Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 17:36

Sardoba falokati ortidan uysiz qolganlar quruq va’dalardan toqati toq bo‘lganini aytmoqda (VIDEO)


Sardoba tuman Do‘stlik MFYdagi buzilishga tushgan 28 uy egalari har kun o‘z uylari oldida o‘tirib¸ hokimiyat vakillarining konkret qarorini kutmoqda. Surat 23 iyun kuni olingan.
Sardoba tuman Do‘stlik MFYdagi buzilishga tushgan 28 uy egalari har kun o‘z uylari oldida o‘tirib¸ hokimiyat vakillarining konkret qarorini kutmoqda. Surat 23 iyun kuni olingan.

23 iyun kuni Ozodlikka yana bir videomurojaat yuborgan Sardoba tuman "Do‘stlik" MFYdagi 28 ta uy egasi¸ ikki haftadan beri hokimiyat vakillarining o‘z talablari ijrosi bo‘yicha ish boshlashini kutib¸ toqati-toq bo‘lganini bildirdi.

8 iyun kuni mazkur uy egalari Ozodlik orqali Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib¸ Sardoba sum omborida ro‘y bergan texnogen falokat ortidan yaroqsiz holga kelgan kottej-uylari o‘rnida uy qurib berishni so‘ragan edi.

Oradan o‘tgan ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida¸ murojaatchilarning 23 iyun kuni Ozodlikka bildirishicha¸ respublika¸ viloyat va tuman darajasida turli rahbarlar kelib ketgan¸ammo masala hanuz yechimini topmagan.Sirdaryo viloyat hokimligining mazkur masala bilan bevosita shug‘ullanayotgan mulozimi¸ Do‘stlik MFYdagi 28 ta uy egasi talabining o‘rganilayotgani¸ shu hafta oxirigacha tegishli qaror chiqarilishi kutilayotganini bildirdi.

“Har kun xarobazorda aniq xabar kutamiz...”

23 iyun kuni Ozodlikka qayta bog‘langan Sardoba tumani Do‘stlik MFYda joylashgan 28 ta uy egasi¸ prezident va xalqqa qilingan murojaatdan beri¸ o‘z oldilariga ko‘p rahbar kelib¸ ko‘p va’da berganiga qaramay¸ hozirgacha “biror tosh joyidan jilmaganini” bildirdi.

Kecha rayon bug‘doy planini bajardi¸ shunga tabriklab hokim bovaga telefon qildik. “Biz kutib o‘tiribmiz¸ qachon quruvchilar kelib¸ ish boshlaydi”¸ desak ertaga dedi. Mana hozir 20 tadan ko‘pimiz ertalabdan beri kutib o‘tiribmiz¸ hech kim kelmadi”¸ deydi mahalliy vaqt bilan kunning ikkinchi yarmida Ozodlik gaplashgan uy egalaridan biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ Sardoba tuman hokimi va viloyat darajasida ayrim mulozimlar¸ suv toshqini oqibatida yashab bo‘lmaydigan holga kelgan kottej uylari o‘rnida yangi uy qurib berilishini va’da qilgan.

Ammo uyimiz o‘rnida uy qurish loyihasining tasdiqlangani haqida birorta qaror yoki hujjat yo‘q. Shunaqa qaror qo‘limizga berilmaguncha¸ uyimizni buzishlariga qo‘ymaymiz. Ertaga bo‘ladi¸ degandan beri yana ikki hafta o‘tdi. Ishonchimiz qolmadi. Ertaga hal bo‘ladi¸ degandi hokim. Ertalab kelsak¸ ichki ishlardan ikkitasi uchastkovoy bilan kelib¸ “karantin qoidasini buzyapsanlar¸ tarqalinglar¸ domga chiqsanglar bo‘lmaydimi”¸ deb asabimizga tegib ketishdi. Bugun ertalab hokimga telefon qilganimizdan keyin¸ quruvchilar o‘rniga melisa yuborishdi”¸ deydi 23 iyun kuni Ozodlik gaplashganlardan yana biri.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ maxsus komissiya qarori bilan yashashga yaroqsiz deb topilgan 28 ta uydan 8 tasi uy egalarini oldindan ogohlantirmay turib buzib tashlanganidan beri¸ qolgan uy egalari¸ jazirama issiq va uzoq masofaga qaramay¸ har kun ertalabdan o‘z uyini “qorovullash”ga qaror qilgan.

