Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 17:11

BMT Bosh kotibi: COVID global xavfsizlik uchun eng birinchi tahdid bo‘lib qolmoqda


Antoniu Guterrish

17 - sentabrda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 30 million kishidan oshdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bu haqdagi bayonoti e’lon qilingan kuni BMT Bosh kotibi koronavirusni global xavfsizlik uchun “eng birinchi tahdid”, deb atadi.

Bu ikki bayonot yangragan kunda Toshkent viloyatida 11 yashar bola koronavirusdan vafot etdi. U O‘zbekistonda koronavirusning eng yosh qurboni bo‘ldi.

O‘zbekistonning qo‘shnilarida ham koronavirusga chalinish ko‘rsatkichlarida yana o‘sish qayd etilmoqda.

Tashvishli bayonot

Bosh kotib Antoniu Guterrish chorshanba kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida koronavirus nazoratdan chiqib ketayotganini aytib, “virus global xavfsizlik uchun eng katta tahdid”, degani to‘g‘risida Associated Press axborot agentligi xabar qildi.

Kuz kelishi bilan vaziyatning yomonlashib ketayotgani BMTda xavotir uyg‘otmoqda. Xalqaro tashkilot fikricha, koronavirusning avj olishi bashorat qilinayotgan hodisa emas, balki mavjud faktdir. Coviddan o‘lganlar soni yaqin orada 1 milliondan ortib ketishi kutilmoqda.

Bosh kotib Antonio Guterrish Covid-19ga qarshi vaksinani global ijtimoiy ne’mat sifatida har bir kishi ola bilishi lozim, degan fikrni bildirdi. Bosh kotibning aytishicha, yer yuzi aholisini vaksina bilan adolatli ta’minlash uchun kelasi yili $35 mlrd kerak bo‘ladi.

Jahondagi vaziyat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, virusning Yevropada yana “tez tarqalish sur’ati” tashvish uyg‘otmoqda.

Koronavirus statistikasini olib borayotgan AQShdagi Jons Xopkins universitetining bildirishicha, shu kungacha virusdan o‘lganlar soni kamida 942 989 kishiga yetdi. Virus tarqalishi bo‘yicha AQSh hamon “yetakchilik” qilmoqda. Bu davlatda 6 million 664 ming 21 kishi virusga chalingan, ulardan 197 447 nafari vafot etgan.

Ikkinchi o‘rinda Hindiston. Bemorlar soni 5 million 118 ming 253 kishi. O‘lganlar soni 83 198 nafar.

Uchinchi o‘rinda Braziliya. Bu mamlakatda 4 million 419 ming 83 kishida koronavirus aniqlandi, 134 106 kishi o‘ldi.

Yaqin Sharqda koronavirusga chalinganlar soni 1 million 750 ming 232 kishi, o‘lganlar soni 41 254 kishi.

Afrikada 1 million 381 ming 36 kishiga virus yuqqan, ulardan 33 324 nafari vafot etgan.

Mintaqadagi vaziyat

Qozog‘iston

Bu mamlakatda o‘tgan bir kecha kunduzda yana 78 kishiga koronavirus yuqqani qayd etilgan bo‘lib, shundan 25 holat Nur-Sultonga to‘g‘ri keldi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, so‘nggi kecha kunduzda 155 bemor sog‘aydi, 4 kishi vafot etdi.

Shu kunda Qozog‘iston bo‘ylab 3835 bemor, shu jumladan 40 bola davolanmoqda. 1967 bemor statsionar kasalxonalarda, 1868 bemor o‘z uyida muolaja olmoqda. 100 bemor og‘ir, 13 bemor o‘ta og‘ir ahvolda. 15 kishi sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Bundan tashqari Qozog‘istonda 1 avgustdan boshlab alohida “kovidsimon zotiljam” statistikasi ham yuritilmoqda. So‘nggi kecha kunduzda bu kasallikdan 2 bemor o‘ldi. 1 avgustdan beri “kovidsimon zotiljam”ga 30 597 kishi chalindi, 337 kishi vafot etdi, 26533 bemor sog‘ayib ketdi.

Qirg‘iziston

So‘nggi kecha kunduzda bu mamlakatda yana 91 kishiga virus yuqqani qayd etildi. Bu so‘nggi 10 ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, shu kungacha 45244 kishiga virus yuqib, ulardan 1063 nafari vafot etdi. Qirg‘izistonda COVID-19 bilan “kovidsimon pnevmoniya” statistikasi birga yuritiladi.

Shu kunda 547 bemor statsionar kasalxonalarda, 1772 bemor o‘z uyida davolanmoqda.

Tojikiston

Bu mamlakat koronavirus infeksiyasi mavjudligini 2020 - yil 30 - aprelida tan oldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim qilgan so‘ngi statistikaga ko‘ra, 30 -apreldan 10 - sentabrga qadar koronavirusga 8939 kishi chalindi, ularning 86%, yoki 7714 nafari sog‘ayib ketdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi kunlarda 40 nafar atrofida kishi virusga chalinayapti, 5 oyda 73 kishi kovid qurboni bo‘ldi.

Turkmaniston

Bu mamlakatda COVID-19 kasalligiga chalinganlar mavjudligi shu kungacha rasman tan olinmagan. Biroq, norasmiy xabarlarga qaraganda, kasallikka chalinganlar ko‘p, ular orasida vrach va hamshiralar soni ham kundan kunga ortib bormoqda. Ozodlik radiosi turkman xizmatining joylardan olingan xabarlarga tayanib yozishicha, keyingi paytlarda tibbiyot xodimlarining ishdan bo‘shab ketayotgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston. Bolalar orasida birinchi o‘lim

17 - sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashagan 11 yoshli M.U., ismli o‘g‘il bola koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda xabar qilgan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, u O‘zbekistonda koronavirusning eng yosh qurboni bo‘ldi. Bunga qadar O‘zbekistonda balog‘atga yetmagan bolalarning koronavirusdan o‘lgani qayd etilmagan edi.

Vazirlikning 18 - sentabrda bildirishicha, so‘nggi bir sutka ichida Toshkent shahrida 3 nafar, Toshkent viloyatida 3 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi.

Bu bilan O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar soni 415 kishiga yetdi. Vafot etganlarning 291 nafari Toshkent shahridan, 59 nafari Toshkent viloyatidan.

17 - sentabr kuni mamlakatda 599 kishida koronavirus aniqlandi, 618 nafar bemor tuzaldi. Hozirda kasallik qayd etilgan jami 49 761 nafar bemordan 46 092 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3 254 nafar bemordan 478 nafari og‘ir, 269 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

XS
SM
MD
LG