Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2020, Тошкент вақти: 05:41

Qirg‘iziston o‘zbekistonliklardan COVID test talab qilishi ortidan chegarada yana yuzlab odam to‘plandi (VIDEO)


Andijon viloyati SES idorasiga qirg‘iz tomoni talab qilayotgan COVID-19 uchun test topshirishga borganlarni qabul qilishmadi.

26 - sentabrdan boshlab Qirg‘iziston hukumati mamlakatga kiradigan chet elliklardan koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi COVID-19 testi talab qilishni boshladi.

Bu haqda jamoatchilikka oldindan ma’lumot berilmagani uchun¸ Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ zarur yumush bilan Qirg‘izistonga o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar¸ yoxud uyiga qirg‘iz hududi orqali qaytishga majbur so‘xliklar chegarada to‘planib qolgan.

COVID-19 bo‘yicha Qirg‘iziston respublika shtabi Ozodlikka Botken viloyatining O‘zbekiston bilan chegara o‘tkazish punktlarida PSR testi natijasini talab qilish bo‘yicha qarorni koronavirusga qarashi Botken viloyat shtabi qabul qilganini bildirdi.

Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston rasmiylari¸ hozirda qirg‘iz tomoni bilan bunday talabga oid tafsilotlar yuzasidan so‘zlashuvlar borayotganini bildirdi.

Qirg‘iziston xorijliklardan negativ COVID-19 testi talab qilishni boshladi

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ Bishkek hukumati o‘z hududiga kiruvchi xorijiylarning hammasidan koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi test xulosasi talab qilishni boshlagan.

Bu haqdagi telefonogramma shanba¸ 26 - sentabr kuni xorij davlatlari hukumatlari va chegara xizmatlariga jo‘natildi. Bilishimcha¸ shanba kundan boshlab test talabi kuchga kirdi. Bu hujjatda alohida qilib o‘zbekistonliklardan test so‘ralsin¸ deyilmagan. Xorij fuqarolari¸ deyilgan”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Jildiz Aygerchinova.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ qirg‘iz tomini chegaradan o‘tish uchun so‘nggi 72 soat¸ ya’ni 3 sutka ichida o‘tkazilgan test natijasinigina qabul qiladi.

COVID-19 bo‘yicha Qirg‘iziston respublika shtabi matbuot kotibi Ozodlikka¸ Qirg‘iziston hududiga o‘tayotgan o‘zbekistonliklardan negativ COVID testi talab qilish qarori Botket viloyatining koronavirusga qarshi kurash shtabi tomonidan qabul qilinganini bildirdi.

Ayni paytda¸ qirg‘iz rasmiylari bunday chorani taqozo qilgan sabablarga oydinlik kiritmadi.

Andijon viloyat sanitariya-epidemiologiya tizimi rasmiysi¸ shanba-yakshanba kunlari qirg‘iz tomoni bilan shu masalada so‘zlashuvlar boshlangani¸ dushanba kuni ham tomonlar bu testning qaysi uslubda bo‘lishi masalasini muzokara qilayotganini bildirdi.

Chegara “de fakto” yana yopildi

27-28 - sentabr kunlari Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra¸ chegaradan o‘tish uchun negativ COVID-19 testi talab qilish boshlanishi ortidan¸ O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tish deyarli to‘xtab qolgan.

Biz kecha tushga yaqin “Do‘stlik” chegara punktiga keldik. Tungi soat 1 gacha turdik¸ hech kimni o‘tkazmadi. Odamlar COVID test kerakligidan bexabar chegaraga kelishgan. Bunaqa tartib joriy qilingani haqida biror joyda xabar berilmadi.Yosh bolali oilalar¸ keksalar¸ talabalar yarim tungacha turdik aniq ma’lumot olish uchun. Oxiri o‘zbek chegarachilari komandiri chiqib¸ hammamizni haydab yubordi¸ test bilan kelinglar¸ deb”¸ deydi Ozodlikka bog‘langan o‘zbekistonliklardan biri.