Hokimiyat vakillarining “qarorsizligi”dan charchagan sardobaliklar¸ 23 iyun kuni o‘z uylarining qanday ahvolda qolayotgani aks etgan yana bir videotasvirni Ozodlikka jo‘natdi.

Сардобадаги уй эгаларининг яна бир мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

Unda¸ uysiz qolganlarning odam yashashi uchun hech qanday sharoit yo‘q vaziyatda ekani yana bir bor o‘z aksini topgan.

Va’dalar zanjiri

8 iyun kuni Ozodlik sardobaliklar videomurojaatini e’lon qilgani ortidan Sardoba tuman hokimi Abduazim Xidirov uyi buzilishga berilgan 28 ta kottej egasi bilan yana bir bor uchrashib¸ o‘zining “xushxabar” olib kelganini bildirgan edi.

12 iyun kungi qisqa uchrashuvning Ozodlikka yuborilgan audioyozuvida hokim:

- Yaxshi xushxabar. Kecha kechqurun biz viloyatdagilar bilan bu yerga kelib¸ birma-bir ko‘rib hammasini, shunday to‘xtamga keldik. Xullas¸ buzamiz hammasini. Buzib o‘rnidan yangi quradigan bo‘ldik. Joyidan yangi uy quradigan bo‘ldik. Bular hozir loyihachilarni bugun chaqirdi viloyatga. O‘tirib hisob-kitobini qilyapti hammasining. Pulini¸ boshqasini¸ proyektini hammasini kelishyapti. Devorini g‘ishtdan qiladimi¸ panel qiladimi¸ nima qiladi. Xullaskalom¸ loyihasini bugun tugatib¸ planimiz bo‘yicha¸ ertaga kelib¸ sizlarga e’lon qilishimiz kerak. Xullas¸ yaxshi xabar¸ ko‘ngilni xotirjam qilinglar. Bu yerda o‘tirmasdan¸ borib ishlaringizni qilinglar, deydi.

Bu gapga to‘planganlar “yashang hokim bova... rahmat¸ xalq tomonida turganingiz uchun sizga”¸ deydi qarsaklar bilan xursand bo‘lib.

Uchrashuv oxirida hokim 28 uy egasiga¸ masalaga “erta-indin konkret nuqta qo‘yilishi"ni va’da qilib xayrlashadi.

Masalaga 12 iyundan beri nega “konkretniy nuqta” qo‘yilmadi?

Ozodlik 23 iyun kuni bu savolga javob topish maqsadida Sardoba tuman hokimi¸ uning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari mobil telefonlariga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi¸ ammo na hokim va na uning o‘rinbosari qo‘ng‘iroqqa javob berdi.

Sirdaryo viloyat hokimligining "Do‘stlik" MFYdagi 28 ta uy egasi bilan borayotgan so‘zlashuvlar jarayonida bevosita qatnashayotgan mulozimi¸ ular talabi ustida tuman¸ viloyat va respublika darajasidagi rahbarlar ishlayotganini bildirdi

Biz maxsus tashkilotlarni olib keltirib¸ o‘rgantirdik. Konstruktorlarni¸ “Qishloqqurilishloyiha” mutaxassislarini opkelib¸ uylarning ekspluatatsiyaga yaroqli-yaroqsizligini o‘rgandik. Haqiqatan¸ 28 ta uy yaroqsiz chiqdi. Bularning talabi bilan ishlayapmiz. Muammolarni yetqizganmiz¸ rahbarlarimiz ishlayapti. O‘zlari bilan ham hamma rahbar gaplashdi. Bularga buncha odam har kun yig‘ilmanglar¸uylaringizni buzmaymiz¸ deyapmiz. Lekin uyimizni buzib tashlash xavfi bor¸ deb hammasi o‘tiribdi”¸ dedi viloyat hokimligi mulozimi.

Uy egalarining toqati aynan ana shu “turli darajadagi rahbarlarning quruq va’dalaridan toq bo‘lgani”ni eshitgan bu mulozim¸ Sardoba tuman hokimi aytgan “masalaga konkret nuqta qo‘yish”ning ancha qiyin jarayon ekanini e’tirof qildi.

