Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:16

Turkmaniston. O‘quvchilar yozgi lagerlarda dam olish o‘rniga kartoshka kovlayapti


Turkmanistonda maktab bolalari yozgi ta’tilda o‘ynash va hordiq chiqarish o‘rniga jazirama issiqda hukumatga tegishli fermalarda kartoshka kovlamoqda. Maktablar uyushtirgan lagerlarga bolalarini yuborgan ota-onalarning aksari farzandlari ishlashga majburlanishidan bexabar bo‘lgan.

Lebap viloyatida bir necha ota-ona Ozodlik bilan suhbatda bolalarini lagerga yuborish uchun 85 dollar to‘lashganini aytishdi. Ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ota-onalarning aytishicha, lager uyushtiruvchilari bolalarni teatr, ko‘rgazma va hayvonot bog‘lariga olib borishni va ular uchun sport o‘yinlarini uyushtirishni va’da qilishgan.

O‘rtacha oylik maosh 400 dollar bo‘lgan Turkmanistonda 85 dollar salmoqli summadir. Mamlakatda, ayniqsa, qishloq joylarda ishsizlik katta muammoga aylangan. Turkmaniston iqtisodi keyingi uch yil ichida qator qiyinchiliklarga duchor bo‘ldi: mamlakatda oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keldi, inflyatsiya keskin ko‘tarildi.

11 iyun kuni Ozodlikka intervyu bergan ota-onalarning biri bolasini 20 kunga lagerga yuborganini, 85 dollar haq kuniga ikki mahal ovqatni ham o‘z ichiga olishini aytdi.

Maktab rasmiylari bolalar nima uchun majburiy mehnatga jalb qilinayotganini izohlagani yo‘q.

Lebap viloyatining Darg‘anota tumanida yashovchi ayrim ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, maktab rasmiylari lager haqiga qurilish materiallarini xarid qilishlarini aytishgan.

Ota-onalar rasmiy shikoyat qilishdan yoki farzandlari ishlashga majburlanayotganini tanqid qilishdan hayiqishyapti, chunki Turkmaniston hukumati hech qanday tanqidga toqat qilmaydi va tanqidchilarni ayovsiz jazolaydi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan ota-onalarning aytishicha, maktab rasmiylari bolalarni ertalab soat 8:30 da dalaga olib ketadi. 9-17 yoshdagi o‘quvchilar soat 15:00 gacha ishlashga majburlanmoqda.

Ota-onalar yolg‘on lager dasturlarini va’da qilgan maktab rasmiylari farzandlariga hech qanday yegulik bermayotganini aytishdi.

- Bolalarimiz ularni ishlashga majburlashayotganini, yeyishga hech vaqo berishmayotganini aytib, shikoyat qilyapti. Uydan idishda suv va yegulik berib yuboryapmiz. Harorat 40 darajadan oshayotgani uchun idishdagi suv ichib bo‘lmaydigan darajada isib ketmoqda, - dedi Ozodlikka intervyu bergan lebaplik.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra, ayrim fermerlar bolalarga achinib, ularga sovuq suv bermoqda.

Maktab o‘quvchilari hukumatga tegishli dalalarda ishlamoqda. Bunday dalalarning ayrim qismlarini xususiy fermerlar ijaraga olgan.

Ozodlik radiosining Lebap rasmiylaridan ushbu masala bo‘yicha izoh olishga qaratilgan urinishlari samara bermadi. Turkmanistondagi rasmiylar davlatga tegishli bo‘lmagan nashrlarga intervyu berishdan qo‘rqadi.

Dalalarda ishlashga majburlanayotgan bolalar soni yoki Lebap viloyatidan boshqa viloyatlardagi vaziyat hozircha noma’lum.

Mahalliy aholi bilan suhbatlashgan Ozodlik muxbiri Darg‘anota tumanida barcha maktablar ko‘plab o‘quvchisini lagerga deb, dalaga ishlagani yuborganini xabar qildi. Maktab rasmiylari ota-onalarga bolalar 1 iyulgacha, ya’ni kartoshka kovlash mavsumi o‘z yakuniga yetgunicha ishlashga majbur ekanligini aytgan.

Turkmaniston qonunlarida bolalar majburiy mehnati man qilingan, ammo inson huquqlari faollari paxta terimi davomida ko‘p holatlarda darslar bekor qilinib, bolalar paxta terishga majburlanishini aytib keladi. Turkmaniston rasmiylari, shuningdek, davlat idoralari ishchilarini, hatto askarlarni paxta terishga majburlaydi.

2019 yilda jahon bo‘ylab paxta yetishtirish bo‘yicha 9-o‘rinni egallagan Turkmaniston rasmiylari xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatni yo‘q qilish chaqiriqlarini pisand qilmay keladi.

XS
SM
MD
LG