Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 09:53

Va’da qilingan pulni ololmagan sardobaliklar ikkinchi kun Vazirlar Mahkamasi oldida tunamoqda (VIDEO)


Vazirlar Mahkamasi binosi oldida ikki kundan beri tunayotgan sardobalik arzchilar.

1 - oktabr kuni Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani, "Do‘stlik" mahallasida yashovchi sakkiz fuqaro O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov qabuliga yettinchi marta arz qilib bordi.

Uch kun avval Vazirlar Mahkamasi mulozimi so‘zlariga ishonib, uylariga qaytgan sardobaliklarga ko‘ra, va’da qilingan pul berilmagach, ular yana Toshkentga arz qilib kelishgan.

Sardoba toshqinida uylari vayron bo‘lgan arzchilar hukumat ajratgan 40 million so‘mlik yordam puli o‘zlariga berilmagani da’vosi bilan 5 oydan buyon shikoyat qilib kelyapti.

Ikki kundan beri Vazirlar Mahkamasi binosi oldida tunayotgan sardobaliklarga ko‘ra, ular Bosh vazir bilan uchrashmaguncha uylariga qaytmaslikka qaror qilishgan.

Sirdaryo viloyati mulozimlari shikoyatchi sardobaliklarning talabi "noqonuniyligi"ni aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda rasmiylar 8 kishining arzini qanoatlantirmaslikka qaror qilinganini bildirdi.

Aripov qarorgohiga yettinchi yurish

1 - oktabr kuni kechki soat 7larda Toshkentdagi Vazirlar Mahkamasi binosi oldiga kelgan sardobalik sakkiz kishi Abdulla Aripov bilan uchrashmasdan uyga qaytmasliklarini aytishdi.

“Biz kecha kelib, tunda shu yerda uxladik. Betonda yotdik, kechasi juda sovuq bo‘ldi, lekin chidaymiz. Bugun ham shu yerda uxlaymiz. Bugun Vazirlar Mahkamasidan bir kishi chiqib, nima uchun kelganimizni so‘rab ketdi, boshqa hech kim chiqmadi oldimizga. Toshkentga olti marta kelib, ishimiz bitmadi. Bu yettinchi marta, shu safar Abdulla Aripov bilan uchrashmasdan Sardobaga qaytmaymiz”, dedi arzchilardan biri Umida Qarshiboyeva.

Сардобаликлар Вазирлар Маҳкамаси олдида тунамоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00

“Mulozimlar va’dasiga aldandik”

28 - sentabr kuni sakkiz sardobalik Bosh vazir idorasiga oltinchi marta arz qilib kelgan payti Vazirlar Mahkamasi mulozimi ularning shikoyati ijobiy hal qilinishiga va’da bergan.

Mulozim bilan uchrashuv payti yozib olingan audioda sakkiz kishining har biriga Sardobaga qaytishi bilan 40 million so‘mdan pul berilishi va’da qilingan. (Ozodlikda ushbu audio nusxasi mavjud)

Rasmiylarning va’dasiga ishonib, uylariga qaytgan arzchilarning Ozodlikka aytishicha, 29 - sentabr kuni ular “Xalq banki”ga borib ariza yozgan va bank xodimlari bir kundan so‘ng ularga pul berilishini aytgan.

Biroq ertasiga ularga 40 million so‘m berilmasligi aytilgan.

“Bizni yana aldashdi. Kartalarimizga faqat 10 million so‘mdan pul tushiramiz, deyishdi. Buniyam bir hafta ichida tushirarkan. “Keyin yer beramiz, uy qurib olasizlar. Qurilishiga yordam beramiz”, deyishdi. Lekin biz bu gaplarga ishonmaymiz. O‘yin qilishyapti. Toshkentdan bizga “pul olasizlar” deb jo‘natdi. Viloyatda esa yana aldashdi. Shuning uchun biz yana Toshkentga kelishga qaror qildik”, deydi shikoyatchilardan yana biri, Odina Komilova.

Ваъда қилинган пулини ололмаган сардобаликлар Вазирлар Маҳкамаси олдида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:32 0:00

Mulozim: Arzchilar talabi noqonuniy

Sirdaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi boshlig‘i O‘lmas Mamadalimov sardobalik sakkiz shikoyati talabini noqonuniy, deb hisoblashini aytdi.

