Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 08:51

IMEI qaydi uchun shaxsiy ma’lumotlarni olib-sotuvchi "jinoiy guruh" fosh etildi. Telefonfurush uchun muammo yechimsiz qolmoqda


9 sentabrda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi chegarani kesib o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlarini telefonfurushlarga sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etilganini bildirdi.

Rasmiy bayonotdan ismi-sharifining bosh harflarigina keltirilgan “jinoiy guruh”ning to‘rt shaxsdan iborat ekani tushuniladi. Bayonotda ularning qaysi chegarada ish qilgani¸ hibsga olingan-olinmaganiga aniqlik kiritilmagan.

Bojxona qo‘mitasi bayonoti bilan ayni kunda¸ O‘zbekistonga xorijdan olib kirilgan mobil telefonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Toshkentdagi “Malika” bozoridagi tadbirkorlar Ozodlikka¸ IMEI kodlari registratsiyasi uchun o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalangan telefonfurushlarni “ovlash” jarayoni boshlanishi kutilayotganini bildirdi.

Bu tadbirkorlar¸ jarayonning chegaradan kirayotgan o‘zbekistonliklarga oid shaxsiy ma’lumotlarni “ko‘tarasiga” sotgan davlat tizimi xodimlari qolib¸ odamlardan pul evaziga ular pasport raqamini sotib olgan mayda ma’lumotfurushlar jazolanishi bilan cheklanishidan xavotir bildirdi.

Bojxona qo‘mitasi harakatga o‘tdi

28 avgust kuni Ozodlik davlat chegarasidan vataniga qaytayotgan o‘zbekistonliklarga oid shaxsiy ma’lumotlarning import qilingan mobil telefonlar IMEI kodini registratsiya qilish uchun telefonfurushlarga sotilayotgani haqida maqola e’lon qilishi ortidan¸ bu jarayonni tekshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzildi.

3 sentabr kuni Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “UZIMEI” tizimi operatori vakillaridan tuzilgan bu guruh¸ rasmiy xabarga ko‘ra¸ muammoni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab oldi.

9 sentabr kuni Davlat Bojxona qo‘mitasi shaxsiy ma’lumotlarni telefonfurushlarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan “jinoiy guruh” qo‘lga olinganini e’lon qildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi”¸ deyiladi qo‘mita rasmiy baënotida.

Ayni paytda¸ bu “jinoiy guruh”ning qo‘shni davlat hududidan¸ (taxminlarga ko‘ra¸ Qozog‘iston) O‘zbekistonga kirayotgan yuzlab o‘zbekistonlik pasportini qanday qilib qo‘lga kiritgani rasmiy xabarda ochiqlanmagan.

Ozodlikning bu haqdagi savoliga Bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati "sud yakunlariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinishi"ni bildirish bilan cheklandi.

Telefonfurushlar izohi

Bojxona qo‘mitasi ochiq qoldirgan bu jihatga qozoq-o‘zbek chegarasidagi shaxsiy ma’lumotlar savdosidan xabardor telefonfurushlardan biri aniqlik kiritdi:

O‘zbekistonga import telefonlarni uch xil toifa tadbirkor olib kiradi. Birinchisi¸ rasmiy dilerlar. Ular IMEI kodlarni yuridik shaxs sifatida registratsiya qiladi. Ikkinchisi¸ katta sondagi telefonlarni bojxonani aylanib o‘tib olib kiradigan katta kontrabandachilar. Bular odatda 1000-2000 tacha telefon olib kiradi va buncha katta sondagi telefon IMEI kodini registratsiya qilish uchun katta sondagi pasport danniylar kerak. Uchinchisi¸ yakka tartibdagi tadbirkor-telefonfurushlar. Bular asosan Dubaydan shaxsiy foydalanish uchun¸ deb olib kiradi¸ tamojnyadan tanish-bilish¸ haqini berib¸ olib o‘tadi. Bu yerda gap¸ ana shu eng mayda toifa telefonfurushlar bilan ishlaydigan ma’lumotfurushlar haqida boryapti. Ular bu ma’lumotlarni o‘g‘irlamaydi¸ egasiga pul berib sotib oladi va keyin uni bizga o‘xshaganlarga sotadi”.

