Линклар

Шошилинч хабар
30 сентябр 2020, Тошкент вақти: 11:35

OzodDayjest: Buxoro amiridan qolgan nodir buyumlarni 500 ming dollarga sotayotgan milliy gvardiyachi qo‘lga olindi


Buxoro amirlaridan biri Olimxon. Prokudin-Gorskiy yuz il oldin olgan surat.

Qarshi hokimi vafot etgan fuqaroga yer berdi va marhumga hujjat rasmiylashtirishni yukladi. Koronavirusga chalingan hokimlar izzat-hurmat bilan poytaxtda davolayotgan paytda shifokorlarga ham e’tibor ko‘rsatish so‘raldi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Qarshi hokimi vafot etgan fuqaroga yer berdi va marhumga hujjat rasmiylashtirishni yukladi

Qarshi shahar hokimi 2017 yil vafot etgan fuqaroga 2018 yil doimiy foydalanish uchun yer berdi va marhumga hujjatlarni 10 kunlik muddatda rasmiylashtirish mas’uliyatini yukladi (www.daryo.uz, 13 avgust).

Bu haqda Qarshi shahar ma’muriy sudi raisi Azamat Xushvaqov ma’lum qilgan. Shahar hokimining marhumga yer bergani ma’muriy sudning joriy yil 16 iyuldagi majlisida fosh qilingan.

Sudyaning ma’lumot berishicha, Qarshi shahri hokimligi 2018 yil 16 oktabrdagi qarori bilan 2017 yil 25 iyun kuni vafot etgan, marhum Baxtiyor Sayfullaevga 764,2 kvadrat metr yerdan doimiy foydalanish huquqini bergan.

Eng yomoni, hokimlik marhum ularga murojaat qilgani haqida yolg‘on ma’lumot bergan.

Sud hokimning marhumga yer berish haqidagi 2018 yil 16 oktabrdagi qarorini haqiqiy emas deb topgan.

Oydinlik kiritilishicha, 2018 yil Qarshi shahriga Jamshid Fozilov rahbarlik qilgan. U xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining 2019 yil 26 oktabrdagi navbatdan tashqari sessiyasida mas’uliyatsizligi sabab ishdan olingan.

Avvalroq Chiroqchi tuman hokimi ham 2011 yil 31 dekabr kuni 2010 yil 24 noyabrda vafot etgan marhum Yu. Abdumo‘minovga yer ajratgani haqida xabar berilgandi.

Buxoro amiridan qolgan nodir buyumlarni sotayotgan ota-o‘g‘il hibsga olindi

Buxoro viloyatida amir Muzaffarxondan qolgan nodir osori atiqalarni aldov yo‘li bilan sotishga uringan sobiq IIB hamda Milliy gvardiya xodimi qo‘lga olindi (www.sof.uz, 10 avgust).

Buxoro shahrida yashovchi 65 yoshli fuqaro M.A. o‘ziga meros qolgan, amir Muzaffarxon davriga oid muhr, kamarband va muqaddas Qur’on kitobining teriga yozilgan nusxasini sotish niyati borligini ma’lum qilgan.

Bundan xabar topgan qo‘shnilari – IIBning nafaqadagi xodimi A.A. va uning o‘g‘li, Milliy gvardiya safdori B.B. vaziyatdan foydalanib, daromad orttirishni maqsad qiladi.

Ota-o‘g‘il fuqaro bilan ushbu tarixiy qiymatga ega buyumlarni sotish evaziga jami 100 ming dollar berilishiga kelishgan. Tez orada xaridor ham topilgan. Biroq xaridor A.J. 500 ming dollarga sotilayotgan ushbu buyumlar biror muzeydan o‘g‘irlanganmi yoki soxtami degan fikrga borgan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Huquq idoralari ota-o‘g‘ilni tezkor tadbir payti qo‘lga olgan. Qora rangli qimmatbaho tosh, amir Muzaffarxon davriga oid muhr, bir dona kamarband va bir dona hamyon ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirilgan.

Ota-o‘g‘ilga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Koronavirusdan vafot etayotgan shifokorlarni asrab qolish yo‘li aytildi

Koronavirusga qarshi kurash jarayonida shifokorlarning vafot etayotgani o‘rnini to‘ldirish imkonsiz bo‘lgan yo‘qotish sanaladi (www.kun.uz, 9 avgust).

Negaki, bir shifokor o‘rta hisobda 50-60 (ba’zan 100) nafargacha bemorning sog‘lig‘i uchun kurashadi. Masalan, Samarqand shahri 1-klinik shifoxonasi yetakchi shifokori, professor Ne’matilla Aralov va Toshkent shahri Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova 62 yoshda, Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Odiljon Ne’matov 43 yoshda COVID-19 dan vafot etdi.

Qayd etilishicha, bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Vaziyat jiddiyligini inobatga olib, koronavirusga chalingan vrachlarni alohida klinikada davolash taklif etilmoqda.

“Hokim minglab chaqirimdan alohida samolyot bilan olib kelinganida shifokorlar hech bo‘lmasa o‘z hududlarida alohida davolanishlarida mantiq bordek. Ichki ishlar kabi tizimlarning o‘z shifoxonalari bor, ammo bo‘zchi bo‘zga yolchimaganidek bugun shifokor o‘zining sohasiga qattiq muhtoj bo‘lib turibdi. Yuqorida aytilganidek, qonun jihatdan balki shifokorlar alohida e’tiborga molik emasdirlar. Ammo ularni yo‘qotish vaziyatni yanada chuqurlashtirib yuborishni anglatadi va bu masala sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tegishli tashkilotlarning muhokamasiga arziydi” - deb yozadi sayt.

XS
SM
MD
LG