- Hozir ularga aytilgan fikr razrabotka bo‘lyapti. Kerakli tashkilotlar ishlayapti¸ loyihasi bilan¸ elektr¸ suv¸ kanalizatsiyasi bilan. 28 ta degani¸ spalniy uylardan 14 ta qurilishi kerak¸ degani. Individualniy¸ alohida proyekt. Proyektlarni ko‘rsatdik¸ mana¸ mana shunaqa bo‘ladi¸ deb. Ko‘z oldiga keltirsin¸ degan ma’noda. 28 ta uy ozgina summaga bitadigan uy emas. Ularning ikkitasi bitta uy hisoblanadi¸ ularning har bir 599 million summaga chiqqan. Hozir shuning razrabotkasi bo‘lyapti. Qaror ustida Toshkentdagi rahbarlar¸ viloyat¸ tuman birga ishlayapti.

Sardoba tuman "Do‘stlik" MFY da yashashga yaroqsiz deb topilgan 28 ta uy egasiga hokimlik vakillari mana shu loyihani taqdim qilib¸ qurilajak uylarning shu shaklda bo‘lajagini va’da qilgan.
Sardoba tuman "Do‘stlik" MFY da yashashga yaroqsiz deb topilgan 28 ta uy egasiga hokimlik vakillari mana shu loyihani taqdim qilib¸ qurilajak uylarning shu shaklda bo‘lajagini va’da qilgan.

Sirdaryo viloyat hokimligi mas’uli¸ bu “ish jarayoni”ning qachon bitkazilishi¸ Sardoba suv omboridagi texnogen falokat oqibatida uyi yaroqsiz bo‘lib qolganlarning yana qachongacha har xil kollej va boshqa yashashga moslashmagan joylarda qolishi haqida aniq gap ayta olmasligini bildirdi.

Hafta oxiriga qadar hal bo‘lsa kerak”¸ dedi bu mulozim.

Uchinchi haftadirki¸ o‘z so‘rovlari bo‘yicha qarorning “erta-indin chiqishi” haqidagi va’dalardan charchagan Do‘stlik MFY dagi 28 ta kottej egasi¸ qo‘llariga aniq hujjat berilmaguncha¸ uylarini qorovullashda davom etajaklarini aytadi.

- Ertaga deyapti¸ ertaga kelyapmiz. Indinga deyapti, indinga kelyapmiz. Yana hozir uch kun muhlat so‘rashdi. Har kuni har tarafdan kelyapmiz. Guliston¸ Paxtakor¸ Jizzaxdan kelyapmiz. Birov kollejda yashayapti¸ birov kvartirada. Bitta qo‘shnimiz avariyniy uyda 6 ta bolasi bilan yashayapti¸ na suv¸ na elektr na gaz bor. Molim qarovsiz qolmasin¸ deb o‘tiribdi ana shunday og‘ir sharoitda. Bola-chaqasini maktab¸ bog‘chada davlat boqyapti¸ boqmaydi emas. Suv toshqindan omon qolgan mol-holini boqishi kerak¸ tirikchiligi shu. 18 iyulga qizini to‘yi belgilangan¸ birorta qarindoshnikidan chiqaraman¸ deb o‘tiribdi. Suv bosgan boshqa uylar mana ta’mirdan chiqdi¸ lekin bizning uylar haliyam xaroba ahvolda turibdi¸ bu bo‘yicha hali qaror ham olinmadi. Yoz birpasda tugab¸ qish boshlansa¸ qachongacha bunaqa ko‘chmanchi bo‘lib yashaymiz. Hech kim domga ko‘chishga ko‘nmaydi. Talabimizdan qaytmaymiz¸ deydi Ozodlik bilan gaplashgan uy egalari.

1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan. Maxsus komissiya qarori bilan uyi buzilgan yoki shikastlangan aholi uchun 3 ta massivda jami 2 640 kvartirali 66 ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

15 may kuni Sardoba tumanidagi “Do‘stlik” mahallasiga borgan prezident Mirziyoyev¸ O‘zAning yozishicha¸ bu yerda quriladigan "1480 xonadondan iborat 37 ta uy poydevoriga tamal toshi qo‘ygan".

"Do‘stlik" mahallasida buziladigan 28 ta kottej egalariga ana shu domlardagi 3 xonali kvartiraga chiqish aytilgan¸ ammo ular Sardoba suv omborini qurganlar xatosi bilan yaroqsiz holga tushgan uylari o‘rnida uy qurilishini talab qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG