Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2021, Тошкент вақти: 15:51

Qirg‘izistonda koronavirusdan o‘lganlar soni 437 kishiga ozaytirildi. Hukumat buni “vaziyatga obyektiv baho berish” sifatida izohladi


Qirg‘izistonda hozirga qadar virusni yuqtirib olganlar 42 325 kishi. Ularning 34885 nafari tuzalgan.

Qirg‘izistonda hukumat koronavirusdan vafot etganlar sonini qayta hisoblab chiqib, o‘lganlar sonini avvalgiga nisbatan 437 kishiga ozaytirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu odamlar boshqa kasalliklar natijasida vafot etganini, ammo anglashilmovchilik tufayli koronavirusdan o‘lganlar ro‘yxatiga tirkalib qolganini bildirdi.

Biroq mutaxassislar hukumatning bu harakatini tanqid qilib, pandemiya umrini olgan odamlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Qirg‘izistonda koronavirusdan vafot etganlar rasmiy soni 18 avgustda 29 foizga ozaydi. Bunday o‘zgarishni Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiya oqibatida vafot etganlar soni qayta o‘rganib chiqilgani bilan izohladi.

Vazir o‘rinbosari Madamin Karatayevning aytishicha, 437 bemorning boshqa kasallik oqibatida vafot etgani aniqlangan.

- Ular yurak kasalliklari, buyrak kasalliklari va boshqa sabablar bilan o‘lgan. O‘lim sabablarini aniqlash uchun komissiya tuzildi va ular joy-joylarda ish olib bordi, - dedi rasmiy.

Shunday qilib koronavirusdan vafot etganlar soni bunga qadar 1489 nafar deb hisoblangan bo‘lsa, 19 avgustda 1054 kishi deb e’lon qilindi. Shu sababli jamoatchilikda “Sog‘liqni saqlash vazirligi pandemiya qurbonlari sonini nega ozaytirishga harakat qilyapti?”, degan savol paydo bo‘ldi.

Vazir o‘rinbosari Madamin Karatayev bu savolga javob berar ekan, bunga qadar Ispaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda ham koronavirusdan o‘lganlar soni qayta hisoblab chiqilgani va ozaytirilganini aytdi. Unga ko‘ra, bu “vaziyatga obyektiv baho berish harakati”dir.

Biroq koronavirusning tarqalishi bo‘yicha tadqiqot olib borgan mutaxassis Ayjan Do‘ro‘nbekova virusdan vafot etganlar ko‘p bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi:

“Men hozir qancha odam vafot etganini aniq ayta olmayman. Biroq vafot etganlar soni rasmiy statistika ko‘rsatilganidan ancha ko‘p ekanini bilaman. Chunki ko‘plab odamlar kasalxonaga yetmay vafot etdi”, - deydi Ayjan Do‘ro‘nbekova.

Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Talantbek Batiraliyevning aytishicha, vafot etganlar sonini ozaytirish o‘rniga unga sabab bo‘lgan vaziyatlarni o‘rganish to‘g‘riroq bo‘lar edi.

“400ga yaqin bemor yurak kasalliklaridan o‘lgan”, deyishyapti. Unda ular nega koronavirus tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan? Ular koronavirusdan davolanganmi yoki yurak kasalliklariga qarshi muolajaladan o‘tganmi? Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi statistikasi mana shunday yangi savollarni paydo qilmoqda”,- deydi sobiq vazir.

Shu yilning iyul oyining ilk ikki haftasida Qirg‘izistonda koronavirus va pnevmoniyadan vafot etganlar soni juda ko‘p bo‘lgan edi. Buni Sog‘liqni saqlash vazirligi ham tasdiqlagan va epidemiya cho‘qqisi 13-19-iyulga to‘g‘ri kelganini ma’lum qilgandi.

Qirg‘izistonda hozirga qadar virusni yuqtirib olganlar 42 325 kishi. Ularning 34885 nafari tuzalgan.

XS
SM
MD
LG