Линклар

Шошилинч хабар
06 июл 2020, Тошкент вақти: 10:19

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11 yilga qamaldi


Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev (chapda), jinoyat olami avtoriteti Aziz Batukayev va sobiq Bosh prokuror Indira Joldubayeva.

Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi 23 iyun kuni sobiq prezident Almazbek Atambayevni 11 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan sobiq prezident barcha davlat mukofotlaridan mahrum qilindi. Atambayev va qarindoshlariga tegishli bo‘lgan molk-mulklar musodara qilinadigan bo‘ldi.

16 iyun kuni prokuror suddan jinoyat olami avtoritetlaridan biri Aziz Batukayevni qamoqdan noqonuniy bo‘shatganlikda ayblanayotgan sobiq prezident Almazbek Atambayevni 15 yilga qamashni talab qilgan edi.

Aziz Batukayev 2013 yilda “og‘ir kasallikka chalingan va bir necha oylik umri qolgan”, degan sabab bilan qamoqxonadan ozod etilgan edi. U o‘sha kuniyoq samolyotda Qirg‘izistonni tark etgan va Chechenistondan boshpana topgan.

Mazkur jinoyat ishi doirasida Qirg‘iziston hukumatining 19 sobiq amaldori va tibbiyot xodimlari qamoqqa olingan. Almazbek Atambayevga korrupsiya ayblovi bildirilgan. 63 yoshli Atambayev ayblovni tan olmadi.

Mazkur ish doirasida Atambayev bilan birgalikda sudlangan sobiq Bosh prokuror Indira Joldubayevaga esa 5 million so‘m jarima solindi. Uning ham mol-mulki davlat foydasiga musodara qilinadi.

Shuningdek, Batukayevni “kasal ekanini tasdiqlagan” Milliy gematologiya markazining sobiq rahbari Abduhalim Raimjonov ham aybdor deb topildi. Lekin unga bildirilgan ayblov asosida jazoga tortish muddati o‘tib ketgani bois, sud zalidan ozod qilindi.

Jazoni o‘tash davlat xizmati raisining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev esa ikki yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ammo uning hibsda saqlangan kunlari hisobga olinib, jazo muddati o‘tab bo‘lingan, deb hisoblandi va sud zalidan ozod qilindi.

Sudlanuvchilarning advokatlari chiqarilgan hukmni adolatsiz, deb baholadilar va yuqori sud instantsiyasiga ishni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritishlarini bildirdilar.

Almazbek Atambayevga nisbatan sud jarayoni 23 mart kuni boshlangan edi. U yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

O‘tgan yilning 6 avgustida Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Almazbek Atambayev o‘z prezidentligi davrida kriminal avtoritet Aziz Batukayevning 2013 yilda qamoqdan noqonuniy bo‘shatilishi yuzasidan tergovga guvoh sifatida chaqirilgan edi.

Biroq u uch marta tergovga kelmagani ortidan uni majburiy olib kelish uchun Atambayevning Bishkek yaqinidagi Qo‘ytosh qishlog‘idagi uyiga militsiya bo‘linmasi jo‘natilgan.

Atambayev tarafdorlari militsiya bo‘linmalari va maxsus qismlariga ikki kun davomida qarshilik ko‘rsatishgan. Bu kunlar Qirg‘izistonda “Qo‘ytosh voqeasi”, degan nom bilan eslanadi.

8 avgust kuni Atambayev militsiyaga taslim bo‘lgan edi. U o‘shandan beri hibsda saqlanmoqda.

Bundan tashqari Almazbek Atambayev va uning o‘nlab tarafdorlariga “Qo‘ytosh voqealari” yuzasidan ham jinoyat ishlari ochilgan. Jumladan, Atambayev “Odam o‘ldirish”, “Insonlar hayotiga tahdid qilish”, “Garovga olish”, “Ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish”, “Hukumat vakiliga tahdid va zo‘ravonlik qilish” kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Mazkur ish yuzasidan hali sud jarayoni boshlanmagan.

Jinoyat olami avtoritetlaridan biri Aziz Batukayev 1966 yili Chuy viloyati To‘qmoq shahrida tug‘ilgan. U 2006 yilda narkotik moddalar bilan savdo qilish, noqonuniy qurol saqlash, odam halok bo‘lgan tartibsizlikni uyushtirish ayblovi bilan 16 yil 8 oyga qamalgandi. U 2021 yilda qamoqdan chiqishi kerak edi. Biroq 2013 yilda u “og‘ir dardga chalingan va umri oz qolgan”, degan soxta tashhis bilan qamoqdan ozod qilingan.

XS
SM
MD
LG