Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:16

"Mendirman o‘sha": Jaloliddin Manguberdi - tarixiy film va zamonaviy parallellar


Saida Mirziyoyeva va Gulnora Karimova
Saida Mirziyoyeva va Gulnora Karimova

3 - oktabr kuni Tashkent citydagi Kongress-Xollda o‘zbek va turk kinoijodkorlari hamkorlikda suratga olgan “Mendirman Jaloliddin” serialining birinchi qismi jamoatchilikka taqdim qilindi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ bu film turkiyalik prodyuser Mehmet Bo‘zdog‘ning “Bo‘zdog‘ film” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan bo‘lib, loyiha g‘oyasi Ozodbek Nazarbekov ijro qilgan “Mendirman o‘sha” qo‘shig‘i ustiga qurilgan.

Filmning ssenariy muallifi taniqli o‘zbek yozuvchisi Nazar Eshonqul. Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ kinokartinani O‘zbekistondagi eng yirik xususiy banklardan “Orient Finans Bank” to‘liq moliyalagan va davlat g‘aznasidan mablag‘ sarflanmagan.

Ayni paytda film taqdimotida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning so‘zlaridan kelib chiqilsa¸ film uning “orzusi ro‘yobi" bo‘lgan.

Filmni prezident qizi “yaratgan”

Ozodlik kinoni suratga olish jarayonida qatnashganlar bilan suhbatlashdi. Ularning aksari prezident qizining ushbu loyihadagi roli "ramziy" ekanini e’tirof etishdi.

Ular yaqin o‘tmishda marhum birinchi prezidentning hozir qamoq jazosini o‘tayotgan qizi Gulnora Karimovaning “kinematografik xarxashalarini” bajarish uchun kinochilar jamoasi safarbar qilinganini eslashdi.

Kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda “hozirgi prezidentning qizi Saida oldingi prezident qizi Gulnoraning xatolarini ustma-ust takrorlayapti”, degan fikrda.

“Gulnora Karimova bir vaqtlar o‘zini kinoning dahosi, deb o‘ylab ,“Oltin gepard” degan festival ham o‘tkazgan edi. Bugun Saida Mirziyoyeva atrofida girdikapalak bo‘layotgan kinobomond o‘sha paytda Gulnoraning atrofida edi. Nafaqat Saida, balki o‘zbek kinojamoatchiligi ham o‘tmish xatolaridan saboq chiqargani yo‘q” , - deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.

Kinorejissyorning aytishicha, birinchi oila mansublarining “orzu-havasini” kinoda namoyish qilishga intilish "qoloq mamlakatlarga xos ko‘rinish".

“Juda qoloq mamlakatlardagina shunday holat bor. Masalan, Putinning qizi Rossiyada kino olsa, jamiyat buni yaxshi qabul qilmaydi. Marhum prezident Karimovning ikkala qizi - Gulnora va Lolada kinoda o‘zini namoyon qilish ishtiyoqi o‘ta kuchli edi. Hatto Gulnora Karimova “Muhtasham yuz yil” serialida Sulton Sulaymon rolini ijro qilgan Xolid Erganchni Toshkentga chaqirib, mehmon qilgan edi. Lola Karimova esa, “Ulug‘bek” degan kinoni suratga oldim, deb o‘zini piar qildi. Juzeppe Tornatore degan italyan kinochisi suratga olgan “Yulduzlar fabrikasi” degan film bor. Filmda bir tovlamachi feyk rejissyor Italiyaning qoloq bir qishlog‘iga borib, pul evaziga yolg‘ondakam kinokasting o‘tkazadi. Qishloqdagi barcha¸ hatto mafiya vakillari ham kinoyulduz bo‘lishni xohlaydi. Bu kulgili manzarani Saida Mirziyoyeva misolida ko‘rib turibmiz. Samarqandda yurib, Jaloliddin haqida kino olishni orzu qildim, deyapti. Jaloliddinning hozirgi Turkmanistonda joylashgan Ko‘hna Urganchda yashaganini ham bilmaydi, degan tasavvur paydo bo‘ladi"¸- deydi Ulug‘bek Yo‘ldoshev.

Prezident qiziga ta’zim

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev kinotaqdimot paytida prezident qiziga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim bajo keltirish singari manzara guvohi bo‘lganidan taassuf bildirdi.

“O‘zbekiston Prezidentining ilm-fan masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov kabi yoshi katta kishining qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib¸ nevarasi tengi qiz-Saida oldida egilib turganini ko‘rib, juda g‘alati bo‘ldim. Bunday ayanchli manzarani biz Turkmaniston haqidagi lavhalarda ko‘rardik. Hatto Gulnora Karimovaning son-sanoqsiz kino tadbirlarida ham biror mulozimning qaddini bukib, ta’zim qilganini eslolmayman. Kinotadbirda Saida Mirziyoyevaning "bosh qaxramon" qilinishini kim tashkil qilganini bilaman, ammo etika nuqtai nazaridan kelib chiqib, aytmayman ismini..”

Ta’zim bajo keltirish
Ta’zim bajo keltirish

Shubhali homiyliklar

O‘zbekiston boshqaruviga yaqin bir-biridan mustaqil mulozimlar “Mendirman Jaloliddin” filmi loyihasi va moliyasining shaffof emasligiga e’tibor qaratishdi.

“Mendirman Jaloliddin” filmi taqdimoti arafasida bir guruh o‘zbek kinochilari O‘zbekiston prezidentiga maktub yo‘llab, kino sanoatida urchigan korrupsiya ko‘lamidan shikoyat qilishgan edi. Kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev ham ana shu norozilardan biri. U “Mendirman Jaloliddin” filmining O‘zbekiston tashqarisida olinishi turli savollar uyg‘otganini aytadi.

“2017 - yil 7 - avgustda prezident imzolagan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bor. Bu qarorda O‘zbekiston hududida chetdan investitsiya jalb qilib ,film suratga olishga e’tibor qaratilgan. Saida Mirziyoyevaning gaplariga ishonsak, “Orient Finans Bank” , ya’ni O‘zbekistondagi bank Jaloliddin Manguberdi haqidagi 12 seriyalik kinoni to‘la moliyalagan. Ular nega bu pulni chet elda kino olishga sarfladi? Bu prezident qaroriga mutlaqo zid-ku. Bu pulga Turkiyaning Oqsaroy degan dashtli zonasida 30 gektarlik kinopavilyon qurildi. Suratga olish texnikasi sotib olindi. Shu ishni O‘zbekiston hududida qilsa bo‘lmasmidi? Xiva tumaniga yondosh Qoraqum sahrosi kolorit jihatidan Oqsaroydan yaxshi va tarixiy haqiqatga yaqinroq. Pul O‘zbekiston iqdisodiyotiga sarf bo‘lardi. Ishchi o‘rinlari ochilardi. Turli "otkat" sxemalari" va pul yuvish haqidagi iddaolar menga ham yetib keldi va men bundan hayratlanmadim”, - deydi kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev.

O‘zbekistondagi kino sanoati eng korrupsiyalashgan sohalardan biri sifatida ko‘riladi. 2014 - yilda “O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatida olib borilgan taftishlarda “pul yuvish" hamda davlat mablag‘larini katta miqdorda talon-toroj qilish faktlari aniqlangan va jinoyat ishi ochilgan edi.

Taftish ortidan “O‘zbekfilm” ochiq hissadorlik jamiyatining mahsulotlarini sotish bo‘limi boshlig‘i 51 yashar Nazarov To‘lagan Tolipovich “O‘zbekfilm” binosida o‘zini osgan.

Keyinroq bir necha mas’ullar shartli jazo va jarimalarga tortilgan edi.

XS
SM
MD
LG