o‘zbek rasmiylarining milliy g‘ururi yo‘q deb o‘ylaydimi?..

Taniqli adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning O‘zbekistonda davlat tilining maqomi masalasida bildirgan iddaoli bayonotiga javoban maqola yozdi (“Ishonch”, 26 may).

“Zaxarova oyim shunchaki gapirib qo‘ymadi, balki o‘z davlatining siyosiy doktrinasini ilgari surdi. Bu xonim juda yaxshi biladi suveren davlatning ishiga aralashish mumkin emasligini, ammo O‘zbekistonga egaman mamlakat deb qaragisi kelmaydi. Bu xildagi da’voni Boltiqbo‘yi respublikalari, Gurjiston yoki ­Armanistonga esa aslo qilolmaydi... Balki, o‘zbek rasmiylari juda sust, ularning milliy g‘ururi, siyosiy ori anov-manovdan junbushga kelavermaydi, deb o‘ylar, balki hamon Maskovni iqtidorda, deb hisoblar”,- deb yozdi olim.

Qayd etilishicha, Kreml rus tilidan strategik niyatlari yo‘lida taktik qurol sifatida foydalanmoqda.

“Rossiya juda ko‘p yillardan buyon o‘zining geosiyosiy niyatlariga asosan til muammolarini bahona qilib erishib kelmoqda. Chechendan tortib, Moldova, Lugansk, Donbass, Qrim singari o‘lkalarda rus tilida so‘zlovchi “mazlumlar” huquqini himoya qilish niqobi ostida Rossiya o‘z bosqinchilik mo‘ljallarini amalga oshirdi... Sog‘lom mantiq kelgindining borgan ­joyiga moslashishini taqozo qiladi. Faqat bosqinchining mantig‘igina borgan joyini o‘ziga bo‘ysundirishni ko‘zda tutadi”, - dedi professor Q.Yo‘ldoshev.

Taniqli olim o‘zbeklarning o‘z farzandlarini hamon rus maktablarida o‘qitayotgani sababini ham ochiqlagan.

“O‘zbeklarning bolalarini rus tilidagi maktab­larda o‘qitishga urinishi sababi bu tilga bo‘lgan muhabbat tufayli emas, balki yurtimizda kutilgan o‘zgarish­lar bo‘lishiga ishonchsizlik sabablidir. Ko‘pchilik tub o‘zgarish­lar bo‘lib, qashshoqlik bartaraf etilishiga, ish o‘rinlari ko‘payishiga ishonmaydi. Chunki bir yigit umriga teng vaqt mobaynida bunday ishonchga asos beradigan hech narsa qilinmadi. Odamlar nafaqat o‘zlarining, balki bolalarining-da mardikorlik, gastarbayterlik qismatini bo‘yniga oldilar”, - deya kuyunib yozadi professor Q.Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror: Chirchiq IIB qotillikni yashirgani oqibatida uchta fuqaro o‘ldirilgan, bir qizning nomusi toptalgan

Toshkent viloyati Chirchiq tumani IIB vakillari odam o‘ldirish jinoyatini yashirgani oqibatida qotil yana bir necha og‘ir jinoyatlarni sodir etgan (www.xabar.uz, 22 may). Bu haqda bosh prokuror Nig‘mattilla Yo‘ldoshev o‘z hisobotida ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, 2006 yilda chirchiqlik fuqaro Qamchiqboyeva tanishi Husainovga qarzga bergan 300 AQSh dollarni so‘rab borganida, qarzdor tomonidan o‘ldiriladi. Shundan keyin ayolni qidirib uning ukasi, so‘ng onasi Husainovning oldiga keladi va ular ham qotillik qurboniga aylanadi.

Hamma balo shundaki, bir oilaning uch a’zosi yo‘qolgani haqida ularning yaqinlari bergan ariza Chirchiq shahar IIBda qayd etilmay, yo‘q qilib yuborilgan! Qotilliklar yuzasidan 13 yil davomida tekshiruv va qidiruv ishlari sansalorlikka solib kelingani oqibatida Husainov o‘tgan vaqt davomida yana uchta fuqaroning umriga zomin bo‘lish, shuningdek, voyaga etmagan bir qizning nomusini toptashga ulgurgan.

“Agarda Xusainovning birinchi jinoyati o‘z vaqtida fosh etilganida edi, uch nafar fuqaro qotillik qurboniga, yosh qizcha esa jabrlanuvchiga aylanmagan bo‘lardi”, - degan bosh prokuror.

Qotil sodir etgan jinoyatlari uchun umrbod ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoyatni yashirgan IIB vakillari nomi va ularga tayinlangan jazo turi ochiqlanmagan.

Bosh prokurorga ko‘ra, 2019 yilda sodir etilgan jinoyatlarni qasddan yashirganlik holati bo‘yicha 25 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning 21 nafari sud tartibida javobgarlikka tortilgan.

XS
SM
MD
LG