Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2024, Тошкент вақти: 05:49

Markaziy Osiyo davlatlari uyg‘urlar borasida nega sukut saqlamoqda


Markaziy Osiyo hukumatlari Pekinning uyg‘urlar va Shinjondagi boshqa ozchiliklarga qarshi shafqatsiz kampaniyasi haqida sukut saqlab keladi.

Ammo Ozodlik sharhlovchisi Bryus Pannierning yozishicha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uchun uyg‘urlar masalasiga aralashmaslik tobora qiyinlashib bormoqda.

Tyanshan tog‘larining ikki yonida joylashgan Shinjon va Qozog‘iston bilan Qirg‘izistonni bir necha ming yillik madaniy hamda savdo rishtalari bog‘lab turadi.

Tog‘ning bir tomonida sodir bo‘ladigan yirik hodisalar ikkinchi tomoniga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

1991 - yilda Sovet Ittifoqi qulab, besh Markaziy Osiyo mamlakati mustaqillikka erishganidan keyin bu holatni yaqqol kuzatish mumkin bo‘ldi.

1992 - yilning 29 - iyulida Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» kundalik nashri Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda «Mustaqil Uyg‘uriston uchun» partiyasi yig‘ini bo‘lib o‘tgani haqida xabar qildi.

Yig‘inda 270 ga yaqin odam qatnashdi. Qatnashuvchilarning aksari Qirg‘izistondan, ammo ular orasida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkiyadan kelgan vakillar ham bor edi.

Partiyaning maqsadi Shinjon hududida mustaqil Uyg‘uriston davlatini tuzish edi. Ammo partiya vakillari o‘z maqsadlariga xalqaro qonunchilik doirasida erishishlarini e’lon qildilar.

O‘sh paytda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatganiga endigina olti oy bo‘lgan edi. Sovet Ittifoqi Xitoyni 20 yildan oshiq vaqt davomida dushman o‘laroq ko‘rsatib kelgan edi. Qolaversa, markaziy osiyoliklar Xitoy bilan ruslar kelishidan oldingi munosabatlarini yaxshi xotiralar bilan eslashmasdi.

1990 - yillar boshida Qozog‘istonda chorak million, Qirg‘izistonda esa 50 mingga yaqin uyg‘ur bor edi.

Qirg‘izistonda «Mustaqil Uyg‘uriston uchun» partiyasidan tashqari «Ittifoq» va «Qirg‘iziston uyg‘ur birlashmasi» kabi boshqa tashkilotlar ham faol bo‘lgan.

Qo‘shni Qozog‘istonning Olma-ota shahrida esa «Uyg‘urlar birlashmasi» va boshqa uyg‘ur guruhlar mavjud edi.

Mazkur guruh vakillari muntazam ravishda aksiyalar o‘tkazdilar, Shinjonda muammolar yuzaga kelganda yoki Xitoy rasmiylari uyg‘urlarga yomon munosabatda bo‘lganda Bishkek va Olmaotada matbuot anjumanlarini uyushtirdilar.

Bo‘lginchilik xavotirlari

1996 - yilning iyulida Qozog‘istondagi uyg‘ur guruhlar Xitoy xavfsizlik kuchlari hamda «Sharqiy Turkiston birlashgan inqilobiy jabhasi» deb nomlangan bo‘lginchi guruh o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lganini xabar qildi. Bo‘lginchi guruh to‘qnashuvlar davomida 450 nafar Xitoy askari va xavfsizlik kuchlari xodimini yo‘q qilganini iddao qildi.

Guruh rahbari Yusupbek Muxlisiy 1960 - yildan beri Olma-otada yashab kelayotgan edi.

1997 - yilning fevralida Xitoy qo‘shinlari G‘ulja shahrida (xitoycha nomi-Inin) uyg‘ur namoyishchilarni o‘qqa tutdi. Namoyishchilar Xitoydan ajralib chiqish uchun kurashgan 30 nafar uyg‘ur qatl qilingani haqida xabar tarqalishi ortidan norozilik aksiyasiga chiqqan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, G‘uljada 9 nafar uyg‘ur otib o‘ldirilgan. Ammo faollar aslida 100 dan oshiq odam o‘ldirilganini aytib keladi. Natijada 1997 -yilning mart oyida Bishkek va Olma-otadagi Xitoy elchixonalari oldida norozilik chiqishlari bo‘lib o‘tdi.

1997 - yilning 25 - martida Qozog‘iston Xavfsizlik Kengashi kotibi Beksultan Sarsekov Olmaotada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qozog‘iston Shinjonda sodir bo‘layotgan «hodisalardan» hamda Xitoy hukumati uyg‘urlarga qarshi ko‘rayotgan «keskin choralardan» xavotirda ekanini izhor qildi.

Ammo Sarsekov Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida 1996 - yilda imzolangan shartnomaga binoan, ikki taraf qo‘shnisi hududidagi bo‘lginchi harakatlarni qo‘llamaslikka kelishib olganini, shu sababdan Shinjondagi hodisalarga Qozog‘iston aralashmasligini ta’kidladi.

Xitoy 1 million uyg‘urlarni qamoq-lagerlarda saqlayotgani hujjatlashtirilgan
Xitoy 1 million uyg‘urlarni qamoq-lagerlarda saqlayotgani hujjatlashtirilgan

Aytish joizki, o‘sha paytda Qozog‘iston hukumati Rossiyaga yaqin shimoliy hududlaridagi bo‘lginchi kazaklardan xavotirda edi.

Sarsekov tilga olgan shartnoma aslida 1996 - yilning aprelida Shanxay shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Xitoy o‘rtasida imzolangan chegara shartnomasi edi. Uni imzolagan davlatlar o‘zlarini «Shanxay beshligi» deb atadilar. Uyushma bugunga kunda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti deb nomlanadi.

Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi uyg‘ur guruhlar shartnoma imzolanishi ortidan Xitoy rasmiylari Shinjonda uyg‘urlarni ommaviy tarzda hibsga ola boshlaganini xabar qildi.

Ikki davlat rasmiylari chegara shartnomasiga binoan, Shinjondagi uyg‘ur bo‘lginchilarga yordam bermaslik majburiyatini zimmalariga olgan edilar. Ammo ular o‘z hududlarida Xitoyga qarshi namoyishlarga to‘sqinlik qilmadilar.

Oz sonli uyg‘urlar guruhi 1997 - yilning aprel va iyul oylarida Olma-otadagi Xitoy elchixonasi oldida namoyishga chiqdi. 1998 - yilning yanvarida muxolifatchi «Azat» harakati hamda «Azamat» partiyasi matbuot anjumani o‘tkazib, 1997 -yilning dekabrda 13 nafar uyg‘ur faol qatl etilganini qoraladi.

1999 - yilning noyabrida o‘nlab uyg‘ur Olma-otadagi O‘zbekiston elchixonasi oldida aksiya o‘tkazib, prezident Islom Karimovni Xitoyga safari davomida uyg‘urlar masalasini ko‘tarishga chaqirdi.

Bu orada Shinjondagi muammo Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yoyildi.

2000 - yilning sentabrida Olmaotada amalga oshirilgan xuruj ortidan ikki nafar politsiya xodimi nobud bo‘ldi, to‘rt odam jarohat oldi. Tez orada to‘rt gumonlanuvchi otib o‘ldirildi. O‘sha paytda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlayotgan Qasim-Jomart Toqayev gumonlanuvchilar xitoylik uyg‘urlar ekanini aytdi. Qozog‘istondagi Xitoy elchixonasi gumonlanuvchilar o‘limi bilan yakunlagan amaliyotni to‘liq qo‘llashini izhor qildi.

Xalqaro tanqidlarga qaramasdan, bu paytga kelib Qozog‘iston uyg‘urlarni Xitoyga qayta yubora boshlagan edi.

Qirg‘iziston ham Shinjondagi mojarodan chetda qolmadi. 2000 - yilning martida «Ittifoq» raisi Nigmatulla Bazakov Bishkekdagi uyi yaqinida otib o‘ldirildi. 1998 - yilda uyg‘urlar liderlaridan biri o‘ldirilgan edi. 2001 - yil yana bir uyg‘ur suiqasd qurboni bo‘ldi.

2000 - yilning mayida Bishkekdagi «Dostuq» mehmonxonasi oldida shinjonlik rasmiy hay’at a’zosi otib o‘ldirildi, boshqa ikki a’zosi jarohatlandi. O‘sha kuni, asosan, shinjonlik savdogarlar ishlaydigan ulgurji bozorda yong‘in chiqdi.

