Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 12:12

Tadbirkorlar: COVID-19 borasida yuklatilgan javobgarlik "mantiqsiz"


Bozorlar hududi va yirik muassasalar binolarga kirish darvozalari yoniga qo‘yilgan dezinfeksiya tunneli, 2020

Uch oylik karantindan so‘ng, respublikaning yashil va sariq hududlarida ish boshlagan ayrim tadbirkorlar, COVID-19 yuqishiga sababchi bo‘lib qolsa, bemorni davolash va karantin xarajatlarini zimmasiga olishdan bosh tortmoqda.

Maxsus komissiya qarori bilan, tadbirkorlar o‘ziga tegishli hududda yoki ko‘rsatilgan xizmatidan biror kishiga koronavirus yuqqani aniqlansa, bemorni davolashga ketadigan sarf-xarajatni o‘zlari to‘lashi lozim. Bundan tashqari, bozor ma’muriyatiga ham jarima solinadi.

Aksar tadbirkorlar karantin davrida daromadini yo‘qotgani bois, bunday mablag‘ni to‘lashga tayyor emasligini¸ ayrimlari esa, koronavirusning aynan qaysi hududda yuqqanini aniqlovchi mexanizm yo‘qligi bois tadbirkorning nohaq jazolanishidan xavotir borligini aytmoqda.

Toshkent shahri, Surxondaryo, Navoiy viloyatlaridagi dehqon bozorida ishlovchi tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, ulardan COVID-19 infeksiyasi tarqalishi oldini olish uchun barcha ehtiyot chorasini ko‘rish – savdo nuqtasini dezinfeksiya va virusdan himoya vositalari bilan ta’minlash talab qilinmoqda.

Ayrim joylarda esa¸ agar tadbirkorga tegishli savdo nuqtasida kimgadir koronavirus yuqqani tasdiqlansa, bemorni davolash va boshqalarni karantinda saqlash uchun ketadigan sarf-xarajatni zimmasiga olish haqidagi tilxatga imzo qo‘yish talab qilinayotgani iddao qilinmoqda.

Jumladan, Navoiy shahridagi “Navro‘z” dehqon bozori hududida oziq-ovqat va qandolat mahsulotlarini sotadigan tadbirkor Nasimbek O‘rinov bu bozorda shunday talab bo‘layotganini bildirdi.

“Shaxsan menga xali tilxat qo‘l qo‘yasiz, deb aytishmadi hali. Lekin boshqalarga aytishibdi. Bu mantiqsiz talab axir: xaridor mening do‘konimga kirguncha, yana 10 tasiga kirib-chiqqan bo‘lishi mumkin. Bozorga kirguncha ham, boshqa joylarni aylangan bo‘lishi mumkin. Uni qanday aniqlaydi? Shuning uchun, men bunaqa hujjatga aslo qo‘l qo‘mayman”.

Ushbu bozorda savdo qiluvchi boshqa bir tadbirkorga ko‘ra, bozor ma’muriyatiga ham¸ virus shu hududda tarqalgani aniqlansa¸ eng kam ish haqining 5 barobarigacha jarima solinishi aytilgan.

“Bozorqo‘mlarga aytishibdi: ochish mumkin, faqat bozor ma’muriyati va tadbirkor, virus chiqadigan bo‘lsa, bemorni davolash uchun ketadigan xarajatni zimmasiga olishi kerak, deb. Bozor ma’muriyati eng kam ish haqini 5 barobarigacha jarima to‘larkan, bozorchilar esa, kimning do‘konida chiqqan bo‘lsa, kasalga ketadigan xarajatni to‘larkan. Shunga bozorchilarni o‘zi ochilishga qo‘rqyapti hozir. Hech qanaqa tilxatga imzo chekmaymiz, deyishyapti”.

“Navro‘z” dehqon bozori ma’muriyatidan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Zarafshon shahar hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Shohmirzayev bilan ham bog‘lanib bo‘lmadi.

Ayni mazmundagi murojaatlar boshqa viloyatlardagi oziq-ovqat va dehqon bozorlarida ishlayotgan tadbirkorlardan ham kelmoqda.

Ayni paytda, 3 oylik karantin – savdosiz-daromadsiz o‘tgan katta tanaffusdan so‘ng ish boshlayotgan kiyim-kechak va maishiy buyum bozorlaridagi tadbirkorlarga ham qator talablar qo‘yilgan.

Jumladan, Toshkentning “O‘rikzor” bozorida savdo qilayotgan tadbirkorning aytishicha, bozor ma’muriyati har bir sotuvchidan o‘z do‘konini tsellofan bilan to‘sish¸ bundan tashqari, aptechka, termometr, dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlashni talab qilgan.

“O‘rikzor”ga kirishda 4 ta tunnel qilingan, lekin har bir do‘konda ham bu narsalar bo‘lishi shart, xaridor do‘kon ichiga faqat bittadan kiritilishi shart, deyilyapti ekan. Aks holda 7 mln so‘m jarima, deyilgan. Hamma talablar og‘zaki, hech qanday hujjatga qo‘l qo‘ydirilmagan”.

