Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2020, Тошкент вақти: 07:30

Jahon banki O‘zbekiston yalpi milliy daromadiga oid raqamlarni izohladi


6 iyulda (2020 yil) Ozodlik radiosi «Jahon banki: O‘zbekistonliklar daromadi keyingi to‘rt yil ichida keskin kamayib bormoqda» sarlavhasi ostida maqola chop etgan edi. Maqola chop etilganidan so‘ng Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Ozodlik so‘roviga binoan, quyidagi rasmiy izohni yubordi.

Maqolada Jahon bankining ochiq ma’lumotlar bazasi: Rivojlanishning global indikatorlarida keltirilgan O‘zbekistonning iqtisodiy statistikasiga oid ma’lumotlardan foydalanilgan. Maqola mualliflari O‘zbekistonning aholi jon boshiga yalpi milliy daromadi (YaMD)ning “Atlas” metodikasi asosida hisoblangan ko‘rsatkichlarini iqtibos qilib keltirib, aholi jon boshiga o‘rtacha daromad miqdori 2016 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda 2 660 AQSh dollaridan 1 800 gacha qisqarganligini ta’kidlaydilar. Mamlakat iqtisodiyoti o‘lchamini milliy valyuta o‘rniga AQSh dollarida baholash uchun ba’zida mazkur metoddan foydalaniladi. YaMD hisob-kitobi avval har bir mamlakatning milliy valyutasida ifodalanib, so‘ngra “Atlas” metodikasi bo‘yicha konvertatsiya koeffitsientini qo‘llagan holda AQSh dollariga o‘giriladi. Mazkur koeffitsient valyuta ayirboshlash kursining so‘nggi uch yil mobaynidagi o‘rtacha qiymatiga asosan hisoblanadi.

O‘zbekistonning rasmiy iqtisodiy statistikasi dastavval so‘mda ifodalanadi. So‘ngra u AQSh dollariga o‘tkaziladi, bunda so‘m dollarga hukumat tomonidan o‘rnatilgan rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha konvertatsiya qilinadi. 2017 yilning sentabr oyida hukumat valyuta kursini tartibga solish rejimini o‘zgartirish to‘g‘risida e’lon qildi, bu AQSh dollarini o‘zbek so‘miga ayirboshlash rasmiy kursining taxminan 50 foizga devalvatsiya bo‘lishiga olib keldi.

Buning natijasida, AQSh dollarida ifodalangan milliy daromad va boshqa iqtisodiy statistik ma’lumotlar ko‘rsatkichi 2017 yildan boshlab sezilarli darajada pasaygan, degan taassurot hosil bo‘ladi. Mamlakatda valyuta rejimining o‘zgartirilishi oqibatida, AQSh dollarida ifodalangan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning 2017 yilgacha bo‘lgan va undan keyingi davrdagi ko‘rsatkichlarini bir-biri bilan qiyoslash, “Ozodlik” maqolasida aytilganidek, daromadlar darajasi – yoki fuqarolarning xarid layoqati – pasaygan, degan noto‘g‘ri xulosaga olib kelishi mumkin. Aslida, ko‘rsatkichlar pasayishini valyuta ayirboshlash kursining o‘zgarishi bilan izohlash mumkin, binobarin o‘zbek so‘mida ifodalanuvchi rasmiy statistika ko‘rsatkichlari AQSh dollariga o‘girilganda kursning pasaygani hisobiga kamayadi.