Bu tadbirkorning aytishicha¸ olib kirilayotgan sanoqli mobil telefonlari IMEI kodini registratsiya qilish uchun o‘zi kabilar shaxsiy ma’lumotlarni¸ “egasini rozi qilib”¸ sotib oladi:

Biz 100 ming so‘mga olamiz. Tanish-bilish¸ qo‘shni-qarindoshdan¸ chetga chiqib kirgan bo‘lsa¸ iltimos qilamiz¸ ba’zida o‘zimiz pul berib Qozog‘istonga chiqarib kelib¸ keyin pasportiga Dubaydan kelgan telefonni registratsiya qilamiz. Bu IMEI registratsiyasi talab qilingan 2019 yil dekabridan beri bo‘lib kelayotgan narsa edi. Faqat¸ pandemiya boshlanib¸ chegaradan chiqib-kirish to‘xtatilganidan keyin¸ bu muammoga aylandi. Aylanma yo‘llar bilan kirgan telefon ko‘p¸ lekin chegaradan kirayotgan odam soni keskin kamaydi. Chegaralar yopilgandan keyin¸ telefonfurushlar ahvoli yanayam qiyinlashdi. Shuning uchun shaxsiy ma’lumotlar savdosi qolib¸ ularni o‘g‘irlash kuchayib ketdi”.

“O‘g‘rilarning kattasi qolib¸ maydalari ushlandi”

Ozodlik gaplashgan telefonfurushlardan yana biri¸ Bojxona qo‘mitasi “fosh qilgan jinoiy guruh”ni bu ish bilan shug‘ullanayotgan mayda guruh deb atadi:

Chegaradan kirayotgan minglab o‘zbekistonlikka oid shaxsiy ma’lumotlarni sotish bilan shug‘ullanayotganlar davlat idoralarida o‘tiripti. Chegara¸ bojxona¸ xususan¸ UZIMEIning o‘zida shu ish bilan shug‘ullanayotganlar borligini shaxsan o‘zim bilaman. Bular bir sotganda yuzlab¸ hatto 1000 dan oshiq pasport danniylarini sotadi. Amerika yoki boshqa chet el nomeri bilan ishlaydigan Telegramdan bir martada¸ kelishuvga ko‘ra¸ pasport ma’lumotlarni tashlaydida¸ keyin yo‘q bo‘ladi. Narxi¸ qo‘mita aytgandek¸bitta pasportga 5 dollar”.

(Bu suhbatdosh¸ shaxsiy ma’lumotlarni “katta kontrabandachilar”ga sotgan ayrim mulozimlar ismi-sharifini keltirdi. Ozodlik ixtiyorida hozircha bunday jinoiy oldi-berdini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligi bois ularni e’lon qilmayotir.)

“Malika” bozoridagilar “reyd” kutmoqda

O‘zbekistonga yakka tartibda¸ yoki aylanma yo‘llar bilan olib kirilayotgan mobil telefonlarining eng katta bozori Toshkentdagi “Malika” savdo markazi hisoblanadi.

Bu yerda savdo qilayotgan 140 dan oshiq elektronika do‘konida¸ Vazirlar Mahkamasi talabiga binoan¸ IMEI kodi UZIMEI tizimida registratsiya qilinib¸ mahalliy operator SIM kartasi bilan ishlovchi telefon va palnshetlargina sotilishi mumkin.

Boshqa shaxslar pasport ma’lumotlari bilan registratsiya qilingan telefonlarning aksariyati ham aynan shu bozorda sotiladi.

