Линклар

Шошилинч хабар
13 июл 2020, Тошкент вақти: 06:37

Matbuot kotibi: Farg‘ona hokimi G‘aniyevning aytganlari achchiq ustida og‘zidan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin


So‘xliklarga tahdid qilgan mulozim, 31 may, 2020. Bu surat Ozodlikka taqdim qilingan videodan olindi

Ozodlik so‘xliklarga tahdid qilgan mulozim bilan bog‘liq shov-shuvli video va audiolarga oid tafsilotlarni aniqladi. Bu video va audiolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.

So‘x chegarasini yopish, tumandagi "janjalchi qishloqlarni xaritadan o‘chirish"ni aytib, tahdid qilgan shaxs Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekani rasman tasdiqlandi.

Viloyat hokimi matbuot xizmati rahbari, jurnalist Muhammadjon Obidovga ko‘ra, so‘xliklar bilan uchrashuv payti G‘aniyev tomonidan qilingan tahdidlarning barchasi achchiq ustida aytilgan.

“Aslida G‘aniyev so‘xliklarga nisbatan juda mehribon va e’tiborli”, dedi Obidov Ozodlik bilan suhbatda 4 iyun kuni.​

So‘xliklarga tahdid qilgan mulozim - Shuhrat G‘aniyev

1-2 iyun kunlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va audioyozuvda bir mulozim So‘x chegarasini yopish, tumandagi "janjalchi qishloqlarni xaritadan o‘chirish", ushbu qishloqlarga ta’minotni to‘xtatishini aytib, oshkora tahdid qilgandi.

Tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan ushbu videolardagi mulozim yuziga niqob taqqani sabab uning kimligi noaniq qolayotgandi. Ayrimlar videodagi mulozim Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekanini taxmin qilayotgandi, biroq bunga biror rasmiy tasdiq yo‘q edi.

Oradan ikki kun o‘tib Ozodlik videodagi niqobli mulozim shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

So‘xliklarga tahdid qilgan mulozim Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekanini uning matbuot kotibi Muhammadjon Obidov inkor qilmadi. (Ozodlik Muhammadjon Obidov bilan 4 iyun kuni ertalab suhbatlashdi).

Obidovga ko‘ra, G‘aniyevning So‘x chegarasini yopish, "janjalchi qishloqlarni xaritadan o‘chirish" kabi tahdidlari achchiq ustida aytilgan:

- U (G‘aniyev- tahr) so‘xliklarni juda qattiq hurmat qiladi va So‘xga nisbatan boshqa shahar va tumanlardagi odamlarga nisbatan ikki barobar mehribon. Endi bu (G‘aniyevning tahdidlari nazarda tutilmoqda, tahr) achchiq ustida og‘zidan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Bundan boshqa gap emas. Bu uning yuragidagi yoki rejasidagi gaplar emas.

Shuningdek, G‘aniyev o‘sha uchrashuv payti so‘xliklarning noshukurligi haqida maxsus maqola tayyorligini va uni matbuot orqali e’lon qilishini aytib, so‘xliklarga tahdid qilgandi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:57 0:00
Бевосита линк

Muhammadjon Obidovning Ozodlikka aytishicha, G‘aniyev aytgan maqola aslida yo‘q bo‘lib, hokim o‘sha gapni ham achchiq ustida aytgan:

- Hech qanday “So‘xliklar noshukur” degan maqola yozilgan emas. Bunaqa maqoladan mening mutlaqo xabarim yo‘q. Men “Farg‘ona haqiqati”, “Ferganskaya pravda” gazetasining bosh muharriri sifatida rasman sizga bayonot beramanki, bu maqola tahririyatda yo‘q. Viloyat hokimligi tomonidan umuman bunaqa maqola tayyorlangan emas.

G‘aniyev toshbo‘ron qilingan, biroq jarohatlanmagan

31 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda So‘xdagi olomon tomonidan viloyat hokimi toshbo‘ron qilingani aytilgan ko‘plab videolar tarqaldi.

Фарғона вилоят ҳокими Шуҳрат Ғаниев нега Сўхда тошбўрон қилинди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:33 0:00

Videolarda harbiylar qurshovidagi niqob taqib olgan basavlat mulozimni odamlar toshbo‘ron qilayotgani aks etgan.

Toshbo‘ronga guvohlar harbiylar pinjiga yashirinishga uringan mulozimning Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ekanini iddao qilgandi.

Muhammadjon Obidov, 2 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda, kaltaklangan havorang ko‘ylakdagi mulozim Shuhrat G‘aniyev ekani haqidagi iddaolarni rad etgandi.

