Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:33

OzodDayjest: Markaziy bank o‘zbekistonliklar kamroq go‘sht iste’mol qila boshlaganini bildirdi


Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev hukumat tomonidan tizim rahbarlariga berilgan jazo adolatli ekanini ta’kidladi. Pandemiya davrida o‘zbekistonliklar oziq-ovqat mahsulotlariga kamroq mablag‘ sarflamoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi xavfsiz deb xulosa bergan to‘g‘on bo‘yicha prokuratura jinoyat ishi ochdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Botir Parpiyev: Internetni xavotir bilan kuzatadigan bo‘lib qoldik...

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev hukumat tomonidan tizim rahbarlariga berilgan jazo adolatli ekanini ta’kidladi (www.uza.uz, 20 avgust).

4 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev vazirlik rahbariyati faoliyatini jiddiy tanqid qilgan edi.

8 avgust kuni bosh vazir A.Aripov boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, uning o‘rinbosarlari Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga hayfsan e’lon qilingandi.

B.Parpiyevga ko‘ra, o‘z ishi mohiyatini to‘g‘ri tushunmaydigan viloyat, tuman va shahar tizimida ishlayotgan rahbarlar hamda o‘z vazifasiga nomunosib mahalla raislari tufayli hozirgi holat yuzaga kelgan.

“Ayniqsa, oxirgi paytlarda internet tarmoqlarini “ishqilib yana bir balo chiqmagan bo‘lsin-da mahalla haqida” degan xavotir bilan kuzatadigan bo‘lib qoldik. Chunki bizga tushgan raislardan norozi bo‘lib yozilgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarni o‘rganganimizda ko‘pincha mahalla raislari nohaq bo‘lib chiqyapti”, - degan B.Parpiyev.

2020 yil 19 avgust holatiga ko‘ra, vazirlikka mahalla raisi va xodimlari xatti-harakatidan norozilik mazmunida 5173 ta murojaat kelib tushgan.

Pandemiya davrida o‘zbekistonliklar oziq-ovqat mahsulotlariga kamroq mablag‘ sarflamoqda

Markaziy bank aholi turmush darajasi va inflyatsiya bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etdi. Bu haqda qator matbuot nashrlari xabar berdi.

Ushbu tahlil uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari bo‘yicha so‘rov (UDXS) natijalari hamda hududlar kesimidagi iste’mol narxlari indeksi (INI) ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, II chorakda barcha daromad guruhidagi aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, go‘sht bo‘yicha xarajatlari I chorakka nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Masalan, oylik daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholining oylik o‘rtacha go‘sht mahsulotlari xaridi I chorakka nisbatan 39,5 foizga yoki 107 ming so‘mga kamayib 164 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlarining kamayishi hamda xarajatlarning optimallashtirilishi bilan izohlanadi.

Ushbu so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlardan 56 foizi pandemiya sababli oilaviy daromadining kamayganini ta’kidlagan bo‘lsa, 15 foizi daromadsiz qolganini bildirgan.

Suv xo‘jaligi vazirligi xavfsiz deb xulosa bergan to‘g‘on bo‘yicha prokuratura jinoyat ishi ochdi

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi “Omondara” past bosimli suv to‘g‘oni qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga jinoyat ishi ochildi (www.kun.uz, 18 avgust).

2016 yilda foydalanishga topshirilgan ushbu inshootda bir yil o‘tmay yoriq hosil bo‘ladi.

Kun.uz nashri bundan uch oy avval mazkur holatga loyihachi, quruvchi, sohaning viloyat, respublika darajasidagi mas’ullari panja orasidan qarab kelayotgani haqida yozgan edi.

Samarqand viloyati prokuraturasiga ko‘ra, to‘g‘on qurilishida qatnashgan korxonaning mansabdor shaxslari, jumladan, “O‘zmaxsussuvqurilish ixtisoslashgan kompaniya” DK mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi hamda 209-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, “Omondara” to‘g‘onida amalga oshirilgan qurilish ishlari loyiha ko‘rsatkichlariga mos kelishini aniqlash maqsadida nazorat o‘lchovi o‘tkazilmoqda.

E’tiborga molik jihati, Kun.uz saytida dastlabki maqola e’lon qilingach, suv xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirib, ushbu to‘g‘on aholiga xavf solmasligi haqida ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG