Линклар

Шошилинч хабар
22 апрел 2021, Тошкент вақти: 23:19

O‘quv yili boshlanishiga 5 kun qoldi. Qishloq va tuman maktablari hanuz qo‘lyuvgich, pirometr va medkabinet uchun mablag‘ topolmayotir


Andijon viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biri 9 sentabr kuni sinov tariqasida darslar boshlandi, o‘quvchilar COVID-19 filtridan o‘tmoqda.

Umumta’lim maktablarining bu yilgi o‘quv yili uchun ochilishi, ularning maxsus "COVID-19 filtr" guruhlari va kamida 2 ta maxsus medkabinetni tayyorlashiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Maktab o‘qituvchisi va rahbarlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ulardan 1 nafardan hamshira, sanitar, IIV, Milliy gvardiya xodimi iborat "COVID-19 filtr" guruhi hamda kichik maktablarda kamida 1 ta, yiriklarida esa 3 ta maxsus xonani tayyorlash talab qilinmoqda.

Qo‘yilgan talabga ko‘ra, xonalardan biri tibbiy ko‘rik, yana biri izolyator xonasi bo‘lishi lozim. Yirik maktablarda 3 tadan yotoq o‘rni bo‘lgan kamida 2 ta izolyator xonasini tayyorlash ko‘zda tutilgan. Har 30 o‘quvchiga bir qo‘lyuvgich bo‘lishi shart.

Qishloq va tumanlardagi ayrim maktablar, maxsus xonalarni tibbiy jihoz va zarur dori-darmon bilan ta’minlash uchun hanuz hokimlik mablag‘ ajratishini kutayotgani ma’lum bo‘ldi. Ularning aksarida pirometr, dezinfeksiya vositasi quyiladigan dozator yoki pulverizatorlar umuman yo‘q.

9 sentabr kuni aynan mablag‘ masalasida bayonot bergan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, mahalliy organlarni zarur bo‘lmagan boshqa sarf-harajatlarni to‘xtatib, maktab uchun mablag‘ ajratishga chaqirdi.

Xalq ta’limi vaziri mamlakat bo‘ylab umumta’lim maktablari 14 sentabr kuni ochilishi mumkinligi haqida 25 avgust kuni ma’lum qilgan edi.

Bu o‘rinda, maktablarda koronavirusga chalingan o‘quvchi va o‘qituvchilarni ostonadayoq aniqlab, tegishli choralarni ko‘ra oladigan maxsus guruh - "COVID-19 filtr" guruhi tayyor bo‘lishi shart.

Ozodlik 9 sentabr kuni gaplashgan Toshkent va viloyatlardagi bir necha yirik shahar maktablarida filtr guruhlari tayyorligi haqida ma’lumot oldi. Ammo, maxsus izolyator xonalari uchun jihozlar va o‘quvchilar issig‘ini o‘lchaydigan pirometr yoki dezinfeksiya vositasi quyiladigan dozatorlar, sepiladigan pulverizatorlar hanuz yetarli emas.

Jumladan, Toshkentning Yunusobod tumanida, 2 ming o‘quvchi o‘qiydigan umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birida ishlaydigan musiqa o‘qituvchisiga ko‘ra, 9 sentabrga kelib maktab ochilishga qariyb tayyor bo‘lgan:

“Bitta medkabinet bor edi, u yerda hamshira bilan psixolog o‘tirardi. Shuni yoniga yana bitta xona qo‘shildi – izolyator. Ichida 2 ta kushetkasi bor, medikament, stol-stullar tayyor qilindi. Maktabni eshiklariniyam ajratdik, lentalar qo‘yib, kichkina sinflar alohida eshik, o‘rtalari alohida, yuqori sinflar alohida eshikdan kiradigan qildik. Endi hozir bu xonalarni jihozlash qolgan, keyin hamma zallargayam dozatorlar qo‘yilmadi hali. Gorono (Toshkent shahar xalq ta’limi bo‘limi – tahr.) hokimiyatdan mablag‘ ajratiladi, degan”.

Shuningdek, Zarafshon shahridagi 1 ming 700 o‘quvchisi bo‘lgan maktabda ishlaydigan o‘qituvchi ham "COVID-19 filtr" qariyb tayyorligini aytdi:

“3 ta xona ajratildi bizda. Oldin bitta medkabinetda bitta hamshira o‘tirardi. Hozir, o‘sha kabinet yonidagi 2 ta omborxonani izolyator qilishdi. 3 ta xonada 3 tadan 9 ta kushetka qilindi. U xonalarni atrofi lentalar bilan to‘sildi, o‘zini alohida eshigi bor. Jihozlarni shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan olib kelishdi, yig‘ilishda aytishdi shunaqa deb. Instruksiya bilan boshlang‘ich va yuqori sinflarni eshiginiyam ajratdik, sinfxonalarga sanugolok (sanitariya gigiena buyumlari turadigan va qo‘l yuviladigan burchak – tahr.) qildik. Lekin, buni sinf rahbarlari o‘zini hisobidan qildik, qolgani davlat hisobidan”.

Ozodlik gaplashgan o‘qituvchilar va maktab rahbarlariga ko‘ra, yirik shaharlar va poytaxtlarda ochilishga qariyb hozir bo‘lgan maktablar, qishloq va tumanlarda hanuz tayyor emas.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi Nurafshon qishlog‘ida joylashgan – 280 o‘quvchi o‘qiydigan 58-umumta’lim maktabi direktori Ahad Ashurovga ko‘ra, uning maktabida tayyorgarlik bitmagan.