“May oyida maxsus komissiya bu sakkiz kishining uyini ro‘yxatga kiritmagan. Uylar bo‘sh turgan deb ko‘rsatilgan. Ular bu uylarda yashamagan. 40 million so‘m odamlarning vayron bo‘lgan jihozlari uchun berildi. Bular esa noqonuniy narsani talab qilyapti. Bo‘sh turgan uyini odam yashadi deb, yolg‘ondan da’vo qilyapti. Ular Kabminga qatnayverib, bezor qilgani uchun homiylar hisobidan ularga yordam bermoqchi bo‘ldik. 40 million so‘mlik tartibga to‘g‘ri kelmagani uchun boshqa protokol qilib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida homiylar yordamida ko‘mak beramiz dedik. Lekin bunga rozi bo‘lishmadi. Ular talab qilayotgan narsa esa hech qachon hal bo‘lmaydi”, dedi O‘lmas Mamadalimov 2 - oktabr kuni.

Yordam pulini ololmagan arzchilar guruhi

Shikoyatchilardan biri - Do‘stlik mahallasida yashaydigan Umida Qarshiboyevaning Ozodlikka aytishicha, Sardoba suv omboridagi toshqin oqibatida uning 5 xonali hovlisi vayron bo‘lgan.

“O‘n yildan beri o‘sha uyda yashardik. Hujjatlari bor. Qo‘shnilar IIB borganida tasdiqlagan. Bu uyni qaynimning nomiga rasmiylashtirganmiz. 10 ta mol, 15 ta tovuq, 10 ta gilam, uydagi barcha ro‘zg‘or buyumlari oqib ketdi. 100 ta mevali daraxtimning hammasi qurib qoldi. Hammasini hisoblasa, 40 million emas, 100 million so‘mdan oshib ketadi”, deydi Umida Qarshiboyeva.

Uning mahalladoshi Oysara Isroilova o‘g‘lining toshqinda vayron bo‘lgan yangi uyi uchun yordam ololmagani sabab shikoyatchilar bilan Toshkentga yettinchi bor kelgan.

Uch farzandning otasi Nosir Umrzoqov 15 yildan beri yashagan uyi vayron bo‘lgani uchun yordam puli berilmagani uchun shikoyatchilar safiga qo‘shilganini aytdi.

Odina Komilova o‘zi yashagan uy uchun, Shuhrat Yo‘ldoshev va Ixtiyor Ochilov onalaring uylari uchun, Muzaffar Sultonov nogiron opasining uyi uchun tovon so‘rab, kurashib kelayotganini aytishdi.

Shahodat Uzoqova esa yangi qurilayotgan uyining qurilish materiallari oqib ketgani uchun tovon talab qilmoqda.

Shikoyatchilar guruhi 17 - sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovga beshinchi marta arz qilib borgan payti ularni hech kim qabul qilmagan va organ xodimlari tazyig‘ida yana Sirdaryoga jo‘natib yuborilgandi.

Уйини сел ювган сардобаликлар Вазирлар Маҳкамасидан мажбуран Сирдарёга олиб кетилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:19 0:00

Sardoba tumanidagi "Do‘stlik" mahallasi 1 - may kuni Sardoba suv omborida yuzaga chiqqan texnogen falokat oqibatida eng katta talafot ko‘rgan hududlardan biridir.

“Do‘stlik” mahallasi raisi Alisher Chinboyevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, mahallada jami 777ta xonadon bo‘lib, Sardoba ombori toshqinida ularning barchasi vayron bo‘lgan.

Ushbu mahallada yashovchi boshqa bir shikoyatchilar guruhi - 28 ta uy egasi ham Toshkentga bir necha bor qatnadi.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan yashab bo‘lmas holga kelgan uylari o‘rnida uy qurib berishni talab qilayotgan bu guruh ham bir necha bor IIB tomonidan olib ketildi.

Mahalla raisi Chinboyevning 2 - oktabr kuni Ozodlikka aytishicha, hozirda Vazirlar Mahkamasi oldida yotgan 8 shikoyatchidan tashqari, mahallada barchaning, jumladan, 28 ta uyda yashovchilar shikoyati ham hal qilingan.

1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yil 27 - iyulida tergovning dastlabki xulosalarini e’lon qilgan.

Unda to‘g‘onning o‘pirilishiga uch asosiy omil sabab bo‘lgani o‘rganilayotgani aytiladi.

Bular - loyiha hujjatlari, qurilish va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.

Mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tergovning qanchalik xolis va shaffofligi savol ostiga olingan.

XS
SM
MD
LG