Biroq 4 iyun kungi Ozodlik bilan suhbatda Obidov hokim G‘aniyevning toshbo‘ron qilinganini inkor qilmadi va o‘z javobini o‘zgartirganini shunday izohladi:

- Sarvar Usmon bilan gaplashganimda (2 iyun kungi Ozodlik bilan suhbat- tahr) u video yo‘q edi. Keyin qo‘yishdi u videoni. Sarvar Usmon bilan gaplashganimda boshqa odamga tosh otilganligi to‘g‘risidagi video bor edi va u haqda so‘ragan edi. Bu odam So‘x tumanining ancha ilgari hokimi bo‘lib ishlagan Tavakkal aka ekanligini aytdim men ularga.

Obidovga ko‘ra, toshbo‘ron payti G‘aniyevga ham tosh tekkan, biroq unga og‘ir jarohat yetmagani bois tibbiy muassasaga murojaat qilmagan:

- G‘aniyevga ham otishibdi. O‘zi ham aytyaptiku: “Menga tosh tegdi” deb.

Ozodlik: Qayeriga tekkan tosh?

- Yo‘q, menimcha unaqa salomatligiga zarar yetkazadigan darajada bo‘lmagan. Yuz, tana qismida uning belgisi yo‘q.

Ozodlik: Demak, tibbiy yordamga murojaat qilmagan?

- Yo‘q, hech qanaqa murojaat qilmagan. O‘sha zahoti u Bosh vazir bilan keyin borganlarida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan rasmiy uchrashuvga borishdi. Qatnashdiku shundan keyin.

"G‘aniyev iste’fosi so‘ralgani uchun so‘xliklar kechirim so‘ragan"

1 iyun kuni Bosh vazir Abdulla Aripovning so‘xliklar bilan uchrashuvi payti norozi aholi Shuhrat G‘aniyevning iste’fosini talab qilgan, norozi olomon “G‘aniyev ketsin!” deya takror-takror qichqirgandi.

Obidov bu noroziliklarni “butun So‘x xalqi nomidan deb qabul qilmaslik” lozimligini aytadi:

- Odamlarning juda ko‘pi bilan men ham suhbatlashdim. Juda ko‘p odamlar bilan, so‘xliklar bilan. Ular aytyaptiki, “Bu bo‘lgan voqealarda 4 ta, 5 ta yoshlarning, hayotiy tajribasiz yoshlarning qichqiriqlari, xitoblari – bu So‘x xalqining fikri emas, So‘x xalqi bu 70 mingdan ortiq aholi, ularning o‘zining fikri bor. U 4 ta, 5 ta yoshlarning baqiriq-chaqiriqlari bu bizning xalqning nomidan emas, ularga bunaqa fikrlar aytishga biz vakolat bergan emasmiz”, deyishyapti.

Obidovga ko‘ra, 3 iyun kuni So‘xda o‘tgan yig‘ilishda, “tajribasiz yoshlar” uchun kattalar uzr so‘ragan:

- Kechagi bo‘lgan yig‘ilishda hamma odamlar o‘zining fikrini bildiryapti. O‘sha bo‘lgan voqeadan taassufini bildiryapti. Ba’zi bir odamlar kechirim so‘rayapti. "O‘sha yoshlar uchun man kechirim so‘rashga tayyorman, noto‘g‘ri ish qilishdi shular. Bu xalqning hammasining nomidan bo‘lgan gap emas", deyishdi ular.

Obidovning “so‘xliklar kechirim so‘ragani”ga oid so‘zini tasdiqlovchi hozircha boshqa biror ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

“So‘xga boshqa tumanlarga nisbatan 1,5 -2 barobar ko‘p yordam berib kelingan”

Shuhrat G‘aniyevning “so‘xliklarga muhabbati baland”ligini qayta- qayta ta’kidlagan Obidov “So‘x xalqiga juda katta va tizimli yordam uyushtirib kelingani” haqida gapirdi:

- So‘xda tog‘ning tepasida Hushyor degan qishloq bor. O‘sha yergacha gaz tortib olib borildi. Umuman tarixda bo‘lmagan. Gazni kuchaytirish stansiyalari qurildi. Ko‘chalardagi hamma eski terakdan, boshqadan qilingan simyog‘ochlar beton simyog‘ochlarga aylantirildi. Simlar hammasi almashtirildi. Maktablar ta’mirlandi. So‘xga juda katta, viloyatning boshqa tumanlariga beriladigan yordamga nisbatan So‘xga hamisha eng kamida 1,5 -2 barobar ko‘p yordam berib kelingan.

Ayni paytda prezident Mirziyoyev 3 iyun kungi videoselektorda So‘xdagi og‘ir vaziyat kecha yoki bugun paydo bo‘lmagani, u yerda odamlar ishsizlik va yashash sharoiti og‘irligidan aziyat chekib kelganini ta’kidladi.

Prezident topshirig‘i bilan So‘xga borib, u yerdagi vaziyatni o‘rgangan Bosh vazir Abdulla Aripov va uning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov So‘x uzoq vaqtdan beri o‘z holiga tashlab qo‘yilgani va so‘xliklardan xabar olinmaganini ta’kidlashdi.

XS
SM
MD
LG