Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2020, Тошкент вақти: 08:27

Andijonda “O‘quvchi reydi” – ta’tildagi o‘qituvchilarga karantinda ko‘chada yurgan bolalarni “ovlash” buyurildi


Andijon tumanidagi reyd bolasi ko‘chada "bemaqsad" yurgani aniqlangan ota-onalarni jarimaga tortishni ko‘zda tutgan.

Andijon viloyat, Andijon tumanidagi 55 ta maktab rahbariga qonuniy mehnat ta’tilida bo‘lgan o‘qituvchilarni har kun ko‘chaga chiqarib¸ "bemaqsad yurgan" bolalarni ushlatish buyurildi.

Telegram messenjeri orqali maktablarning ma’naviyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga 15 iyul kuni yuborilgan buyruqning Ozodlikka yuborilgan nusxasida “O‘quvchi reydi” davomida to‘plangan axborot va suratlarning IIBga topshirilishi aytilgan.

Tuman XTB boshlig‘i muovini Doniyor Rahmonov buyruqni Telegram orqali o‘zi yuborganini, tashabbus ham o‘ziniki ekanini bildirdi.

Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilaridan biri Ozodlikka bunday "reydlarning yo‘qligi"ni aytib¸ bo‘lgan taqdirda¸ ayniqsa¸joriy karantin davrida "noqonuniy” bo‘lishini aytdi.

“O‘quvchi reydi”

15 iyul kuni Andijon tumanidagi maktab rahbarlariga yuborilgan Telegram xabarida tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudir o‘rinbosari Doniyor Rahmonov “O‘quvchi reydi” boshlanganini yozadi.

(Imlo xatolari ko‘p, tinish belgilarisiz yozilgan buyruq mazmuni tushunarli bo‘lishi uchun ayrim o‘rinlari tuzatib ko‘chirildi. Original matn suratda – tahr.)

Bugun O‘quvchi reydini o‘tkazib soat 12:00 ga axboroti va 2 dona rasm RAYaNOga olib keling. Eshikni oldida o‘zim qabul qilib olaman. Barcha maktablarnikini jamlab tuman IIB(ga) axborot kirgizaman. Profilaktika inspektorini ham o‘zilar bilan olib yursangi(z) maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ularni ham ogohlantirishgan. Aytilgan vaqtidan kech qolmang”¸ deyiladi 67 kishilik guruhga tashlangan buyruqda.

Andijon tuman XTB mudiri o‘rinbosari Doniyor Rahmonov tomonidan maktablarning ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga Telegram messenjeri orqali yuborilgan buyruq.
Andijon tuman XTB mudiri o‘rinbosari Doniyor Rahmonov tomonidan maktablarning ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga Telegram messenjeri orqali yuborilgan buyruq.

Ozodlikka bu buyruq suratini yuborgan andijonlik o‘qituvchining aytishicha¸ mazkur guruh a’zolari asosan tumandagi 55 ta maktabning ma’naviyat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va XTBning ayni yo‘nalish uchun mas’uli Rahmonov odatda ularga buyruq va ko‘rsatmalarni Telegram orqali yuborib keladi.

Bu buyruqni bugun¸ 15 iyul kuni tashladi. Deyarli hammamiz qonuniy mehnat ta’tilidamiz. Buning ustiga¸ karantin qoidalari o‘qituvchiga ham tegishli. 45 daraja issiqda har bir maktab ma’naviyat bo‘yicha otpuskada yurgan o‘qituvchisini ertalabki soat 9 da belgilangan hududga chiqarib¸ do‘kon¸ ko‘cha-ko‘yda yurgan o‘quvchilarni ushlashi kerak emish. Ularni rasmga olib¸ ma’lumotnoma yozib¸ keyin ota-onasi bilan tushuntirish o‘tkazish kerakmish. Yozgi ta’tilda bola uchun o‘qituvchi emas¸ ota-onasi mas’ulku¸ o‘qituvchini birovlarning bolasiga qo‘riqchi qilib qo‘yishga nima haqqi bor? Andijon tumanida O‘zbekiston qonunchiligi ishlamay qolgan. Bo‘lmasa¸ bu qaysi qonunchilikda bor? Majburiy mehnatning yangi-yangisini o‘ylab topishga usta biznikilar”¸ dedi ehtimoliy ta’qibdan cho‘chib¸ Ozodlik bilan shaxsi sir qolishni so‘rab gaplashgan andijonlik o‘qituvchilardan biri.

Andijon tuman ta’lim tizimidagi mutasaddilardan yana biriga ko‘ra¸ Doniyor Rahmonov ma’naviyat bo‘yicha mas’ullarga har bir hudud uchastka noziri bilan birgalikda bolasi “ko‘chada bemaqsad yurgan ota-onalar”ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-moddasi bo‘yicha akt tuzishni ham buyurgan.

“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik” deb nomlangan 47-modda¸ agar shunday huquqbuzarlik sodir etildi¸ deb topilgan taqdirda¸ ota-onalarga bazaviy hisoblash miqdorining (223 000 so‘m) ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo‘ladi.

"Bunaqa noqonuniy tashabbus bilan tuman va viloyat rahbarlariga yoqishga harakat qilishyapti. Bilasizku¸ bizning hokimlarga shunaqa yugurdaklar yoqadi"¸ deb izohladi Andijon tumanidagi "O‘quvchi reydi"ni mahalliy o‘qituvchilardan yana biri.

