Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:44

"Portlovchi qurilma": O‘zbekistonliklar gaz hisoblagichni tanlash imkoni yo‘qligidan norozi


O‘zbekistondagi 3.5 milliondan oshiq xonadonga faqat "Texnopark" MChJ gaz hisoblagichlarini o‘rnatish Shavkat Mirziyoyev qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.

Andijonda yangi o‘rnatilgan “aqlli gaz hisoblagich”ning portlashi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar o‘zlariga tanlov imkoniyati berilmaganidan norozilik bildirishmoqda.

24 - sentabr kuni Andijon shahridagi xonadonlardan birida o‘rnatilgan “aqlli gaz hisoblagich” ikki soat o‘tib-o‘tmay, portlab ketgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Baxtli tasodif tufayli hodisada hech kim talafot ko‘rmagan.

Portlagan gaz hisoblagichni Toshkent shahar hokimiga qarashli Texnopark MChJ ishlab chiqargan. Uni iste’molchi xonadoniga davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ o‘rnatgan.

Portlash sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Hozircha uning rasmiy xulosasi jamoatchilikka ochiqlanmadi.

2 - oktabr kuni Ozodlik bu e’tirozlar¸ qolaversa¸ ularga ishlab chiqaruvchi¸ o‘rnatuvchi tomon¸ shuningdek¸ iste’molchilar huquqini himoya qilishga mas’ul agentlik mulozimi javobini o‘rgandi.

Keskin e’tirozlar

Andijonda “aqlli gaz hisoblagich”ning portlashi joriy hafta ijtimoiy tarmoqlardagi faol o‘zbekistonliklar qizg‘in muhokama qilayotgan bosh mavzulardan biriga aylandi.

Prezident qarori bilan kelasi yil 1 - avgustiga qadar 3.5 milliondan oshiq o‘zbekistonlik uyiga ayni shunday gaz hisoblagich o‘rnatiladi va oqibatda 3.5 million o‘zbekistonlik uyi Andijondagi kabi ehtimoliy portlash sahnasiga aylanishi mumkin. Shu ehtimoldan cho‘chiyotgan o‘zbekistonliklar gaz hisoblagichni ishlab chiqarganni ham¸ o‘rnatganni ham javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.

Ayni paytda¸ o‘zbekistonliklarni u jarayonda o‘zlariga tanlov imkoni berilmagani junbushga solmoqda.

Ijtimoiy tarmoqda keng tanilgan Troll.uz kanali faollari “Hududgazta’minot” matbuot kotibi Mehribon Mametova bilan tortishuvda 3.5 million o‘zbekistonlik iste’molchini majburan Jahongir Ortiqxo‘jayev brendi sotayotgan gaz hisoblagichga o‘tkazishga norozilik bildirdi.

Agar biz huquqiy davlatda yashaganimizda edi¸bizning xohishimizga qarshi bitta firmaning hisoblagichlarini o‘rnatishmas edi”¸ deb yozdi muhokama qatnashchilaridan biri.

Aksar iste’molchilar o‘z uyiga potensial bomba o‘rnatilishini istamasligi va Andijondagi portlashdan so‘ng bu loyiha ijrosini to‘xtatib¸ Texnopark hisoblagichlarini mustaqil texnik ekspertizadan o‘rnatishni talab qilmoqda.

Davlat buyurtmachisi – «Hududgazta’minot” izohi

O‘zbekistonliklarni yoppasiga tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi (ruscha qisqartmasi ASKUG)ga o‘tkazish loyihasi buyurtmachisi davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ.

Bu loyiha doirasidagi 3.5 million donadan ortiq “aqlli gaz hisoblagich”ni Toshkentdagi Texnopark MChJsi “ishlab chiqarmoqda”¸ ularni iste’molchilar uyiga “Hududgazta’minot” xodimlari o‘rnatmoqda.

Andijondagi portlashdan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda qatnashayotgan “Hududgazta’minot” AJ matbuot kotibi Mehribon Mametova 2 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda bu e’tirozlarni rad qildi.

-Ishchi guruh ishlayapti. Sinovlarni o‘tkazyapmiz. Hozir biz tomondan¸ ishlab chiqaruvchi tomonidan¸ ekspertlar o‘rganyapti. Guruh xulosasini yaqinda e’lon qilamiz. Respublika bo‘yicha bugungacha 400 mingta gaz hisoblagich qo‘ydik. Birorta bunaqa holat bo‘lmadi¸ bo‘lishi ham mumkin emas. Chunki u yerda himoya klapani¸ davleniyeni bir tekis qiladigan uskunalariyam bor. Bu juda zamonaviy schyotchiklar.Sifati juda zo‘r. Ishlab chiqaruvchi 5 yillik garantiya bergan. Biror narsa bo‘lsa¸ ishlab chiqaruvchi tuzatib beradi¸ dedi Mametova.

Hozircha ishchi guruh tarkibi jamoatchilikka ochiqlanmadi¸ uning tarkibida mustaqil mutaxassislar bor-yo‘qligiga oid aniq ma’lumot yo‘q.

“Hududgazta’monot” matbuot kotibi qish mavsumi boshlanishi bilan gaz bosimidagi beqarorlik ortidan bunday portlashlar ko‘payishi haqidagi xavotirlarni rad qilishga urindi.

