Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:48

Maxfiy hisobot: Tolibonning qudrati oshgan sari unga bosim ta’sir qilmay qo‘yishi mumkin


O‘tgan hafta Qatarda Tolibon bilan muzokaralarda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ham ishtirok etgandi.

NATO buyurtmasi bilan yozilgan hisobot mualliflari Tolibon oshib borayotgan moliyaviy qudrati tufayli xalqaro hamjamiyat bosimini pisand qilmay qo‘yishi mumkin, deya xulosa qilgan.

Nusxasi Ozodlikka kelib tushgan hisobotda Tolibon «moliyaviy va harbiy mustaqillikka erishdi yoki erishish arafasida», deyiladi.

Bu holat ekstremistik guruh AQSh aralashuvi bilan erishilgan tinchlik bitimiga binoan o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishiga turtki bo‘lishi mumkin.

Tolibonning yuqori lavozimli josuslari, Afg‘oniston rasmiylari hamda xorijlik mutaxassislar bilan o‘tkazilgan intervyular asosida yozilgan hisobotda «Bunday moliyaviy mustaqillik afg‘on Toliboniga o‘z faoliyatini hukumatlar yoki boshqa davlatlar fuqarolari qo‘llovisiz moliyalashtirish imkonini beradi», deyiladi.

Shuningdek, hisobot mualliflari ushbu holat Tolibon boshqa terror guruhlari, jumladan, «Al-Qoida» bilan hamkorlikni davom ettirishiga yo‘l ochib berishini xulosa qildilar.

Tolibon keyingi yillarda giyohvand modda savdosi, noqonuniy qazish ishlari va eksportlar tufayli daromadini oshirgan. Hisobot mualliflariga ko‘ra, 2020 yilning martida tugagan
moliyaviy yil davomida Tolibon 1,6 milliard dollar daromad ko‘rgan.

Tolibonning moliyaviy qudrati guruhning yangi harbiy yetakchisi Mulla Muhammad Yoqub yetakchiligida oshdi.

Yoqub Tolibonning sobiq ruhiy yetakchisi Mulla Muhammad Umarning o‘g‘li bo‘lib, ekstremistik guruh yetakchiligini qo‘lga kiritish uchun kurashmoqda.

Tadqiqot muallifi Linn O’Donnell Tolibonning oshib borayotgan moliyaviy qudrati tufayli guruh «Al-Qoida» va boshqa terror guruhlari bilan aloqasini uzishi uchun unga o‘tkazilayotgan bosimga parvo qilmay qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Global chora ko‘rilmasa, Tolibon o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan hamda mintaqadagi davlatlardan yordam oladigan badavlat tashkilotligicha qoladi», deyiladi hisobotda.

Hisobot 12 - sentabr kuni Qatarda Tolibon hamda Afg‘oniston hukumati vakillari o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin yakunlangan.

Muzokaralar joriy yilning fevralida AQSh va Tolibon imzolagan tarixiy kelishuv doirasida o‘tkazilmoqda.

Kelishuvga binoan, xalqaro qo‘shinlar 2021 yilning may oyigacha Afg‘onistondan olib chiqib ketiladi.

Buning evaziga Tolibon doimiy tinchlik kelishuvini imzolashga hamda Afg‘oniston hukumati bilan hokimiyatni bo‘lishishga rozi bo‘ldi.

2015 yilgacha Mulla Yoqub haqida deyarli hech kim bilmas edi. O‘sha yili Tolibon Mulla Yoqubning otasi Mulla Umar ikki yil oldin Pokistonda vafot etganini tan oldi.

O‘shandan beri Mulla Yoqub Tolibon saflarida tezkorlik bilan ko‘tarildi. Otasi o‘limi ortidan uning o‘rnini egallashga qaratilgan urinishlari muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan bo‘lsa-da, u avvaliga jangari guruh yetakchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Yaqinda esa guruhning harbiy yetakchisi etib tayinlandi.

Muhimi, Mulla Yoqub Tolibonning ulkan moliyaviy tarmog‘ining yirik qismini o‘z nazoratiga oldi, 2016 yilda guruh daromadini yanada ko‘paytirish maqsadida moliyaviy komissiya tuzdi.

Mulla Yoqub yetakchiligida Tolibon atayin «Afg‘onistonning ishlatish mumkin bo‘lgan mineral resurslarga ega hududlariga ko‘chib o‘tdi va o‘zlari kutmagan darajada moliyalarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldilar», deyiladi hisobotda.

Xususan, guruh «soliq olish uslublarini o‘zgartirgan hamda ko‘mir va tuzdan tortib, yoqut va zumrad kabi qimmatbaho toshlar va boshqa qator mahsulotlarni ulgurji sotuvchi va eksport qiluvchi bizneslar bilan aloqa o‘rnatish orqali eksport bozorlariga chiqqan».

Tadqiqot mualliflariga Pokistonning Kvetta shahrida intervyu bergan yuqori lavozimli Tolibon a’zolari Mulla Yoqub Tolibon moliyasini o‘z nazoratiga olganidan beri jangari guruh daromadi 1 milliard dollardan 1,6 milliard dollarga ko‘tarilganini aytgan.
Tolibon a’zolari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jangari guruh so‘nggi moliyaviy yil davomida qazish ishlaridan 464 million dollar, giyohvand modda savdosidan 416 million dollar, xorijlik davlatlar va shaxslardan 240 million dollar, eksportlardan 240 million dollar, soliqlardan 160 million dollar, ko‘chmas mulk savdosidan 80 million dollar daromad ko‘rgan.

Bu raqamlar BMT Xavfsizlik kengashining Sanksiya qo‘mitasi hisoblariga mos tushadi. Qo‘mita may oyida jangari guruh yiliga 300 million dollardan 1,5 milliard dollargacha daromad topishini bildirgan edi.

Intervyu bergan Tolibon a’zolaridan biri yillik daromad oshishiga qazilmalardan tushgan daromad ko‘paygani sabab bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 - yilda qazilmalardan 35 million dollar foyda ko‘rilgan bo‘lsa, 2020 - yilga kelib bu ko‘rsatkich 464 million dollarga yetgan. Intervyu bergan Tolibon rasmiysi guruh sotayotgan xom ashyolarni asosdan Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari xarid qilishini aytgan.

Afyun savdosi jangarilar uchun hanuz muhim daromad manbasidir. Jahondagi geroinning 90 foizini Afg‘onistonning Tolibon nazoratidagi Helmand daryosi vodiysi ta’minlaydi.

Tolibon ko‘knor yetishtiruvchilardan soliq oladi va giyohvand moddalarni qo‘shni mamlakatlarga noqonuniy tarzda sotishda ishtirok etadi.

«Yoqubga yaqin rasmiylarga ko‘ra, uning tashkilot moliyasini nazorat qilish va kengaytirish urinishlari natijasida yillik daromad deyarli 2 milliard dollarga yetishi mumkin», deyiladi hisobotda.

Tolibon milliard dollar qiymatga ega biznes imperiyasini qurgan bo‘lsa-da, guruh uchun eng asosiy daromad manbasi xorijdan kelayotgan yordamdir.

NATO hisobotida qayd etilishicha, Mulla Yoqub xorijdan yordamga qaramlikni tugatish maqsadida moliyaviy mustaqillikka erishishni xohlaydi.

Tolibonning asosiy homiysi bo‘lmish Pokiston uzoq yillardan beri jangarilarga boshpana berishda hamda ularga ko‘maklashishda ayblanib keladi.

Pokistonning Tolibonga aloqasi 1990 yillarga borib taqaladi. O‘shanda mamlakat jangari guruhni qurol-aslaha hamda razvedka bilan ta’minlagan.

Pokiston Tolibon tuzumini Afg‘onistonning hukumati o‘laroq tan olgan uch davlatning biridir.

Tolibon 2001 yilda hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin, guruhning aksar yetakchisi Pokistondan boshpana topdi.

Mutaxassislarning aytishicha, Pokiston Afg‘onistonda pro-Islomobod hukumat o‘rnatish hamda raqibi Hindistonning Qobul bilan munosabatlarini zaiflashtirish maqsadida Tolibonni qo‘llab keladi.

Qo‘shni Eron ham Tolibon bilan aloqasini tan olgan, ammo rasmiy Tehron bundan maqsad Afg‘onistondagi Eron fuqarolari xavfsizligini ta’minlash hamda tinchlik muzokaralarini qo‘llash ekanligini aytib keladi.

2019 - yilning noyabrida e’lon qilingan hisobotda AQSh Mudofaa razvedkasi agentligi Eron Tolibonga moliyaviy, siyosiy hamda moddiy yordam ko‘rsatishini xulosa qildi.