Ayirboshlash kursining devalvatsiya qilinishi o‘zbekistonliklar daromadi nuqtai nazaridan nimani anglatishi va nimani anglatmasligiga oydinlik kiritish zarur. 2017 yilda ayirboshlash kursi unifikatsiya qilingunga qadar, O‘zbekistonda yashovchi aksariyat aholi so‘mni horijiy valyutaga rasmiy ayirboshlash kursi bo‘yicha almashtira olmas edi. Bunday siyosat horijiy valyutaning keng ko‘lamli muqobil bozori paydo bo‘lishiga olib kelgan edi. O‘sha paytda so‘mni AQSh dollariga ayirboshlash rasmiy kursining muqobil bozor bilan tenglashtirilishiga olib kelgan devalvatsiyasi o‘z-o‘zidan fuqarolarning xarid layoqati o‘zgarganligini bildirmas edi. Bunday vaziyatlarda, ya’ni ayirboshlash kursi devalvatsiya natijasida sezilarli ravishda o‘zgarganda, daromadlar oshgani yoki qisqargani o‘zbek so‘mida (horij valyutasida emas) baholanishi va fuqarolarning o‘z daromadlari evaziga xarid qilishi mumkin bo‘lgan narsalarni solishtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Maqolada keltirilgan bunday yanglish talqindan tashqari, mazkur maqola, jumladan, mualliflar tomonidan bildirilgan “o‘zbekistonliklarning daromadi so‘nggi to‘rt yil ichida keskin qisqardi”, degan tahlil va xulosalarni Jahon bankining nuqtai nazari sifatida taqdim etib, o‘quvchini chalg‘itadi.

Xo‘jaliklarning daromadi va farovonligida sodir bo‘lgan o‘zgarishlardagi so‘nggi tendensiyalar tahlili natijalariga ko‘ra, Jahon bankining xulosalari maqolada keltirilgan ma’lumotlardan keskin farq qiladi. O‘zbekistonning so‘mda ifodalangan rasmiy hisobotlariga ko‘ra (bu yerda keltirilgan), aholi jon boshiga daromadlar 2016 yildan buyon, hatto inflyatsiyani hisobga olganda ham, barqaror ravishda o‘sib kelgan.

Boshqa ma’lumotlar manbalari ham xuddi shunday xulosaga kelishga imkon beradi. Masalan, 2018 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Jahon bankining «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» tadqiqoti doirasida mamlakatning barcha hududlari: ham qishloq, ham shahar joylarini qamrab olgan holda, 1 500 dan ortiq oila xo‘jaliklarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plab kelmoqdamiz. Tadqiqot doirasida yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kishi boshiga o‘rtacha daromad 2019 yilning so‘nggi kvartalida avvalgi yilning ayni shu davri bilan solishtirganda, inflyatsiyani hisobga olganda, taxminan, 5,2 foizga o‘sgan va 2020 yilda COVID-19 koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar o‘sish sur’ati bundan ham jadalroq bo‘lgan.

Shuningdek, yuqorida keltirilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘z moliyaviy ahvolini keskinlashgan, deb hisoblovchi fuqarolar ulushi u qadar yuqori emas va vaqt o‘tgan sari qisqarib kelmoqda. 2018 yilning sentabr oyida, taxminan, 18 foiz aholi anketadagi “moliyaviy ahvolim ikki yil avvalgiga qaraganda yomonroq”, degan ta’kidga qo‘shilgan va 82 foizi ushbu ta’kidga qo‘shilmagan, 2020 yilning mart oyida, COVID-19 natijasida inqiroz boshlangunga qadar, o‘z moliyaviy ahvoli yomonlashganini ta’kidlovchi respondentlar soni 18 foizdan 10 foizga qadar qisqargan – bu bizning tadqiqotimizda qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonliklar daromadining o‘sishi mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sish ko‘rsatkichlari va 2017 yildan keyingi davrda biznesni qo‘llab-quvvatlash muhitining yaxshilanishiga erishilgani bilan muvofiq keladi. Shu bilan birga, daromadlarning o‘sishi iqtisodiyotning asosiy sektorlarida, jumladan, mamlakatning ko‘plab ehtiyojmand oilalari daromad manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan islohotlar natijasidir.

COVID-19 pandemiyasi dunyodagi boshqa ko‘plab mamlakatlar singari O‘zbekistonning ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekistonda COVID-19ning salbiy ta’siriga oid qo‘shimcha axborot bilan bizning yaqinda nashr etilgan “O‘zbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti doirasida to‘plangan axborot to‘g‘risidagi ma’lumotnomamizda tanishish mumkin.

XS
SM
MD
LG