2019 yil dekabrida pullik IMEI tizimi joriy etilishi ortidan "Malika" bozorida maxsus reyd o‘tkazilgan va ko‘plab tadbirkorlar so‘roqqa olib ketilgan edi.

O‘zbekiston IIV¸ Bojxona qo‘mitasi va UZIMEI tizim operatori vakillari IMEI kodlari registratsiyasida o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishni tekshirish uchun maxsus komissiya tuzishi ortidan¸ “Malika” bozoridagi savdo ham deyarli to‘xtagan.

Bu yerdagilarning hammasida organda ishlaydigan odami bor. Hammaga reyd bo‘lishi va boshqalarga registratsiya qilingan telefonlarni sotmay turish haqida xabar berildi. Bunaqa reydlar bilan muammo hal bo‘lmaydiku! Bitta-ikkita tadbirkorni ushlab¸ jazolaydi¸ o‘zlarini ishlayotgan qilib ko‘rsatish uchun. Lekin kichik tadbirkor nega xorijdan mobil telefonni bemalol olib kirib sotolmaydi¸ nega bu telefonni registratsiya qilish uchun boshqalarning shaxsiy ma’lumotidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda¸ IMEI kodini registratsiya qilish tizimi joriy qilindi¸ bu tizim kimga¸ nimaga xizmat qilayapti o‘zi¸ degan savollarni o‘ylab ko‘rib¸ ana shuni o‘zgartirishsa¸ bunaqa qora bozor o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ladi. Aybni tadbirkordan emas¸ uni “jinoiy faoliyat” bilan shug‘ullanishga majbur qilayotgan hukumat qarorlaridan qidirishsin. Bu qarorlar xalqni¸ tadbirkorni o‘ylab tuzilmaganini hamma yaxshi biladi. Bunaqa bosim davom etaversa¸ hozir 200 dollarga sotilayotgan telefon ertaga 300 ga chiqadi¸ xolos”¸ dedi “Malika” bozoridagi kichik tadbirkorlardan biri.

Import telefonlar IMEI kodini registratsiya qilishda shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanayotgani muhokama mavzuiga aylanishi ortidan¸ o‘zbekistonlik iqtisodchi va blogerlar ham ayni shunga yaqin fikr bildirgan edi.

Xususan¸ tadbirkor bloger Firuz Allayev muammoning yechimi ayrim telefonfurushlarni jazolash emas¸ balki “telefonlar bozorida savdoni qonuniylashtirish uchun xarajatlarni kamaytirish”da ekanini yozgan edi:

Muammo, nopok sotuvchilardan ko‘ra, noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizimdadir. Bu muammolar tizim boshidanoq mukammal o‘ylanmaganligi sababli paydo bo‘lmoqda. Dastlab, telefonlar narxi keskin oshgan bo‘lsa, undan so‘ng fuqarolar va biznes uchun noqulayliklar yaratadigan mana bu kabi muammolar paydo bo‘ldi. Natijada hamma yutqazmoqda. Turli manbalardan qidirdim, lekin O‘zbekistonda telefonlar sotuvi bo‘yicha statistikani olish imkoniyati afsuski bo‘lmadi. Deylik, taxminan O‘zbekistonda bir oyda 30000 dona telefon sotiladi. O‘rtacha narx 300 dollar deydigan bo‘lsa, bu 9 million dollarni, bir yilga 108 million dollarni tashkil qiladi. 25 foiz soliqni hisobga olsak, bir yilga 280 milliard so‘m atrofidagi soliqlar muammo sababli davlat byudjetiga kelib tushmaydi”.

Hozircha na Vazirlar Mahkamasi¸ na IMEI tizimiga jamoatchilik bildirgan petitsiyani qabul qilib olgan Oliy Majlis deputatlari tanqid va e’tirozlarga uchrayotgan tizim va uni yaratgan qarorlarga rasmiy munosabat bildirgan emas.

XS
SM
MD
LG