Rossiya esa keyingi yillarda Afg‘onistondagi «Islomiy davlat» jangari guruhi soladigan tahdid tufayli Tolibon bilan aloqa o‘rnatdi. So‘nggi ikki yil davomida Moskvada Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish muzokaralari doirasida ikki xalqaro anjuman o‘tkazildi.

Iyul oyida AQSh matbuoti Rossiya razvedka bo‘limi Tolibonga Afg‘onistondagi AQSh askarlariga hujum evaziga mukofot va’da qilgani haqida xabar tarqatdi. Moskva va Tolibon bu xabarlarni rad etdi.

Ayni damda Tolibon Pokiston, Eron hamda bir necha Fors ko‘rfazi davlati, jumladan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Qatardan yirik summada mablag‘ oladi.

2018 - yilda BBC xorijdan keladigan mablag‘lar Tolibon daromadining yirik qismini tashkil qilishini hamda yiliga 500 milliongacha yetishini xabar qilgan edi.

Mulla Yoqubning Tolibon moliyaviy qudratini oshirish istagi zamirida uning guruh oliy rahbariga aylanish istagi yotadi.

Hisobotga ko‘ra, Mulla Yoqub Tolibonning keksa yetakchilari COVID-19 infeksiyasiga chalinganidan mahorat bilan foydalangan. Avvalroq Tolibon yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda hamda guruh tarkibiga kiruvchi «Haqqoniy» tarmog‘i yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy koronavirusga chalingani
xabar qilingan edi.

Tolibon rasmiylari Foreign Policy jurnalining Mulla Oxunzoda koronavirus yuqtirib, xorijda davolanayotganida nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarini rad etishdi.

Mulla Yoqub Mulla Umarning o‘g‘li ekanligi tufayli jangari guruh qo‘mondonlari uni hurmat qiladi. Ammo Mulla Yoqubning jangari guruh yetakchisiga aylanish urinishlari guruh ichida nizo keltirib chiqarishi mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, Mulla Yoqub nisbatan mo‘’tadil qarashlarga ega bo‘lib, urushga muzokaralar yordamida yechim topish tarafdoridir.

Uni Tolibon asoschilaridan biri Abdul G‘ani Barodar qo‘llaydi. Barodar Tolibonning siyosiy rahbari bo‘lib, AQSh bilan olib borilgan muzokaralarda Tolibonning asosiy muzokarachisi vazifasini o‘tadi.

NATO hisobotida yozilishicha, Tolibon moliyaviy mustaqillikka erishsa, tashqi bosimni pisand qilmay qo‘yishi mumkin. Bu esa jangari guruh AQSh bilan erishilgan kelishuvga binoan o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

AQSh bilan erishilgan kelishuvga binoan Tolibon «Al-Qoida» kabi terror guruhlari Afg‘onistonda faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini o‘z bo‘yniga olgan.

Ammo iyul oyida e’lon qilingan Pentagon hisobotida «Al-Qoida» Tolibon bilan aloqasini davom ettirayotgani e’tirof etildi.

Iyun oyida e’lon qilingan BMT hisobotida ham ikki guruh
hamkorligi davom etayotganini xulosa qilingan edi. Xususan, hisobotda Tolibon AQSh bilan muzokara olib borayotganida muntazam ravishda «Al-Qoida»dan maslahat so‘ragani aytildi.

NATO hisobotida «Tolibon so‘zlari va harakatlari bilan «Al-Qoida» yoki boshqa jihodchi tashkilotlari bilan hamkorlikni tugatish niyati yo‘qligini ko‘rsatib keladi», deyiladi.

Hisobot mualliflari Afg‘oniston «hukumatsiz hududga aylanishi hamda mintaqa va dunyo xavfsizligiga soladigan tahdidni» bartaraf etish uchun NATOni jangari guruh daromad manbalarini yo‘q qilishga chorladilar.

Shuningdek, hisobot mualliflari Tolibon rasmiylari va hamkorlarini BMT sanksiya ro‘yxatlaridan chiqarmaslikka, Tolibon daromad topishiga ko‘maklashayotgan shirkat va shaxslarga qarshi sanksiya joriy qilishga hamda noqonuniy afg‘on mollariga global miqyosda embargo joriy qilishga da’vat etdilar.

XS
SM
MD
LG