Mulozimga ko‘ra¸ gaz hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida gaz bosimidagi o‘zgarishlar¸ iste’molchi joylashgan landshaft kabi jihatlar ham hisobga olingan.

Gaz hisoblagichlar sifatining “juda baland” ekanini ta’kidlagan “Hududgazta’minot” mulozimi¸ ularning dunyoda gaz hisoblagich bo‘yicha eng yetakchi kompaniyalardan biri Pietro Fiorentini bilan hamkorlik mahsuli ekanini alohida ta’kidladi.

Mehribon Mametova Pietro Fiorentini ishlab chiqargan gaz hisoblagichlar¸ O‘zbekistonda 2017 yilgi pilot loyiha davomida sinovdan o‘tganini qo‘shimcha qildi.

Ishlab chiqaruvchi – Texnopark izohi

2 - oktabr kuni Ozodlik Andijonda portlagan aqlli gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchisi Texnopark MChJ rasmiy saytida bosh direktor Sarvar Axadovniki deb taqdim etilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi.

“Axadovning qurilish hududida ekani”ni bildirgan MChJ vakili¸ Andijondagi portlash yuzasidan borayotgan surishtiruvda o‘z vakillari qatnashayotganini tasdiqladi.

Komissiya ekspertlari hali portlashning ishlab chiqaruvchi yoki o‘rnatuvchi aybi bilan bo‘lganini aniqlashtirgani yo‘q. Aniq xulosaga kelingandan keyin¸ rasmiy bayonot beriladi".

O‘zbekistonliklar xonadoniga o‘rnatilayotgan 3.5 milliondan oshiq gaz hisoblagich¸ “Hududgazta’minot” rasmiysi ta’kidicha¸ Italiyaning dunëga mashhur Pietro Fiorentini kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilmoqda. Texnopark MChJ ishlab chiqarayotgan gaz hisoblagichlar sifati uchun Italiya kompaniyasi ham kafolat beradimi¸ degan savolga MChJ vakili¸ "yo‘q" deb javob berdi.

Bizda ularning oborudovaniyelari o‘rnatilgan. Ishlab chiqarayotgan brend o‘zimizning Osten brendi. Mahsulot bizniki”.

Texnopark MChJ Osten brendi bilan ishlab chiqarayotgan gaz hisoblagich¸ O‘zbekistondagi shunday qurilmalar ishlab chiqaruvchilar davlat reyestriga 2020 - yilning 26 - fevral kuni kiritilgan. Oradan bir oy o‘tib¸ 3¸5 million hisoblagich ishlab chiqarish bo‘yicha davlat buyurtmasi aynan shu MChJga berilgan.

Uzoq muddat davomida keng ko‘lami sinovdan o‘tmagan Osten brendidagi gaz hisoblagichlarning xavfsizligi iste’molchida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu xavotirlarga qanday javob berasiz?”¸ degan savolga Texnopark mulozimi unga javob berish vakolatiga ega emasligini aytish bilan cheklandi.

Iste’molchini o‘z uyiga potensial“portlovchi qurilma” o‘rnatish bosimidan kim himoya qiladi?

2 - oktabr kuni Ozodlik bu savolga javob topish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qildi.

Agentlikning Ozodlik gaplashgan mutaxassisiga ko‘ra¸ gaz hisoblagich portlagan andijonlik iste’molchi xonadoniga yangi qurilma o‘rnatilgan.

Ayni paytda agentlik mutaxassisi¸ 3.5 milliondan oshiq iste’molchining nima uchun risoladagiday texnik sinovdan o‘tmagan Texnopark MChJ gaz hisoblagichini olishga majburlanayotgani haqidagi savolga “tegishli vakolatli organlar” mas’ulligini aytish bilan cheklandi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga asosan¸ iste’molchiga yetkazib berilayotgan har qanday tovar texnik reglamentlar¸ texnik qoidalarga mos bo‘lishi kerak. Biz gaz hisoblagichlar sotib olish bo‘yicha davlat tenderida ishtirok etmaganmiz. Iste’molchining tovar to‘g‘risida¸ ishlab chiqaruvchi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish huquqi bor. Iste’molchi bu borada ma’lumot so‘rab ta’minotchiga murojaat qilishga haqli. O‘rnatilayotgan gaz hisoblagichlarga sertifikat bergan vakolatli organlar ham iste’molchining bu savollariga javob berishga mas’ul”.

Hozirgacha o‘zbekistonliklarni yoppasiga Toshkent shahar hokimi¸ O‘zbekistondagi eng yirik Akfa/Artel korporatsiyasi egasi¸ prezident Mirziyoyevga yaqin ko‘rilgan Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli Osten brendidagi gaz hisoblagichlarga o‘tkazish loyihasi yuzasidan kun tartibiga tushgan savollarga "vakolatli davlat organlari"dan birortasi javob bergan emas.

Xorij moliya tizimlaridan davlat kafolati bilan olinadigan qarz hisobiga amalga oshirila5yotgan bu loyihaning birlamchi qiymati¸ Ozodlikdagi hujjatlarga ko‘ra¸ 555 million AQSh dollariga teng.

XS
SM
MD
LG