Direktorga ko‘ra, vazirlikdan berilgan ko‘rsatmaga binoan, maktabga kelayotgan o‘quvchilarni tegishli ko‘rikdan o‘tkazish uchun 4 kishilik maxsus guruh maktab darvozasiga qo‘yilishi lozim:

“Bitta hamshira, bitta sanitar, bitta IIV va bitta Milliy gvardiya askari eshikni oldida turishi kerak, deyishdi. Ular kirib-chiqayotgan o‘quvchilarni tekshiradi. Maktab binosida bitta oddiy medkabinet, bitta karantin xonasi bo‘lishi kerak. Biz xonalarni ajratdik, maktab hisobidagi bor pul bilan ta’mirlab qo‘ydik. Lekin jihozlar yo‘q. Tuman hokimiyati qilib beramiz, degan. Kutyapmiz”.

Uning aytishicha, har bir maktabda 30 o‘quvchiga bir dona qo‘lyuvgich bo‘lishi shart, hozir uning maktabida buni olish uchun ham yetarli mablag‘ yo‘q:

“Bizning maktab 1998 yilda ishga tushgan va o‘shanda buyon biror marta ta’mirlanmagan. Hali kovid filtrdan tashqari, ta’mir muammosi, qishda isitish tizimi muammolari bor. Lekin, bizning maktabda Chugurtma mahalla fuqarolar yig‘inining bolalari qatnaydi, aksar ota-onalar ana’naviy ta’lim turini tanlagan – ochilishimiz kerak endi”.

Direktorning aytishicha, maktabda tayyorgarlik bitganidan so‘ng, Sanitariya epideomilogiya osoyishtalik agentligi va Xalq ta’limi vazirligi hududiy boshqarmalari, shuningdek, mahalliy boshqaruv organlari vakillaridan iborat maxsus guruh maktabni nazoratdan o‘tkazadi.

Maktab tayyor deb topilgach, o‘qituvchilar koronavirus uchun test topshiradi va so‘ngra, maktab joylashgan hududdagi epidemiologik vaziyat bolalarning o‘qishga qatnashiga mone’lik qilmagan taqdirda, maktabning ochilishiga qaror qilinadi.

9 sentabr kuni, aynan shu masalada chiqish qilgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, 14 sentabrdan ochilishi aytilgan maktablarning taqdiri mahalliy hokimlik organlari ajratadigan e’tibor va mablag‘ga qarab qolganini tan oldi.

Telegram tarmog‘idagi sahifasida bergan bayonotida vazir, O‘zbekistonda maktablar ochilishi bo‘yicha qarorni faqatgina mahalliy kengash deputatlari qabul qilishini bildirdi:

“Mahalliy deputatlar maktab ochishdan avval uni pirometr, dozator (yoki pulverizator), antiseptik va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlash uchun mablag‘lar ajratilgani, maktablarga yetarli vositalar yetkazib berilganiga ishonch hosil qilganidan so‘nggina kengashda ushbu maktab faoliyatini boshlash bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin”.

Vazirga ko‘ra, agar maktab tayyor deb topilmasa, u holda o‘quvchilar o‘sha hududda ochilishga tayyor bo‘lgan boshqa maktablarga qatnaydi yoki 14 sentabrdan teledarslar orqali masofaviy ta’lim olishga majbur bo‘ladi.

Ayni paytda vazir, hozirga kelib mahalliy byudjet mablag‘larini taqsimlash vakolati berilgan Mahalliy kengashlarni, birinchi galda maktabga e’tibor qaratishga chaqirdi:

«Albatta, mahalliy byudjetda mablag‘lar yetarli bo‘lmagan sharoitda, qaysidir boshqa xarajatlarni qisqartirib, uni bu yo‘nalishlarga sarflash bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati ham aynan mahalliy kengashlarda. Masalan, tuman markazini obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratish muhimmi yoki maktablarga antiseptik vositalarni sotib olib berishmi degan savolga mahalliy kengash deputatlari javob topishlariga to‘g‘ri keladi”.

Xalq ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yiliga kelib, mamlakatdagi jami umumta’lim maktablari soni 9942 taga yetgan, ularning qariyb 72,75 foizi (7233 ta maktab) qishloqda joylashgan.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, 25 avgust kuni, Telegram tarmog‘i orqali maktablarda o‘qish 14 sentabrdan boshlanishi mumkinligini bildirgan edi.

O‘shanda vazir, bu yil umumta’lim maktablaridagi o‘qishga 3 ta ssenariy asosida hozirlik ko‘rilganini bildirgan:

1) an’anaviy maktabni ochish,

2) onlayn maktab orqali o‘qitish,

3) aralash (gibrid) ssenariy – ham an’anaviy, ham onlayn.

Vazir, bu o‘quv yili oldidan, taklif qilingan ssenariylar bo‘yicha, ota-onalar fikrini o‘rganish uchun so‘rov e’lon qilinganini bildirgan va ularni so‘rovda faol qatnashishga chorlagan.

Ozodlik 9 sentabr kuni gaplashgan maktab o‘qituvchilari hamda rahbarlariga ko‘ra, qishloq va tumanlarda ota-onalarning aksari an’anaviy ta’lim turini tanlamoqda – ya’ni, bolalarini maktabga jo‘natish istagini bildirmoqda. Boisi, qishloqlarda masofaviy ta’lim uchun yetarli mablag‘ va sifatli Internet aloqasi yo‘q.

Ammo, Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, aynan tuman va qishloqlarda maktablar pandemiya sharoitida o‘quvchilarni qabul qilishga hanuz tayyor emas.

XS
SM
MD
LG