Aytilishicha, bozorlarga ertalab soat 7 dan ochilish, bunga qadar soat 6da savdo majmuasi hududini xlor qorishmasi bilan tozalash talab qilinmoqda.

Ayni paytda, bunday bozorlardagi tadbirkorlar ham bozor dezinfeksiya qilingan, majmuaga kirish oldida esa dezintfeksiya tunnellari o‘rnatilgan bo‘lsa, do‘konlardan yana qo‘shimcha himoya vositalarini talab qilish shartmi, deb e’tiroz bildirmoqda.

Xususan, bu vositalarni ularda ijara puli va patta pulini olayotgan bozor ma’muriyati emas, balki tadbirkor hisobidan qilinayotgani, shuningdek, bozor hududidan virus chiqqan taqdirda, bemorni davolash va karantin xarajatlari ham aynan tadbirkor zimmasiga yuklanayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Respublika Maxsus komissiyasining 14 iyun kungi qarori bilan:

"Karantin cheklovlari sharoitida faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan tadbirkorlik subyektlariga (qurilish, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish obyektlari va b.) tegishli obyektlarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ushbu obyektlarni va shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mazkur subyektlar hisobidan qoplanishi belgilandi".

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning izohlashicha, koronavirus qayd etilgan taqdirda, avvalo epidemiologik surishtiruv o‘tkaziladi va kasallik qayerda yuqqani o‘rganiladi.

"Tadbirkorlik subyektiga kasallik yuqtirgani aybini qo‘yish asosiy maqsad emas. Tadbirkorlik subyektlari kasallik yuqtirish uchun shart-sharoit yaratib bermaganini isbotlash imkoniga ega. Buni sanitariya holatini nazorat qilib turadigan mas’ullar ham ko‘rishi mumkin", dedi bosh sanitar inspektor Otabekov 15 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Bosh inspektor javobidan tushunilishicha, tadbirkorlar virus aynan o‘z savdo nuqtasida xaridor yoki o‘ziga yuqmaganini isbotlashi uchun barcha choralarni ko‘rishi, xususan, videokamera kuzatuvini o‘rnatishi mumkin.

Ayni paytda huquqshunoslar yuqish ehtimoli juda yuqori va keng bo‘lgan koronavirusni ma’lum bir tadbirkorga tegishli obyektda yuqqan yoki yuqmaganini yuridik jihatdan isbotlash qariyb imkonsizligini e’tirof etmoqda.

"Shunday ekan, bugungi og‘ir sharoitda faoliyatini endi qayta tiklagan tadbirkor-ishbilarmonlarga mantiqsiz qaror orqali ortiqcha xarajatlarni yuklash qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini yana bir bor o‘ylab ko‘rish zarar qilmaydi. Yo‘qsa, bu ham karantin qoidalarini buzgan haydovchilaru, ularning jarima maydonlarida qolayotgan mashinalari kabi qonunsiz amaliyotga aylanib ketmasligiga kafolat yo‘q", deb sharhladi bu talabni huquqshunos Abbos Salaydinov Kun.uz nashriga.

Zarafshonlik tadbirkor Nasimbek O‘rinov, karantin davrida, u ham avtomobilidan foydalanish uchun maxsus ruxsatnoma ololmay qiynalgani, yaqinda cheklangan soatlarda foydalanish uchun ruxsatnoma olsa-da, baribir mashinasi jarima maydonchasiga tushib qolganini aytdi.

Aytishicha, bu tadbirkorning do‘konida Zarafshondagi bozorlar yopilmasidan sal avval sotib olingan katta hajmdagi oziq-ovqat va qandolat mahsulotlari qolib ketgan:

- Pechenye, shokolad kabi mahsulotlarning muddati o‘tmasa ham, qotib qolishi mumkin. Shularni sotib olish uchun yugura-yugura, oxiri cheklangan soatlarda haydash uchun mashinamga ruxsatnoma oldim. Kechki soat 4 dan 8 gacha, haftaning bir necha kunida dostavka uchun ruxsat berishdi. Lekin, tarqatiladigan mahsulotni tayyorlash uchun ertalab soat 10larda mashinamda ketayotgan paytimda, IIV xodimlari to‘xtatib, mashinamni jarima maydonchasiga olib borib qo‘yishdi. Tushuntirishga urindim, lekin bo‘lmadi. Hujjat bo‘yicha ular haq, to‘g‘ri. Ammo, amalda bunday chora tadbirkor uchun noqulayda! Muhimi, yana mening mahsulotlarim qolib ketyapti, hademay buzilsa, men shuncha mahsulotga kuyib qolamanmi?! - deydi Nasimbek O‘rinov.

Quyida tadbirkor bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:49 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonda joriy yilning 16 martidan boshlab, koronavirus epidemiyasi oldini olish maqsadida karantin joriy qilingan. Karantin choralari sifatida aholining shaxsiy avtomobilidan foydalanishi ham cheklangan, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan tadbirkorlarga esa, o‘z mashinasidan foydalanishi uchun maxsus ruxsatnomalar joriy qilingan.

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi yoyilishi va buning oldini olishga qaratilgan karantin tadbirlariga oid boshqa ma’lumotlar bilan Ozodlikning jonli blogida tanishishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG