Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:22

Instashou? Prezidentning kuyovi MMA prezidentligidan ketib¸ uch kundan so‘ng yana rahbarlikka qaytdi (VIDEO)


Murod Xonto‘rayev boshchiligidagi MMA kurashchilarining 17 avgust kungi videomurojaati ortidan Otabek Umarovning yana O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi rahbarligiga qaytgani xabar qilindi.
Murod Xonto‘rayev boshchiligidagi MMA kurashchilarining 17 avgust kungi videomurojaati ortidan Otabek Umarovning yana O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi rahbarligiga qaytgani xabar qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov o‘tgan hafta davomida yana ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbekistonliklar orasidagi muhokama va munozara mavzuiga aylandi.

Umarov 14 avgust kuni birvarakayiga ham Triatlon federatsiyasi¸ ham MMA assotsiatsiyasi prezidentligiga iste’fo berdi.

Federatsiyalar qo‘shma yig‘ilishida bu iste’fo qondirildi va ikkala sport uyushmasiga yangi prezidentlar ham saylandi.

Bu xabar ortidan o‘zbekistonlik jangchilar o‘zining “ko‘cha”ga aloqasini yashirmaydigan MMA vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev boshchiligida bir zalga to‘plandi.

Hammasi motamsaro ko‘rinishda bo‘lgan mmachilar Otabek Muhammadaliyevich va uning qaynotasiga ehtirosli videomurojaat qilib¸ agar Umarov rahbarlikka qaytmasa¸ bu sportning O‘zbekistonda kelajagi yo‘qligi bois undan ketish haqida ultimatum qo‘yishgacha bordi.

Xonto‘rayevning Instagram sahifasida yoyinlangan bu murojaat ortidan¸ Otabek Muhammadaliyevichni MMA prezidentligiga qaytarishni so‘rab¸ garchi O‘zbekiston assotsiatsiyasiga aloqasi bo‘lmasada¸ Umarovni o‘zining yaqin do‘sti deb ataydigan MMA chempioni Habib Nurmagamedov ham murojaat qildi.

Bunday maxsus uyushtirilgani aytilayotgan ultimatum¸ so‘rov va chaqiriqlar ortidan¸ mahalliy matbuotga ko‘ra¸ 17 avgust kuni Otabek Umarov MMA assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qaytarilgan.

Ayni paytda¸ Otabek Umarovning Triatlon federatsiyasi rahbarligiga qaytgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Otabek Umarovning “prezidentlik”ka iste’fo berishi keyingi oylar ichi O‘zbekiston 1-oilasidagi nizolarga oid ijtimoiy tarmoqda tarqab borayotgan maqolalar fonida yuz berdi.

Otabek Umarov “prezidentlik”ka nega iste’fo berdi? O‘z izohi

14 avgust kuni mahalliy matbuotda chop etilgan bayonotda Otabek Umarov bir kunda birvarakayiga ikkala sport uyushmasi prezidentligidan ketish qarorini shunday izohladi:

Sababi oddiy: Triatlon federatsiyasi ham, MMA assotsiatsiyasi ham vaqt va e’tibor talab qiladi, yangi sharoitlarda esa men buni kafolatlay olmayman”.

Umarov¸ "yangi sharoit" deganda aynan nimani nazarda tutayotganini ochiqlamadi.

Umarov DXX mulozimi ekanini esla(t)di

Aksar o‘zbekistonliklarga prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyevaning eri¸ triatlonchi va mmachilar homiysi sifatida tanilgan Otabek Umarovning o‘z qaynotasi xavfsizligi uchun asosiy mas’ullardan biri - Prezident Xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari ekani aytiladi.

Otabek Umarov DXX podpolkovnigi formasida. 2019 yil
Otabek Umarov DXX podpolkovnigi formasida. 2019 yil

Uning bu lavozimda ishlashi haqida hozirgacha biror joyda rasmiy ma’lumot berilgan emas. Ammo Shavkat Mirziyoyevning mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi safarlarida kenja kuyovning prezidentga tansoqchilik qilishi bu ma’lumotning tasdig‘i sifatida ko‘riladi.

14 avgust kungi bayonotida Umarov o‘zining hali ham davlat xizmatchisi¸ xususan¸ DXX mulozimi ekanini bevosita tasdiqladi.

Paydo bo‘lgan vaziyatda davlat xizmatini olib borish, jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar prinsipial yangi xarakter kasb etishi va misli ko‘rilmagan mas’uliyat darajasi talab qilishini yaxshi tushunib turibman. Bu menda sport tashkilotlarida egallab turgan lavozimini tark etishdan o‘zga tanlov qoldirmayapti».

Tan soqchining "prezidentligi"

Otabek Umarov 2019 yilning martida yangi tashkil etilgan Triatlon federatsiyasi¸ noyabrida esa¸ MMA assotsiatsiyasi prezidenti bo‘ldi.

Sport federatsiyalari prezidenti sifatida Umarov O‘zbekiston va uning tashqarisida katta turnirlar uyushtirdi¸xorijdagi MMA janglarini ham kanda qilmadi.

"Xalqaro maydonda O‘zbekiston obro‘sini ko‘targani" iddao qilingan bu ulkan sport tadbirlari uchun mablag‘ning qayerdan olingani hozirgacha ochiqlanmagan.

Ozodlikning bu savoliga O‘zbekiston Sport vazirligi¸ MMA assotsiatsiyasining vazirlikka aloqasi yo‘qligi va uning moliyaviy manbalari davlat idorasiga qorong‘u ekanini bildirgan edi.

O‘zbekistondagi xalqaro musobaqalar ortidan 6 -8 fevralda Nur-Sultonda o‘tkazilgan Aralash kurash san’ati xalqaro federatsiyasi yig‘inida esa Umarov Markaziy Osiyo MMA konfederatsiyasi rahbari bo‘ldi.

Prezident xavfsizligi uchun bevosita mas’ul mulozimning bunday faoliyatini sharhlagan o‘zbekistonlik taniqli siyosatshunos Alisher Ilhomov Umarovning “prezidentlikka o‘chligi” O‘zbekiston prezidenti hayotini xatar ostiga qo‘yganini yozgan edi.

Prezident xavfsizligiga tahdid oshdi. Chunki Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari (Otabek Umarov nazarda tutilmoqda _tahr.) ishga chiqmaydi. U konferensiyama-konferensiya yurishdan bo‘shamayapti. O‘zi ham prezident¸ HOZIRChA faqat sport federatsiyalari prezidenti»¸ deb sharhlagan edi Umarovning Markaziy Osiyo mmachilariga bosh bo‘lgani xabarini Ilhomov.

Prezident tansoqchisimi¸ Instagram yulduzi?

Otabek Umarov keyingi ikki yil ichida chet eldagi tanilgan shaxslar davrasidagi hashamatli hayot tarzi¸ sportchilar¸ asosan¸ MMAchilar bilan BeFit klubida birgalikda o‘tkazadigan mashg‘ulotlarini Instagramda ko‘z-ko‘z qilib keldi.

Ikki yil ichida uning bu tarmoqdagi folloverlari soni 3 milliondan oshdi.

Umarov va oilasi ochiq manbalarda biror biznes egasi sifatida qayd etilmagan. Ayni paytda¸ uning arab shayxlaridan tortib chet ellik sportchi¸ kinoaktyor¸ bloger va qo‘shiqchilarni o‘z xos ziyofatlari uchun maxsus uchqichlarda olib kelib ¸ ziyofatlari va qimmatbaho mashinalarini ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlashi bu hashamatli hayot tarzi pulini kim¸ qaysi hisobdan to‘layotgani haqidagi savollarni kun tartibiga qo‘ydi.

Qolaversa¸ prezident xavfsizligi uchun mas’ul shaxsning ijtimoiy tarmoqda o‘z hobbi va hayot tarzini reklama qilishi¸ davlat xavfsizligi uchun qanchalik xatarli ekani ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Otabek Umarovga qarashli ekani aytiladigan BeFit klubi devorida Habib Nurmagomedovning auksionda 100 ming dollarga sotilgan eski futbolkasining paydo bo‘lishi va Umarovning uni "sovg‘a" ekanini tasdiqlashi tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Mirziyoyev qizlari va kuyovlari hayot tarzining Islom Karimov qizlari va kuyovi hayoti bilan qiyoslanishi va joriy birinchi oila sha’niga tanqidlarning keskin kuchayishi ortidan Otabek Umarov 2019 yil oxiridan boshlab Instagramdagi faolligini keskin kamaytirdi.

Uning tarmoqdagi faolligi bugunga kelib asosan Habib Nurmagamedov kabi do‘stlarining postlariga like bosish bilan cheklangani ko‘riladi.

Nega ketdiyu¸ nega qaytdi?

Otabek Umarov hozircha MMA assotsiatsiyasi prezidentiga o‘rinbosar sifatida qaytganini sharhlamadi.

Ijtimoiy tarmoqda muhokama qilinayotgan bu mavzuga fikr bildirayotgan ayrim o‘zbekistonliklar buni "saroy o‘yinlari"dan kichik epizod sifatida talqin qilmoqda.

"Bu yerda ikkita sabab bo‘lishi mumkin. Birinchisi¸ ijtimoiy tarmoqda davlat mulozimi bo‘lgan Otabek Umarovning o‘zbekistonliklar orasida qashshoqlik kuchayib borayotgan bir paytda dabdabali hayotga o‘chligini namoyish qilib kelgani norozilik uyg‘otdi. Buning ortidan birinchi oilaning obro‘si tushib ketdi. Aytilishicha¸ Mirziyoyevning xalq orasidagi obro‘sini ko‘tarish uchun Rossiyadagi maxsus PIAR kompaniyalari ishlamoqda. Bu ana shu kampaniya doirasidagi harakat sifatida prezident kenja kuyovi hayotini jamoatchilik ko‘zidan panaga olishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin. Keyingi oylarda Mirziyoyevning qizlari ham¸ katta kuyovi ham jamoatchilik ko‘zidan panaga o‘tgani kuzatilmoqda.

Ikkinchisi¸ bunday chekinish Umarovni uzoq muddatli siyosiy karyeraga tayyorlash uchun qo‘yilgan qadam ham bo‘lishi mumkin"¸ dedi tarmoqlardagi bahsni kuzatib kelayotgan toshkentlik jurnalist.

XS
SM
MD
LG