Ayni shunday xabarlar¸ O‘zbekistonning So‘x eksklavi aholisidan ham kelmoqda. Farg‘onaga yumush bilan kelgan so‘xliklar ham¸ chegarada yangi tartib joriy qilinishi ortidan¸ o‘z uyiga qaytolmay qolgan.

“Qirg‘iz tomoni xususiy laboratoriya xulosasini qabul qilmayapti”

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ Qirg‘iziston chegaradan kiruvchi xorijliklar uchun COVID-19 testi talab qilishi ortidan¸ O‘zbekiston chegara-nazorat punktida bunday testni “5 daqiqa" ichida chiqarib beruvchi xizmat yo‘lga qo‘yilgan.

Qirg‘izistonga o‘tish uchun talab qilinayotgan koronavirus testini O‘zbekiston chegarasidan o‘tayotganimizda o‘zbek chegarachilari tavsiyasi bilan xususiy laboratoriyada topshirdik. Chegara ichida SES xodimlari tomonidan analiz topshirish punktidan 200.000 so‘m evaziga ma‘lumotnoma berilyapti, analiz javobi 5 daqiqada chiqyapti. Biz analiz topshirib Qirg‘iziston hududiga o‘tmoqchi bo‘lganimizda¸ bu analiz ma‘lumoti bilan o‘tkazmayapti. 5 daqiqada virus analizi chiqmaydi¸ deb bu spravkani yirtib tashladi”¸ deydi o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan O‘shga o‘tmoqchi bo‘lganlardan biri.

Ozodlik hozircha o‘zbek chegarasidagi 200 ming so‘m evaziga 5 minut ichida xulosa chiqarib beruvchi bunday xususiy laboratoriyalarni tashkil etishda O‘zbekiston sanitariya-epidemiologiya tizimi qatnashgan-qatnashmaganiga oid aniq ma’lumotga ega emas.

O‘sh universitetidan diplomini olish uchun “Do‘stlik” chegarasiga borgan o‘zbekistonlik talaba ham qirg‘iz tomoni nafaqat chegaradagi bunday ekspress test¸ balki O‘zbekiston hududidagi boshqa xususiy laboratoriya analizini qabul qilmayotganini bildirdi.

O‘zbekistondagi davlatga qarashli laboratoriyadan test javobini olib kelasan¸ yoki bizning chegarada 1500-2000 qirg‘iz so‘mi to‘lab¸ boshqatdan analiz topshirasan¸ deyapti. Odamlar 250-300 mingga xususiy laboratoriyada test qildirgan¸ endi ham puliga¸ ham vaqtiga kuyyapti”.

Ozodlikka bevosita chegara punktidan yuborilgan videolarda¸ Qirg‘iziston tomonga o‘tish uchun to‘planganlarning¸ testni qayerda topshirish bo‘yicha savollariga javob olishga urinayotgani aks etgan.

Ўзбекистонликлар COVID-19 тестини қаерда топшириш ҳақида аниқ маълумот ололмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:42 0:00

Qirg‘iz tomoni talabi ortidan 28 - sentabr kuni Andijon shahar SESiga test topshirish uchun borgan talaba yigi bu yerda ham xaosga duch kelganini aytadi.

Bugun(28 - sentabr) ertalab Makroning oldidagi SESga borsam¸ u yerda ham rosa odam ko‘p ekan. Analiz olayotgan joyda¸ boshlig‘i chiqib hammamizni haydab yubordi. Bu yerda test olinmaydi¸ xususiy laboratoriyaga boringlar¸ deb. Biz nima qilishga hayronmiz¸ qirg‘izlar davlatnikini olib kel¸ deydi¸ bizning davlat SESlari biz olmaymiz¸ deydi. Aniq ma’lumotni hech kim aytmayapti. Men koronavirus boshlanganidan keyin o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirdim. 1 - oktabrgacha O‘sh universitetidan diplomimni olib kelmasam¸ bu yerda o‘qishga qo‘yishmaydi. Kontraktga to‘lagan pullarim kuyib ketadi”.