2002 - yilning iyunida Bishkekda xitoylik yuqori lavozimli diplomat otib o‘ldirildi.

2003 - yilning 27 - martida 21 yo‘lovchi bilan Bishkekdan Shinjonga otlangan avtobus hujumga uchradi va undagi yo‘lovchilar otib o‘ldirildi, avtobusga esa o‘t qo‘yildi.

Bu paytga kelib Markaziy Osiyoga Xitoy mablag‘lari oqib kela boshlagandi. 2008 - yilgi global moliyaviy bo‘hrondan keyin esa mintaqa hukumatlari ular uchun iqtisodiy tayanchga aylangan Pekinga qaram bo‘lib qoldi.

Bir necha yil oldin Shinjonda uyg‘urlarga qarshi boshlangan yangi kampaniya haqida xabar tarqalarkan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari lom-dim demadi.

Avvaliga uyg‘urlarga qarshi kamstitishlar, xususan, ularning kiyim, soqoliga qarshi choralar haqida xabar qilindi. Ko‘p o‘tmay, uyg‘urlar «qayta tarbiyalash lagerlariga» yuborilayotgani, etnik xitoylar bilan oila qurishga majburlanayotgani, zo‘rlashlar, qiynoqlar, majburiy sterilizatsiya qurboni bo‘layotgani hamda Shinjondan Xitoyning boshqa hududlariga majburiy ko‘chirilayotgani haqida xabar qilindi.

Xitoy hukumatining uyg‘urlarga qarshi kampaniyasi kengayib, boshqa turkiy musulmon xalqlar, jumladan, Shinjonda yashab kelayotgan 1,5 million qozoq hamda 200 mingdan oshiq qirg‘izni nishonga ola boshlagandi.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ayrimlar nima uchun o‘z hukumatlari Xitoy rasmiylari bilan uchrashuvlarda ushbu masalani ko‘tarmayotgani haqida so‘ray boshladi.

Kelib chiqishi shinjonlik Serikjan Bilash kabi shaxslar «Otayurt» guruhiga asos soldi. Guruh Xitoy hukumati Shinjonda qozoqlar va boshqa ozchiliklarga qarshi ko‘rayotgan choralarni fosh qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Qozog‘iston rasmiylari mamlakat fuqaroligini olgan Bilashni sukut saqlash haqida ogohlantirdilar.

Unga xitoyliklarga qarshi milliy nafrat uyg‘otish aybi qo‘yildi. Ammo aholi Bilash yonini olgani uchun, rasmiylar uni jarimaga tortish bilan cheklandi. Shuningdek, unga yetti yil davomida siyosiy faoliyatga qo‘l urmaslik majburiyati yuklandi.

Bu orada Bilash guruhidan ajralib chiqqanlar tuzgan «Otayurt eriktilari» guruhi ro‘yxatga olindi. Ushbu harakat Shinjondagi hodisalar haqida ancha mo‘’tadil mavqeni egalladi.

Joriy yilda Bilash YouTube kanalida videolar e’lon qila boshlashi ortidan Qozog‘iston rasmiylari uni yana jarimaga tortdi.

Mamlakatda hanuz o‘ndan oshiq Shinjondan Qozog‘istonga qochib kelgan etnik qozoqlar bo‘lib, rasmiylar jamoatchilik bosimi tufayli ularni Xitoyga qayta yubormadi.

Kelib chiqishi shinjonlik, ammo Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston fuqaroligini olgan o‘nlab odam esa, Xitoyga qisqa muddatga borib, ortga qaytmadi.

Ular qismati haqida vaqti-vaqti bilan har ikki mamlakat matbuotida xabarlar chop etilib turadi.

1 milliondan ortiq musulmon Shinjondagi «siyosiy qayta tarbiyalash lagerlari»da ushlab turilibdi. Buni tasdiqlovchi ko‘plab guvoh va dalil bo‘lishiga qaramasdan, Pekin bu ayblovlarni rad etadi. Lagerlarda nafaqat uyg‘urlar, balki etnik qirg‘izlar va qozoqlar ham saqlanayotganiga shubha yo‘q. Ular qismati haqida Qirg‘iziston va Qozog‘iston xalqi bir kun xabar topishi aniq.

O‘sha kunlar kelganda, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari Xitoyning Shinjondagi kampaniyasiga qarshi keskinroq mavqeni egallashga majbur bo‘ladilar.

XS
SM
MD
LG