Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 04:00

"Korean&Migrations"ishi: Mustaqillik maydoniga chiqqan norozilar kuch qo‘llanganidan shikoyat qildi (VIDEO)


"Korean & Migrations" firmasidan aldanganlar namoyishi. 12 - oktabr, Mustaqillik maydoni.

"Korean and Migrations" xususiy bandlik agentligining Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish va’dalariga ishonib, aldanganlardan 50 nafarga yaqini 12 - oktabr kuni yana Mustaqillik maydoniga to‘plandi.

Norozilarga ko‘ra, ularni bir kun ichida ikki marta Mustaqillik maydonidan kuch bilan haydashgan.

Arzchilardan ikki nafari IIB tomonidan ushlanib, “tushuntirish o‘tkazilgach” qo‘yib yuborilgan.

Ayni paytda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mulozimlari "Korean and Migrations" firmasidan jabrlanganlarning "pullarini qaytarish harakatlari boshlanayotgani"ni bildirdi.

Bir hafta avval norozilik bildirib Toshkentga yig‘ilgan boshqa bir agentlik - Profelite IMP firmasidan aldangan 48 kishiga esa pullari qaytarib berilgan.

Namoyishchilar: Bizga kuch qo‘llashdi

12 - oktabr kuni ertalabdan "Korean and Migrations" agentligidan aldangan 50 ka yaqin kishi Toshkentning Mustaqillik maydoniga yig‘ildi.

Yig‘ilganlardan birining Ozodlikka aytishicha, ularni tushga yaqin Mustaqillik maydonidan kuch bilan haydashgan:

“Biz ertalab soat 9larda Mustaqillik maydonidagi Humo qushi yodgorligi tagiga keldik. Ellikka yaqin odam to‘plandik. Avval Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov keldi. Keyin bizga bosim qilib, maydondan haydashdi. Bizni haydayotgan paytini bir yigit videoga olayotgandi, ichki ishlar uni ushlab oldi. Bizlar u yigitni bermaymiz, deb , uni qo‘yib yubormadik. Ikki o‘rtada tortishuv kelib chiqdi. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Baribir IIB kuchli chiqdi, ular yigitni tortqilab, avtobusga bosib, olib ketdi”.

Ushbu namoyish qatnashchilaridan yana biri esa IIB tomonidan ushlanganlar ikki kishi ekanini aytdi:

“Ikki kishini bosib, olib ketishdi. Men ularni keyin ko‘rmadim. Ularga nima bo‘lganini ham bilmayman. Qaytib kelishmadi. Keyin hammamizni kuch bilan avtobusga tiqib, Tashqi migratsiya agentligiga olib borishdi. U yerda bizga Qozog‘iston va Rossiyaga ishlashga ketishni taklif qilishdi. Biz ish so‘rab kelmadik, pullarimizni qaytarishni talab qilyapmiz”.

"Korean&Migrations" фирмасидан алданганлар Мирзиёевга мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:38 0:00

Mulozim: Hech kim hibsga olinmadi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Ozodlik 12 - oktabr kuni tushdan keyin gaplashgan mulozimi IIB tomonidan hech kim hibsga olinmaganini bildirdi.

“Hech kim qamalmadi. To‘polon chiqarish qonunga zid ekanini tushuntirib, keyin qo‘yib yuborishdi. Agentlikka avtobusda olib kelinganlar bilan ham suhbatlashgach, uylariga ketishdi”, - dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Namoyishchilar: Norozilik davom etdi

Tushdan keyin Ozodlik bilan qayta bog‘langan jabrlanganlar esa, Mustaqillik maydonida namoyishni yana davom ettirishganini aytishdi:

“Bizga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida quruq gap qilishgach, Mustaqillik maydoniga qaytib keldik. Prezidentga videomurojaat qildik. Keyin Bosh vazirning idorasiga piyoda ketayotgan paytimizda, oldimizdan Milliy gvardiya chiqib, to‘sqinlik qildi. Ular soni yigirmatacha edi. Keyin namanganlik bir opa o‘zini mashina tagiga tashlamoqchi bo‘lgandi, Milliy gvardiyachilar ushlab qoldi. Keyin bizni bosim bilan yana avtobusga mindirib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga olib borishdi. U yerdan yana quruq gap bilan avtobusga qayta mindirib, Qo‘yliqqa olib borib tashlashdi”.

Uch oyda uch namoyish

"Korean and Migrations" agentligidan aldanganlar keyingi uch oy ichida jami uch marta norozilik bildirib, Toshkentda to‘plandi.

28 - sentabr kuni ham Bosh vazir qabulini talab qilib to‘plangan namoyishchilar Mustaqillik maydonidan haydab yuborilgandi.

1-2 - iyul kunlari esa jabrlanuvchilar Toshkentning Mustaqillik maydonida to‘planib, prezident Mirziyoyevdan yordam so‘rashgan.

"Korean&Migration" чув туширганлар пулларини қайтариб олиш учун президентдан ëрдам сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:28 0:00

Mulozim: Pullarni qaytaramiz

“Korean and Migration” rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida Ozodlik 2019 - yil 10 - noyabrida xabar bergan edi.

Joriy yilning 14 - sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi “Korean and Migrations” agentligi mansabdor shaxslari va vositachilari ustidan hukm o‘qidi.

O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumotiga ko‘ra, agentlik direktori Qahramon Otaqulov va agentlikning Namangan viloyat filiali direktori Odil Kabilov 9 yilga, agentlik ta’sischisi Xushvaqt Turdiyev va agentlikning o‘quv ishlari bo‘limi direktori Musurmon Aliqulov 8 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Ozodlik bog‘langan mulozimi “Korean and Migrations" firmasidan jabrlanganlarning pullarini qaytarish harakatlari boshlanayotganini bildirdi.

“Sud “Korean and Migrations” agentligi 2297 fuqaroga yetkazgan 19 milliard 616 million so‘mni undirish haqida hukm chiqargan. Biroq hozirda IIV depozitida atigi 7 mlrd 831 mln so‘m bor, yana 573 mln so‘mlik xatlangan mol-mulklar bor. Shuning uchun hozircha bor pulni hammaga teng bo‘lib beramiz. Boshqa iloji yo‘q. 38 foizdan tushadi. Yaqin kunlarda jabrlanuvchilar bu pullarni oladi”, - dedi agentlik mulozimi.

Mulozimning aytishicha, keyingi bir hafta mobaynida “Profelite IMP” agentligidan jabrlangan "42 kishiga jami 431 million so‘m pul qaytarilgan".

Ushbu agentlikdan aldanganlar 6 - okyabr kuni Toshkentdagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oldida norozilik bildirishgandi.

Bandlik agentliklari faoliyati qayta ko‘riladi

O‘zbekistonda xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga 2018 - yil kuzidan boshlab ruxsat berilgan edi. Shundan keyin o‘tgan ikki yil davomida 75 ta agentlikka fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, keyingi bir yil ichida jami 48 ta agentlikning litsenziyasi bekor qilingan, o‘ndan ziyod agentlikka qarshi ish ochilgan, hozirda 27 agentlik o‘z faoliyatini davom ettiryapti.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining 6 - oktabr kuni Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan mulozimiga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini qayta tashkil etish rejalanmoqda.

Bir oy ichida e’lon qilinishi kutilayotgan yangi qonunga muvofiq, endilikda bandlik agentliklari faqat konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Xorijga ishga jo‘natish bilan esa, bundan buyon faqat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shug‘ullanishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG