Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:42

O‘zbekiston qozoq-o‘zbek chegarasida yig‘ilib qolgan 2000 ga yaqin muhojirni vataniga kiritdi


Qozoq-o‘zbek chegarasida yig‘ilib qolgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar, 2020 yil 3 iyuli.
Qozoq-o‘zbek chegarasida yig‘ilib qolgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar, 2020 yil 3 iyuli.

Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariog‘och tumanidagi koronavirus pandemiyasi tufayli yopilgan “Jibek jo‘li” chegara maskani yaqinida o‘tgan haftadan beri yurtiga qaytish ilinjida turgan ikki ming chog‘li o‘zbekistonlik muhojir 9 iyulga o‘tar kechasi chegaradan o‘tdi. Bu haqda Ozodlikning qozoq xizmatiga 9 iyul kuni Sariog‘och tumani hokimi Muxit O‘tarshiyev ma’lum qildi.

Kuni kecha tuman rasmiylari “Jibek jo‘li” posti yaqinidagi muhojirlar soni 3 mingga yetganini bildirgandilar.

O‘tgan hafta esa chegara maskani oldida Qozog‘istonga pul topish uchun kelgan o‘zbekistonlik va tojikistonliklar yig‘ilib qolgani, chegara yopiqligi tufayli ular uylariga qayta olmayotgani haqida xabar qilingandi.

Koronavirus tarqalishi vajidan mart oyidan beri chegaralarini yopib olgan O‘zbekiston karantin markazlarida joy yo‘qligi sababli nazorat-o‘tkazish maskanida turganlarni ichkariga qo‘ymayotgan edi.

Muxit O‘tarshiyevning Azattiqqa (Ozodlikning qozoq xizmati) aytishicha, 8 iyul oqshomida chegara maskani yaqinidagi avtovokzalda 3400 chog‘li muhojir yig‘ilib qolgan. Tunda ulardan 2 mingga yaqini O‘zbekiston chegarasidan o‘tgan. Bundan tashqari, hokimga ko‘ra, yana 500 kishining chegaradan o‘tishiga ruxsat berilgan.

Bu 500 kishini chegaradan o‘tkazish boshlandi. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi kechgacha bu yerda yurgan o‘zbekistonliklarning barchasi vataniga qaytishiga va’da berdi. Ayni paytda avtovokzal hududida 900 dan ziyod odam qolyapti. O‘zbekistonlik muhojirlar chegaraga kelishda davom etmoqda”, dedi O‘tarshiyev.

Tojikistonning Qozog‘istondagi elchixonasi vakillari Azattiqqa 9 iyul kuni “Jibek jo‘li” chegara maskani oldida “ellikka yaqin” tojikistonlik qolayotganini ma’lum qilgan.

Koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekiston mart oyida o‘z chegaralarini yopib qo‘ygani ortidan qo‘shni davlat vatandoshlari ham mamlakat hududi orqali o‘z yurtlariga qayta olmay qolgan. Natijada yuzlab tojikistonlik bir necha hafta mobaynida yo‘l ochilishini kutib, chegara yaqinidagi avtovokzalda yashashga majbur bo‘lgandi.

Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasida aksariyatini tojikistonlik va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tashkil etgan mingdan ziyod odam yig‘ilib qolgani haqida Ozodlik o‘tgan hafta xabar qilgan.

Kunduzlari bu yerda quyosh kuydiradi, tunlari esa sovuq. Yerlarda yotishga majbur bo‘lyapmiz, odam ko‘p, joy yo‘q, yegulik olib yeyishga pulimiz ham yo‘q”, deyishgandi chegara maskani yaqinidagi avtovokzalga yig‘ilgan muhojirlar Azattiq muxbiriga.

Undan avval, aniqrog‘i 19 iyun kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) 635 nafar tojikistonlik 14 ta avtobusda “Jibek jo‘li” nazorat-o‘tkazish maskanini tark etganini ma’lum qilgandi.

XMT ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilarning qariyb 15 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lgan. Mazkur safarni XMT Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylari bilan kelishgan holda uyushtirgan.

XS
SM
MD
LG