“O‘quvchi reydi” tashabbuschisi kim?

Ozodlik Andijon tumanida 15 iyulda boshlanishi buyurilgan “O‘quvchi reydi”ning qaysi qonuniy asosda o‘tkazilayotgani¸ uning birlamchi tashabbuschisi qaysi idora yoki vakolatli shaxs ekaniga oydinlik kiritish maqsadida Andijon tuman XTB mudiri o‘rinbosari Doniyor Rahmonovning o‘zi bilan bog‘landi.

Rahmonov 15 iyul kuni Telegram messenjeri orqali tumandagi barcha maktabning ma’naviyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlariga “O‘quvchi reydi” boshlash haqida buyruq yuborganini tan oldi.

Mulozimga ko‘ra¸ bu buyruq tashabbuschisi uning o‘zidir.

- Hozir yana karantin qoidalari kuchaytirildi. Lekin har kun o‘quvchilarning ko‘chada yurganiga¸ katta sinf o‘quvchilarining bozor va do‘konlarda ishlayotganiga guvoh bo‘lganim uchun¸ bolalarimiz sog‘lig‘ini asraylik¸ degan ma’noda shunday topshiriq berdim.

O‘z buyruq-topshirig‘ida IIBga axborot berish¸ uchastka nozirlari bilan birga yurish va ularning bunday topshiriqdan xabari borligini yozgan Rahmonov¸ Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga IIBdan qandaydir topshiriq bo‘lganini inkor qildi.

-Menga na IIB¸ na hokimiyatdan hech kim o‘qituvchilarni ko‘chaga chiqargin¸ deb buyruq bermadi. Buni o‘z tashabbusim bilan yubordim.

O‘zbekiston Mehnat qonunchiligi¸ qolaversa¸ karantin qoidalariga zid ravishda ta’tilda yurgan o‘qituvchilarga qaysi qonuniy asos yoki qaysi vakolati doirasida bunday buyruq bergani haqidagi savolga Doniyor Rahmonov “xatolikka yo‘l qo‘ygani”ni aytish bilan javob qildi.

- Hoziroq bu topshiriqqa otboy beraman. Vakolatimda bunday buyruq berish yo‘q. Lekin bolalarimizni o‘ylab¸ shunday qilsak yaxshi bo‘ladi¸ deb o‘ylabman¸ dedi 55 ta maktabdagi ma’naviyat vaziyatiga mas’ul bo‘lgan Doniyor Rahmonov.

Andijon viloyat XTBsining “O‘quvchi reydi” tashabbusidan “xabari yo‘q”!

Ozodlik Andijon tumanida 15 iyul kuni boshlangan “O‘quvchi reydi”ning viloyat ko‘lamiga yoyilgan-yoyilmagani¸ uning O‘zbekiston qonunchiligiga qanchalik mos kelishiga munosabat so‘rab¸ Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma boshlig‘ining ma’naviyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari nafaqat Andijon viloyati¸ balki Andijon tumanida “O‘quvchi reydi” degan amaliyot boshlash haqida buyruq berilganini “mutlaqo yolg‘on xabar” deb atadi.

Bunday bo‘lishi mumkin emas. Kimdir sizlarga yolg‘on xabar yuborgan. Hozir hamma joyda karantin¸ uydan chiqmaslik o‘qituvchilarga ham tegishli. Viloyatda¸ xossatan Andijon tumanida bunday narsa yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”¸ dedi viloyat mulozimi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarni hokimiyat¸ ichki ishlar¸ MIB¸ soliq idoralari kabi tizimlar ishini qilishga majburlash yillardan beri mavjud muammo.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘qituvchilarni ta’lim doirasiga kirmaydigan ishlarga majburlash oqibatida ta’lim sifatining o‘ta og‘ir ahvolga tushgani haqida tez-tez gapirib keladi.

Ammo keyingi chiqishlarida vazir o‘qituvchilarni turli ko‘rinishdagi majburiy mehnatga jalb qilinishini "uch yil oldin" gi tarix sifatida tilga olmoqda.

Xususan¸ joriy yilning 7 iyun kuni Xalqaro Press-klub Farg‘onada o‘tkazgan maxsus matbuot yig‘inida Shermatov¸ Farg‘ona viloyatidagi vaziyatga to‘xtalib¸ shunday degan edi.

Mana, o‘qituvchilar bilan gaplashdim — Farg‘ona viloyatida o‘qituvchi uch yil oldin yilning 12 oyidan 6 oyida dalada bo‘lgan. Paxtada bo‘lgan, chopiqda bo‘lgan, boshqa ishlarda... Faraz qiling, o‘qituvchi 6 oy dalada bo‘lsa, ko‘cha supurishda bo‘lsa, tashriflarda birinchi balogardon o‘qituvchi bo‘lsa, qanaqa ta’lim sifati haqida gapirish mumkin?”

Xalq ta’limi vazirligi saytida keltirilgan rasmiy statistikaga ko‘ra¸ 2019 o‘quv yilida O‘zbekistondagi 9942 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida jami 444 788 nafar o‘qituvchi 6 119 440 nafar bolaga ta’lim berish bilan shug‘ullangan.

XS
SM
MD
LG