Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:04

Chexiya ritsin hujumi haqida bo‘xton tarqatgan rus diplomatlarini badarg‘a qiladi


5 iyun kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomash Petrshichek bilan birgalikda matbuot anjumani  o‘tkazgan Babish ikki rus diplomati badarg‘a qilinishini bildirdi.
5 iyun kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomash Petrshichek bilan birgalikda matbuot anjumani  o‘tkazgan Babish ikki rus diplomati badarg‘a qilinishini bildirdi.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish hukumati Rossiyaning Pragadagi elchixonasda ishlovchi ikki xodimni persona non grata (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi.

5 iyun kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Tomash Petrshichek bilan birgalikda matbuot anjumani o‘tkazgan Babish ushbu choraga "ritsin fitnasi" sabab bo‘lganini aytdi.

Mart oyida ayrim chex nashrlari Rossiya razvedkasi zobiti Pragaga ritsin zaharini olib borgani haqda xabar qilgan edi.

Aslida esa bu uydirma ekani, Rossiyaning Chexiyadagi elchixonasi ishchilari o‘rtasidagi kelishmovchilik natijasida o‘ylab topilgani oshkor bo‘ldi.

- Ularning biri BIS (Xavfsizlik va ma’lumot xizmatiga) chex siyosatchilarga qarshi rejalashtirilayotgan hujum haqida atayin yolg‘on ma’lumot yuborgan, - dedi bosh vazir.

Matbuot anjumani davomida Babish va Petrshichek muxbirlardan savol olmadi. Shuningdek, ular badarg‘a qilinayotgan Rossiya elchixonasi ishchilari ismlarini oshkor qilmadi.

Rossiya elchixonasi Chexiyaning bu qarorini "do‘stona bo‘lmagan qadam" deya atadi.

Mart oyida Chexiya matbuoti Pragadagi Rossiya fan va madaniyat markazi direktori o‘rinbosari Andrey Konchakov Pragaga ritsin olib borgani, bundan maqsad Praga meri Zdenek Hrib hamda shahar tumanlari merlari Ondrjey Kolarj va Pavel Novotniylarni zaharlash ekanligini xabar qilgan edi.

Xususan, Chexiyaning Respekt jurnali xavfsizlik xizmatidagi shaxsini oshkor qilmagan manbasiga tayanib, Chexiya poytaxtiga Rossiya razvedkasi zobiti diplomatik pasport bilan kelgani va uning jomadonida ritsin zahari bo‘lganini yozdi. Keyinchalik bu shaxsning ismi Andey Konchakov ekanligi oshkor bo‘ldi.

Bu xabarlar ortidan yuqorida ismi tilga olingan uch rasmiy politsiya himoyasiga olindi.

Uchala siyosatchi ham Kreml g‘azabini keltirgan choralarni ko‘rgan.

Xususan, Hribning Pragadagi Rossiya elchixonasi oldidagi maydonni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy muxolifi va tanqidchisi bo‘lgan marhum Boris Nemsov nomi bilan atash haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlagani Kremlning qattiq qahriga uchradi.

Kolarj esa sovet marshali Konev haykalini o‘zi boshqaradigan tumandan oldirib tashlagani uchun Rossiya mediasi va siyosatchilari g‘azabiga duchor bo‘ldi.

Nihoyat, Novotniy o‘z boshqaruvidagi tumanda Kreml sotqin deb ataydigan general Vlasov diviziyasiga yodgorlik o‘rnattirdi.

Rossiya chex siyosatchilarini zaharlashni rejalashtirgani haqidagi iddaolarni rad etib, bu ayblovlarni Rossiyani yomon otliq qilish urinishlari doirasida o‘ylab topilgan uydirma deb atadi.

Rossiya bundan oldin bir necha marta xorijda o‘z dushmanlariga hujum qilishda ayblangan.

Xususan, 2018 yilda Buyuk Britaniyada Rossiya maxfiy xizmatining sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishi ortidan Rossiyaga qarshi qator mamlakat sanksiya joriy qildi.

XS
SM
MD
LG