Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2020, Тошкент вақти: 08:08

Ishsizlar soni rasman 2,5 millionga yetdi. Vaziyatni o‘nglashga davlatda pul yo‘q


O‘zbekistonga qaytish uchun Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘planib turgan migrantlarga ortda ham, oldda ham ish yo‘q.

Joriy yil boshida ishsizlar soni 1 million 400 ming atrofida edi. Shundan keyin pandemiya ta’sirida ayrim korxonalar faoliyati to‘xtagani sababli ishsizlar soni 2 million nafarga yaqinlashdi. Bundan tashqari, xorijdagi ishiga bora olmayotgan 500 ming nafarga yaqin fuqarolarimiz ham bor.

Bu ma’lumotlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov mahalliy nashrga bergan suhbatida ochiqladi.

Vazir suhbat davomida ishsizlik ko‘lamini qisqartirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Biroq Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar fikricha, bu choralar vaziyatni kardinal o‘zgartira olmaydi.

Ishsiz qolgan sotuvchi va ...ekskavator

Xorijda ishsiz qolgan 500 mingga yaqin o‘zbekistonlik orasida Moskvaga bu yil borgan andijonlik 30 yashar Manzura ham bor. Shu kundagi hayoti to‘g‘risida Manzura 25 iyunda Ozodlikka bunday dedi:

"Moskvaga 18 fevralda kelganman. Ikki hafta bozorda sotuvchi bo‘lib ishladim. Keyin kasal bo‘lib qoldim. Undan keyin karantin boshlandi. Virus mengayam yuqdi. Og‘ridim. Sog‘aydim. O‘shandan beri uyda o‘tiribman. Uyga ketolmayapman. Bu yerda tirikchiligim opamning yordamida o‘tib turibdi. Ijara haqiniyam u to‘layapti. Opam ham bir-ikki oy bekor o‘tirdi. Ruxsat berishganidan keyin ishga chiqdi. Kafeda oshpazlik qiladi".

Poplik (Namangan viloyati) 56 yashar Arabboy Qodirovning fikricha, u Mehnat vaziri aytgan 2 mln ishsiz qatorida emas. Lekin ekskavatori borligi uchun badavlat ko‘rinadigan Arabboy ham o‘zini ishsiz hisoblaydi:

“Amalda men ham ishsizman, chunki mening ekskavatorim uchun ish aholi qurilish qilsagina chiqadi. Qurilish esa, bu yil chet ellarda ishlayotganlardan keladigan pul hajmi qisqarib ketgani uchun deyarli to‘xtab qoldi. Odatda, qishda umuman ish bo‘lmaydi. Texnikamni remont qilaman. Biroq kunlar isib, qurilish mavsumi boshlanganidan beri ham ekskavatorim joyidan jilgani yo‘q. Bir so‘m pul topganim yo‘q. Demak, men ham ishsizman”.

Mehnat vaziri aytganlaridan paydo bo‘lgan savollar

Mehnat vaziri Nozim Husanovga ko‘ra, fuqaro agar Aholi bandligiga ko‘maklashish markaz(lar)iga murojaat qilsayu uning bazaviy bilimiga, sohasiga mos ish hududda topilmasa va boshqa qator mezonlarga mos kelsa ishsiz deb topiladi hamda ishsizlik nafaqasi belgilanadi.

Shunday ekan, vazir tan olgan “2 million nafarga yaqin ishsiz” ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganmi? Ularga ishsizlik nafaqasi tayinlanganmi? Bu savollarga Ozodlik Mehnat vazirligidan javob ololmadi - kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlar avtomatik javob mashinasidan nariga o‘tmadi¸vazirlik mutasaddilari bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

Ishsizlikni kamaytirish uchun nima qilinyapti?

Qishloq joylarda tomorqa, chorvachilikni rivojlantirishga harakat qilinyapti;

suv yetishmaydigan joylarga nasoslar o‘rnatildi;

xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratildi;

vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

Bu va shunga o‘xshash boshqa ma’lumotlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov mahalliy nashrga bergan suhbatida keltirgan.

Ishsizlikni kamaytirish uchun nima qilish kerak yoki Investitsiyalar va Keyns nazariyasi

Bu savolga javoban o‘zbekistonlik iqtisodchi olim, professor Xidirnazar Allaqulov Ozodlikka bunday dedi:

"Dunyo bo‘ylab bir yilda 86 trillion 400 milliard dollarlik ichki yalpi mahsulot yaratiladi. Shuning taqriban 25 foizi ish o‘rinlari yaratishga investitsiya qilinadi. Pandemiya tufayli investorlar Xitoydan qocha boshladi. O‘zbekiston shu vaziyatdan yaxshi foydalanib qolishi, buning uchun esa, yaxshi muhit yaratish, investitsiyalar kafolatini ta’minlaydigan qonunlar qabul qilish kerak. Investorlarga imtiyozlar berish, soliq tizimini o‘ynab turmaydigan qat’iy tizim qilish lozim. Investorlarga jozibali loyihalarni ko‘rsatishimiz kerak. Agar shunday qilolsak, bizda ishchi kuchi arzon, xom ashyo yetarli, xorjiy investitsiya so‘zsiz oqib keladi va ish o‘rinlari yaratiladi".

