Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 11:22

Belarus prezidenti saylovi arafasida jurnalistlarga bosim kuchaymoqda


Minskda, Brest va Gomel shaharlarida yuzlab odam qo‘lga olindi va hujumlarga uchradi. Ular orasida Ozodlik radiosining besh nafar muxbiri ham bor.

Belarusda joriy haftada mamlakat bo‘ylab sodir bo‘lgan norozilik aksiyalarini yoritgan kamida 17 nafar matbuot xodimi qo‘lga olindi. Faollar hamda inson huquqlari tashkilotlari OAV xodimlari qo‘lga olinganini keyingi oyga belgilangan prezident saylovi arafasida olib borilayotgan repressiya kampaniyasi o‘laroq baholamoqda.

14 iyul kuni Belarus Markaziy saylov komissiyasi bir necha muxolifatchining saylovda prezidentlikka nomzod sifatida qatnashish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishdan bosh tortdi. Natijada mamlakat bo‘ylab norozilik aksiyalari boshlanib ketdi.

14-15 iyul kunlari poytaxt Minskda hamda Brest va Gomel shaharlarida yuzlab odam qo‘lga olindi va hujumlarga uchradi. Ular orasida Ozodlik radiosining besh nafar muxbiri ham bor.

16 iyul kuni qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Belarus rasmiylarini matbuot xodimlariga «bosim o‘tkazish, qo‘lga olish va ayblov qo‘yishni» bas qilishga chaqirdi.

Tashkilot bildiruvida «Belarus rasmiylari saylov biroz bo‘lsa-da legitim ko‘rilishini istasalar, jurnalistlarni qo‘lga olishni va ularni javobgarlikka tortishni to‘xtatishlari kerak», deyiladi.

Belarusda sodir bo‘layotgan hodisalarni AQSh va Yevropa Ittifoqi tanqid qildi. Keyingi yillarda Amerika va YeI Belarusda inson huquqlari muntazam ravishda toptalib kelinayotgani uchun joriy qilingan sanksiyalarni yumshatgan edi.

9 avgustga belgilangan saylovda 6-marta o‘z nomzodligini ko‘rsatgan joriy prezident Alyaksandr Lukashenka g‘arb davlatlari tanqidlarini mensimay keladi.

15 iyul kuni politsiya Ozodlik muxbiri Anton Trafimovichni qo‘lga olib, kaltakladi. Buning ortidan politsiya xodimlari burni singan muxbirni politsiya avtomobiliga tiz cho‘kkalatib, kishanlab qo‘ydi. Pirovardida politsiya bo‘limiga olib ketilgan Trafimovich hech bir izohsiz qo‘yib yuborildi.

Undan bir kun oldin Ozodlik muxbirlari Ales Piletskiy hamda Andrey Rabchik Markaziy saylov komissiyasi qaroriga bag‘ishlangan jonli efir davomida politsiya tomonidan qo‘lga olindi va bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborildi.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti vazifasini bajaruvchi Deyzi Sindelar bildiruv e’lon qilib, «Hamkasblarimizga jonli efir davomida hujum qilingani hukumat mamlakatdagi hodisalar yoritilishi hamda aholiga ishonchli xabar yetib borishini to‘xtatishga urinayotganiga hech qanday shubha qoldirmaydi», dedi.

Joriy yil Lukashenka uchun mushkul bo‘lishi kutilmoqda. Belarus koronavirusga chalinish eng ko‘p qayd etilgan Yevropa davlatlaridan biridir. Jons Xopkins universiteti ma’lumotiga ko‘ra, bugunga qadar mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni 65 mingdan oshib ketdi.

Lukashenka koronavirusni ommaviy psixoz deya ta’riflab, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini pisand qilmay keladi. BMT va g‘arb davlatlari e’tirozlariga qaramay, mamlakatda keyingi oylarda yuzlab faol va bloger qo‘lga olindi va norozilik aksiyalari keskin kuch ishlatib bostirildi.

O‘tgan oyda rasmiylar ruxsat berilmagan aksiyalarga qatnashgan kamida 14 nafar jurnalistni qo‘lga oldi. May oyida esa muxolifat nomzodlari faoliyatini yoritgan besh nafar jurnalist qo‘lga olingan edi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Belarus rasmiylarini repressiyani to‘xtatib, aholining fundamental erkinliklarini hurmat qilishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG