Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:18

Qozog‘iston rasmiylari o‘zbek va qozoqlar istiqomat qiladigan Sho‘rnaqdagi nizoni tergov qilmoqda


Sho‘rnaqdagi vaziyat keskinlashishi oldini olish uchun Qozog‘iston rasmiylari qishloqqa qo‘shimcha politsiya kuchlarini yubordi.
Sho‘rnaqdagi vaziyat keskinlashishi oldini olish uchun Qozog‘iston rasmiylari qishloqqa qo‘shimcha politsiya kuchlarini yubordi.

Qozog‘iston janubida joylashgan tinch qishloqda etnik o‘zbeklar va qozoqlar bir necha asrdan beri yonma-yon yashab keladi.

Ammo 20 iyul kuni to‘rt qishloqni o‘z ichiga oluvchi Sho‘rnaq ovul okrugidagi Qo‘shmezgil qishlog‘idagi tinchlikka o‘zbek va qozoq yoshlar o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuv soya soldi. To‘qnashuvlar oqibatida to‘rt nafar odam, jumladan, politsiya xodimi jarohat oldi. Jabrlanganlarning biri ko‘zidan og‘ir jarohatlanib, kasalxonaga yotqizildi.

Voqeadan ikki hafta o‘tib, qishloq aholisi «bir guruh yoshlar o‘rtasida sodir bo‘lgan maishiy janjal» o‘laroq ta’riflanayotgan hodisa to‘g‘risida istamaygina gapirmoqda.

Ammo ko‘pchilik mojaroni qozoqlar va o‘zbeklar o‘rtasida sodir bo‘lgan millatlararo nizo deb atamoqda.

Vaziyat keskinlashishi oldini olish uchun Qozog‘iston rasmiylari qishloqqa qo‘shimcha politsiya kuchlarini yubordi.

To‘qnashuvdan keyin politsiya blokposti o‘rnatgani, qishloq ko‘chalarida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi otryad xodimlari qo‘riqchilik qila boshlagani xabar qilindi. Shuningdek, qishloqda komendant soati joriy qilindi.

Ko‘p millat vakillari yashaydigan Qozog‘iston rasmiylari Sho‘rnaqda yirik milliy nizo kelib chiqishi oldini olishga zo‘r berib kurashayotgani ayon.

Qishloqliklarga ko‘ra, 20 iyul kuni etnik o‘zbek Iftixor Jumadulloyev hamda etnik qozoq Almas Tolbasiyev o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

Mahalliy aholi, shu jumladan, bu ikki shaxsning qarindoshlari janjal Tolbasiyev Jumadulloyevdan tamaki chekish uchun gugurt so‘raganidan keyin boshlanganini aytadi.

Tolbasiyev hodisa ortidan qo‘lga olingan to‘rt nafar shaxsning biridir. Uning akasi Oljas Ozodlikka bergan intervyusida ukasini politsiya bo‘limiga olib borib, nima bo‘lganini so‘zlab berishni talab qilganini aytdi.

- Ukam ishdan qaytganida bir guruh yoshlarga yo‘liqib, ularning biridan gugurt so‘rabdi. Bolalar esa uni haqoratlabdi. Natijada ikki guruh aytisha boshlagan va mushtlashib ketgan, - dedi Tolbasiyev

«Ikki guruh» vakillari o‘zbek va qozoq bo‘lganiga qaramasdan, Tolbasiyev sodir bo‘lgan hodisani «shaxsiy mojaro, etnik nizo emas» deya ta’rifladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kimdir janjalni videoga yozib olib, Internetda tarqatgan.

Tolbasiyev va rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, videoning tarqatilishi mojaro haqida noto‘g‘ri fikr paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Janjalda Jumadulloyev hamda uning ukasi jarohat olgan. Mushtlash davomida qo‘li singan Jumadulloyev tergov qilinmoqda. Ukasi esa shifoxonada.

Janjal sodir bo‘lgan kuni kech bir guruh odam Jumadulloyev va uning ukasi uyini toshbo‘ron qilgan, natija uy va u yerda turgan avtomobillar derazalari singan.

Jumadulloyevning onasi Jamila Jumadulloyeva 20 iyuldan 21 iyulga o‘tar kechasi 18 nafar nevarasini uyda yashirishga majbur bo‘lganini aytdi.

Jumadulloyeva ham sho‘rnaqliklar kabi hodisani «etnik nizo emas, shunchaki katta ahamiyatga ega bo‘lmagan, oddiy janjal» deya ta’rifladi.

Internetda tarqagan videoda yuzi qonga belangan politsiya xodimini ko‘rish mumkin. Uni bir necha odam o‘rab olib, qochib ketishga urinishda ayblamoqda, politsiya xodimi esa buni rad etmoqda.

Rasmiylar videodagi zobit mushtlashayotgan taraflarni ajratishga uringanini bildirdi.

Ichki ishlar vaziri Erlan Turgumbayev janjalda qatnashganlar qo‘lga olinganini, «internetdagi provokatsiya» ortida turganlarni aniqlash bo‘ycha alohida tergov ketayotganini aytdi.

Hukumat hamda janjalda qatnashganlar oila a’zolari mojaro zamirida «entik» omil yotganini rad etayotgan bo‘lsa, qishloq turg‘unlari bunaqa voqealar «avval ham bo‘lgan»ini aytib berishdi.

Mahalliy masjid imomi Torexan Abdirazaqov keyingi oylarda o‘zbek va qozoq yoshlar o‘rtasida to‘qnashuvlar soni ko‘payganini aytdi. Ozodlik bilan suhbatda imom 20 iyul kungi mojaro yil boshidan beri ikki millat vakillari o‘rtasida sodir bo‘lgan uchinchi janjal ekanligini aytdi.

- O‘tmishda bunday muammolarni qishloq oqsoqollari yechardi, taraflarni yarashtirardi. Ammo bu safar qishloq keksalari nima sodir bo‘lganidan xabardor emas, - dedi Abdirazaqov.

Sho‘rnoq qishloq okrugining boshqa qishloqlarida ham vaziyat o‘xshash ekanligi aytilmoqda. 11 mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan Sho‘rnaqda asosan qozoq va o‘zbek millatiga mansub aholi istiqomat qiladi.

Sho‘rnoq hokimi o‘rinbosari Nishanqul Jumanova Ozodlikka bergan intervyusida o‘tgan yilda ham o‘zbek va qozoq yoshlar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lganini aytdi.

- O‘shanda mahalliy maktab o‘quvchilari mushtlashgan edi. Bir necha rasmiy, jumladan, viloyat hokimi o‘rinbosari Saken Kalmakanov, huquq-tartibot organlari va prokuratura vakillari qishloqqa kelib, vaziyatni muhokama qilgan edi¸ dedi Jumanova.

Ayrim qishloq turg‘unlari ikki millat vakillari o‘rtasidagi ziddiyat qishloq va uning maktabi nomi o‘zgartirilganidan keyin avj olganini aytishdi.

To‘rt yil oldin qishloq nomi Qizilaskerdan (o‘zbekcha «qizil askar») Qo‘shmezgilga (o‘zbekcha «qo‘sh mavsum» yoki «qo‘sh fasl») o‘zgartirilgan.

Qishloqning ayrim o‘zbek turg‘unlari esa uni Qozog‘iston janubida yashagan qadimiy urug‘ nomi bilan Sunaq deb o‘zgartirilishini xohlagan. Sho‘rnaqdagi ayrim o‘zbeklar sunaqlardan kelib chiqqaniga ishonadi.

- Ammo qozoqlar qishloq va maktabni Sunaq deb nomlashga qarshi, - dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan qishloq turg‘uni.

Qishloqning nomi Sho‘rnaq aholisi o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqargan bir necha masalaning faqat bittasidir. Ammo mahalliy aholi bu muammolar haqida so‘zlashni istamaydi.

Nur-Sulton rasmiylari esa Sho‘rnaqda hech qanday etnik muammo yo‘qligini ta’kidlamoqda. Atigi olti oy oldin etnik dunganlar hamda qozoqlar o‘rtasida entik nizo kelib chiqqan Qozog‘istonda bunday mavzular ochiq muhokama qilinmaydi.

Joriy yilning 7-8 fevral kunlari Jambul viloyatida sodir bo‘lgan millatlararo nizo 11 odam umriga zomin bo‘lgan, minglab dungan Qirg‘izistonda qochib o‘tishga majbur bo‘lgan edi.

2015 yil fevralida esa Turkiston viloyatining Bostonlik qishlog‘ida etnik qozoqlar va tojiklar o‘rtasida nizo kelib chiqqan edi.

2007 yilda esa Olmaota viloyatidagi Malovodnoye qishlog‘ida etnik qozoqlar va chechenlar janjallashdi, natijada kamida 3 nafar odam halok bo‘ldi.

Qozoq rasmiylari Qo‘shmezgildagi mojaro avj olib ketishi oldini olish uchun barcha chora ko‘rilganini aytishmoqda.

23 iyul kuni politsiya muayyan tarafni qo‘llash uchun qo‘shni qishloqlardan kelgan 40 nafar shaxsni qo‘lga oldi.

Rasmiylar hamda qishloq turg‘unlari bu shaxslar Internetda tarqatilgan videoni va uning ostida yozilgan sharhlarni ko‘rib, g‘azablanganini aytishmoqda.

Mojaroni o‘rganib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgani xabar qilindi. Politsiya va prokuratura tergovidan tashqarida razvedka xizmati ham nizoni keltirib chiqargan sabablarni o‘rganmoqda.

Qishloq aholisi esa o‘zi va yaqinlari, shuningdek, mulklaridan xavotir olyapti.

Faqat tungi soatlarda komendant soati joriy qilingan bo‘lsa-da, Qo‘shmezgil ko‘chalari kunduzi ham bo‘m-bo‘sh.

Mahalliy turg‘unlardan biri:

- Bolalarimiz xavfsizligidan xavotirlanyapmiz, - dedi.

XS
SM
MD
LG