Линклар

Шошилинч хабар
10 июл 2020, Тошкент вақти: 08:37

SpaceX yutug‘ini rossiyalik rasmiylar alamzadalik bilan qarshiladi


Amerikalik astronavtlar Dag Xerli va Robert Benken SpaceX shirkatining Crew Dragon fazoviy kemasida tarixiy parvozga hozirlik ko‘rmoqda.

30 may kuni ikki NASA astronavti tarixda ilk bor xususiy kompaniya kemasi bortida fazoga parvoz qilgani jahon bo‘ylab nishonlandi.

AQShning fazo sohasidagi an’anaviy raqibi Rossiyada esa rasmiylar va Kreml tarafdorlari qariyb o‘n yilda ilk marotaba Amerika tuprog‘idan amerikalik astronavtlar Xalqaro fazo stansiyasiga (XFS) parvoz qilganini zaharxandalik va istehzo bilan qarshiladi.

31 may kuni «Roskosmos» matbuot kotibi Vladimir Ustimenko Tvitterda «Crew Dragon» kemasi muvaffaqiyatli parvoz qilishi ortidan yuzaga kelgan jazavani anglash mushkul. Sodir bo‘lgan narsa ancha oldin sodir bo‘lishi kerak edi. Endilikda nafaqat rossiyaliklar, balki amerikaliklar ham XFSga uchmoqda. Nimayam derdim, ajoyib!» deb yozdi.

Senator Aleksey Pushkov esa, o‘z Telegram kanalida «Xalqaro fazo stansiyasiga parvoz qilishdi, Marsga emas», deb yozdi.

Ustimenko va Pushkov kabi, milliarder tadbirkor Ilon Mask asos solgan SpaceX shirkati muvaffaqiyatiga qoyil qolmagan rossiyaliklar ko‘p bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, tahlilchilar Rossiya koinotga parvozlar bo‘yicha qariyb 10 yil davom etgan monopoliyasidan va mo‘may daromad manbasidan ayrilib qolganini aytishmoqda.

Ayrim sharhlovchilar bu holat Rossiyani oqsoqlayotgan fazo sanoatini isloh qilishga undashini aytishmoqda.

2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilib olib, Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilarni dastaklay boshlagani uchun G‘arb davlatlari Moskvaga qarshi sanksiya joriy qilishi ortidan «Roskosmos» direktori Dmitiriy Rogozin G‘arb o‘zi qazigan chohga o‘zi tushadi degan edi.

Shuningdek, Rogozin Twitterda istehzo bilan «Fazo sanoatimizga qarshi sanksiyalarni tahlil qilgach, AQShga o‘z astronavtlarini Xalqaro fazo stansiyasiga batut orqali yuborishni tavsiya qilaman», deb yozgandi.

SpaceX asoschisi Mask muvaffaqiyatli parvoz ortidan NASA direktori Jeyms Braydenstayn ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Batut ish berdi», deya hazillashdi.

Maskning istehzoli hazili kremlparast teleboshlovchi Vladimir Solovyov e’tiborini qaratdi. Solovyov o‘z Telegram kanalida «Batut ish berdi. “Roskosmos” qanday javob qaytaradi? To‘p endi biz tomonda. Shoshilish shart emas. Mask o‘z javobini bir necha yil davomida tayyorladi», deb yozdi.

Solovyov, shuningdek, Nevrotik Telegram kanali xabarini bo‘lishdi. Nevrotik ma’muri «Uzoq paytga cho‘zilgan ichuvchilik tanaffusidan keyin, 2-sonli fazo giganti qaytdi. Buni yaxshi yangilik deb qabul qilish kerak: aks holda biz ularni sog‘inib qolardik va ishonchli raqib va hamkorsiz qolardik», deb yozdi.

1 iyun kuni esa bloger Maksim Kononenko Rossiya fazo sohasidagi boshqa sohalarda ham faxrlansa arziydigan natija ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga qarshi dorini ma’qullaganini nazarda tutib, «biz virusga qarshi samarali (bu muhim) dori ishlab chiqaradigan sanoqli davlatlar qatoridamiz», deb yozdi blogger.

Kononenko «fazoga parvoz qilish, tabiiyki, dahshat, ammo bu 50 yil oldin modada edi», deb yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus davosi esa «ayni damda» juda kerakdir.

XS
SM
MD
LG