Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 05:13

Hukumat "vahobiylar rahnamosi" deb atagan Ruhiddin Faxriddinov muddatidan avval qamoqdan chiqarildi


53 yashar Ruhiddin Faxriddinov koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan kezda tushgan surat, avgust, 2019 yil

Toshkent viloyat, Zangiota tumanidagi 14-sonli manzil koloniyada jazo o‘tayotgan sobiq imom 53 yashar Ruhiddin Faxriddinov 27 avgust kuni ozodlikka chiqarildi.

Yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Faxriddinov afv so‘rab, prezidentga yozgan maktubidan so‘ng - muddatidan 2 yil avval ozod qilingan.

Toshkentdagi “Xo‘ja Nuriddin” masjidining sobiq imomi bo‘lgan Ruhiddin Faxriddinov prezident Islom Karimovga hamda mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz kabi og‘ir ayblovlar bilan 2006 yilning yozida ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Yaqinlariga ko‘ra, Faxriddinov 27 avgust kuni ertalab jazo muddati tugashidan 2 yilu 3 oy oldin ozodlikka chiqarilgan.

"Hali ham yo‘lda, kelyaptilar. Qamoq muddati 17 yil edi, 2 yilu 3 oy oldin chiqarishdi. Afv bilan chiqdilar, prezidentga afv so‘rab, yozdirib olishgan edi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yaqinlaridan biri.

Yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Faxriddinovning qamoqdan chiqishi va uyiga borish jarayonini mahalliy telejurnalistlar to‘liq tasvirga olmoqda.

Ruhiddin Faxriddinov 2006 yil yozida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 158- (“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish”), 159- (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 242- (“Jinoiy uyushma tashkil etish”) va 244- (“Ommaviy tartibsizliklar”) kabi qator moddalarida ayblanib, 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari aybloviga ko‘ra, Ruhiddin Faxriddinov 90-yillar o‘rtalaridan O‘zbekistonda "islomiy davlat qurish yo‘lini tanlagan turli ekstremist oqimlar", jumladan, "vahobiylar oqimi rahnamolaridan biri"ga aylangan.

Ammo yaqinlari Ruhiddin Faxriddinovning esktremistik oqimlarga aloqasi borligi haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.

Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekiston SSR O‘rmon xo‘jaligi vaziri bo‘lgan Fazliddin Faxriddinovning farzandi - Ruhiddin Faxriddinov Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti arab tili bo‘limini tugatgan.

1992 yildan boshlab, besh yil davomida Toshkentdagi "Xo‘ja Nuriddin" masjidi imom-xatibi bo‘lgan.

Tanishlari va oila a’zolariga ko‘ra, aynan shu davr ichida Ruhiddin Faxriddinov hukumat bosimlariga uchray boshlagan va 1997 yilda vazifasidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan.

Iste’fosidan ko‘p o‘tmay Qozog‘istonga chiqib ketgan Faxriddinov 1998 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan.

Qidiruvga berilganidan 7 yil o‘tib - 2005 yilning 24 noyabrida u “To‘xtaboy” masjidining sobiq muazzini Abdurahmon Ibrohimov, masjid ish yurituvchisi Abdurauf Xolmurodov va yana 7 kishi bilan birga Qozog‘iston va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari Chimkentda o‘tkazgan qo‘shma amaliyot chog‘ida hibsga olingan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari Ruhiddin Faxriddinovni e’tiqod mahkumlari ro‘yxatiga kiritgan.

XS
SM
MD
LG