COVID-19 тести талаб қилиниши ортидан ўзбекистонликлар Қирғизистонга ўтолмай қолди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:25 0:00

Andijon viloyat SESning Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ 28 - sentabrdan boshlab bu yerda test olish to‘xtatilganini tasdiqladi.

“Biz test olmaymiz¸ faqat olingan testlarni tekshirib beramiz. Ulgurmayapmiz-da¸ judayam ko‘payib ketdi. Shunga to‘xtatishdi”.

Hukumat qarorida “xususiylarniki o‘tmaydi” degan joyi yo‘q...

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Ozodlik bilan telefon suhbatida¸ hafta oxirida COVID-19 bo‘yicha respublika shtabi tomonidan qabul qilingan qarorda¸ testning kim tomonidan¸ qanday olinganiga aniqlik kiritilmaganini bildirdi.

Ozodlikka yuborilgan respublika shtabi qarori matnida Qirg‘iziston hududiga havo yoki quruqlik orqali kirayotgan xorij fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslardan so‘nggi 72 soat ichida olingan negativ COVID-19 testi talab qilinishi yozilgan. Bunday talab, so‘nggi qarorga ko‘ra¸ xorijdan qaytayotgan Qirg‘iziston fuqarolariga tatbiq etilmaydi¸ ulardan o‘z uyida 14 kunlik karantinga amal qilish so‘raladi.

Qirg‘iz rasmiylari¸ Botken viloyati shtabi qarorida ham test metodologiyasiga aniqlik kiritilmaganini bildirdi.

Qirg‘izistondagi O‘zbekiston konsulligi rasmiysi Ozodlik bilan telefon suhbatida 28 - sentabr kuni COVID-19 bo‘yicha Qirg‘iziston rasmiy shtabidan bu borada aniqlama kutilayotganini bildirdi.

Bizga 26 - sentabr kuni o‘zbekistonliklarning Qirg‘izistonga negativ test bilan o‘tishi haqida telefonogramma yuborishdi. Bu talabdan keyin chegarada yuzaga kelgan vaziyatdan xabarimiz bor. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston shtabidan testning aynan qaysi metodologiya asosida bo‘lishiga oydinlik kiritishni so‘radi. Bugun aniq javob berishlarini kutyapmiz”¸ dedi O‘zbekiston konsullik xizmati mulozimi.

O‘zbekiston qirg‘izlardan test so‘ramayapti

COVID-19 bo‘yicha Qirg‘iziston shtabi matbuot kotibi O‘zbekiston tomoni ham o‘z chegarasidan kirayotgan qirg‘izistonliklardan 72 soat ichida olingan koronavirus testi talab qilayotgani¸ aks holda ularni o‘tkazmayotganini bildirdi.

O‘zbekiston rasmiylari esa¸ bunday talab faqat aeroportlardagina joriy etilganini ta’kidladi.

Quruqlik chegarasi orqali O‘zbekistonga kirayotgan qirg‘izistonliklardan¸ agar keyingi 14 kun ichida Qirg‘izistondan chetga chiqmagan bo‘lsa¸ COVID-19 testi talab qilinmayapti. Hozircha Qirg‘iziston shtabi quruqlik chegarasidan o‘tuvchi o‘zbekistonliklardan negativ test talab qilish qarorini bir tomonlama qabul qildi”¸ dedi O‘zbekiston diplomatik idorasi mulozimi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilayotgan rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ 27 - sentabr kuni mamlakatda 448 ta COVIDga chalinish holati qayd etilgan.

Koronavirusga qarshi Qirg‘iziston respublika¸ xususan¸ chegaradosh Botken viloyati shtabining o‘zbekistonliklardan yoppasiga negativ COVID-19 testi talab qilishni boshlagani¸ Toshkent taqdim etayotgan rasmiy raqamlarga nisbatan nafaqat mamlakat ichkarisi¸ balki tashqarisida ham jiddiy shubha bilan qaralayotganini ko‘rsatadi.

XS
SM
MD
LG