- O‘zbekiston hukumati Mehnat vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m mablag‘ ajratibdi. Jamoat ishlari jamg‘armasi imkoniyatlari bir necha, balki bir necha o‘n martaga kuchaytirilsa va shu yo‘l bilan ishsizlarni yo‘llar, ko‘priklar va shunga o‘xshash infrastruktura qurilishiga jalb etsa bo‘lmaydimi? Ozodlikning bu savoliga professor Allaqulov bunday javob berdi:

- Siz Keyns nazariyasini aytyapsiz. Ya’ni davlatning faol investitsion siyosati orqali ishsizlik ko‘lamini ozaytirish yo‘li. Xuddi shu yo‘l bilan AQSh 1930 yillardagi Buyuk depressiyadan chiqqan. Bu juda to‘g‘ri yo‘l. Lekin O‘zbekiston bu yo‘ldan bora olmaydi. Chunki mamlakat byudjetida bunday loyiha uchun pul yo‘q. Agar byudjetda pul bo‘lganida, O‘zbekiston qator xalqaro banklardan pul so‘ragan bo‘larmidi? Tashqi qarz 24 milliard dollarga yetdi. Oltinni sotish bo‘yicha dunyo bozorida birinchi o‘ringa chiqib oldik. Bu nimani bildiradi? Bu eng so‘nggi zaxiralarimizni sotishni boshladik deganidir".

Professor Allaqulovning so‘nggi fikriga boshqa bir iqtisodchi olim, O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi Saparboy Jubayev ham qo‘shildi.

"Ming afsuski, O‘zbekiston byudjeti imkoniyatlari juda cheklangan. Qiyoslash uchun: Qozog‘iston ishsizlarni ish bilan ta’minlash uchun yirik loyihalarni to‘xtatib, maktablar, kasalxonalar, yo‘llar ta’miriga 14 milliard dollar atrofida pul ajratdi. Hatto shu chora bilan ham ishsizlar soni Qozog‘istonda 500 mingdan 650 ming nafarga yetdi. O‘zbekistonda esa, byudjetning hammasi Qozog‘iston ishsizlikni jilovlashga sarflagan 14 milliard dollar hajmida xolos. Markaziy bankning 30 milliard dollarlik rezervi byudjet uchun, xalq uchun ishlatiladigan pul emas. Bu pullar banklarning puli".

Tashqi investitsiyalarni jalb qilish masalasida Saparboy Jubayev bunday dedi:

"Investitsiya olib kelish masalasi doim aytilyapti. Moliya vaziri ham yaqinda yana gapirdi. Men kuni kecha qaradim: Rossiya bu yil O‘zbekistonga 1,5 milliard dollar hajmida sarmoya yotqizishi aytilgan edi. Yil boshidan beri atigi 350 million dollar kiritilibdi. Pandemiya hamma narsani to‘xtatib qo‘ydi".

Ishsiz qolgan sotuvchi va ...ekskavator ertaga nima qilmoqchi?

Moskvaga fevralda borib, ikki haftagina ishlay olgan, keyin koronavirusga chalinib, sog‘aygan va Andijoniga qaytishni orziqib kutayotgan ishsiz Manzuraning aniq rejasi yo‘q:

“Chevarman. Kiyim tikaman. Hozircha Andijonga yetib olishni o‘ylayapman. Yetib olay, u yog‘i bir gap bo‘lar, chevarlik qilib o‘tkazarman tirikchiligimni”.

Ekskavatori borligi uchun hech kim ishsizligini tan olmaydigan poplik Arabboy Qodirov aholi uylaridagi qurilishlar to‘xtab qolgani, ishlar qachon boshlanishi noaniqligi uchun texnikasini sotmoqchi.

“Ekskavatorimni sotib, puliga issiqxona qurmoqchiman. Davlat va’da qilayotgan kreditlar qimmatga tushadi. Chunki bank pulni bermaydi, material sotadiganlarga o‘tkazib beradi. Naqd pulga qursam, arzon tushadi. Shuning uchun ekskavatorimga "sotiladi", degan e’lon ilib qo‘ydim”.

O‘zbekistonda Karimov davrida qabul qilingan ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholini hisobga olish metodikasiga ko‘ra, bitta qoramoli bor odam ham ishli hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG