Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 17:17

IIB xodimi va begona ayol - Farg‘onadagi "samosud" videosi shaxsiy hayot daxlsizligi haqidagi savollarni o‘rtaga chiqardi


Joriy yilning 2 - oktabr kuni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Farg‘ona viloyati Furqat tuman sudi "shaxsiy hayot daxlsizligini buzish" va "mayda bezorilik"da aybdor deb topilgan ikki shaxsni 10 sutkalik qamoq jazosiga mahkum etgan.

Ayni ish bo‘yicha jazoga tortilgan yana uch kishiga 5 va 7 sutkalik ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.

Furqat tumanidagi qishloqlardan birida istiqomat qiluvchi bu fuqarolarning qamalishiga shu yil iyunida “IIB xodimi bilan ushlangan“i iddao qilingan ayolning oradan ikki oy o‘tib yozgan shikoyat arizasi asos bo‘lgan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Furqat tuman sudining 2 - oktabrdagi qarori bilan shikoyat yozgan ayolning o‘zi ham "haqorat qilish"da aybdor deb topilib, jazoga tortilgan.

Tunda olingan video

Nohaq jazolanganini iddao qilayotgan furqatliklar Ozodlikka 2 daqiqayu 13 soniyalik video taqdim etdi.

Joriy yilning 4 - iyun tunida yozib olingan videoda bir xonadonning hovlisi, bir ayol va ikki erkak ko‘rinadi. Erkaklardan biri IIB xodimi kiyimida. Ikkinchi erkak esa IIB xodimidan "tunda bu uyda nima qilyapsan?", deb so‘raydi. IIB xodimi “ma’lumot tushgan edi, shuni tekshirishga kelganman”, deydi va kamerani o‘chirishni talab qiladi. Kamera ortidan kelayotgan ovozlardan hovlida yana bir necha kishi borligini anglash mumkin.

Videoni Ozodlikka jo‘natganlarning iddao qilishicha, IIB xodimi ayolning xonadoniga "ma’lumot tekshirish uchun emas, balki butunlay boshqa niyatda" tashrif buyurgan.

Videoda ayolning Rossiyada ishlayotgan erining amakisi ham bor - y xonadonga "oila sha’nini himoya qilish uchun" guvohlar ishtirokida kelgan.

Uy bekasining aytgani

Ozodlik videodagi ayol bilan bog‘landi.

Ayol (Ozodlikka uning shaxsi ma’lum) uyiga bostirib kirganlar unga tuhmat qilganini aytadi.

Oradan ikki kun o‘tib, ular mendan kechirim so‘rashdi, lekin keyin videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishdi. Shuning uchun men ularni sudga berdim”, - dedi farzandlari bo‘yiga yetib qolganini ta’kidlagan farg‘onalik ayol.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Furqat tuman sudining joriy yil 2 - oktabrida sudya A.Minojiddinov raisligida o‘tgan majlisida har ikkala tomon jazolangan.

Ayol va uning onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41- moddasi (Haqorat qilish-tahr.) bo‘yicha aybdor topilib, jarimaga tortilgvn.

Ayolning uyiga bostirib kirgan qishloqliklardan 5 kishi esa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasi (Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish- tahr.), 461-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish- tahr.) hamda 183- moddasida (Mayda bezorilik- tahr.) nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 sutkadan 10 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinadi. (Bir kishi 7, ikki kishi 5, ikki kishi 10 sutka- tahr.)

Qamalib chiqqanlarning Ozodlikka iddao qilishicha, "videoga tushib qolgan IIB xodimi" sud majlisiga chaqirilmagan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, mahkama, umuman, "4 - iyun tunidagi voqeani o‘rganmagan".

“IIB xodimi koronavirusga chalingan, majlisga kelolmaydi deyishdi, biroq ertasigayoq biz uning soppa-sog‘ yurganini ko‘rdik”, - deya iddao qiladi ma’muriy qamoq jazosiga tortilganlardan biri.

Ozodlik videoda aks etgan IIB xodimi bilan bog‘liq savollarga javob olish maqsadida Furqat tuman IIB bilan bog‘landi. Navbatchi bu ishdan xabarsizligini bildirish bilan cheklandi. Xodimning ismi Jasurbek ekanini aytgan bevosita rahbari qo‘ng‘iroqlarga kun davomida javob bermadi.

Ayblanganlardan yana birining iddao qilishicha, ular belgilangan qamoq muddatidan tashqari, jarimaga ham tortilganliklarini 12 - oktabr kuni, sud qarori nusxasini olgandan so‘ng bilishgan.

Ozodlikda sud qarori nusxasi bor. Unda qamoq jazosidan tashqari, 5 nafar sudlanuvchining har biri 223 000 so‘mdan jarimaga tortilgan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Furqat tuman sudi mulozimi Ozodlik savollariga "ishni o‘rganib chiqqanidan so‘ng" javob berishini bildirdi, biroq keyinroq Ozodlik qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

"Qonunga zid"

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ayni mazmundagi videomateriallar bot-bot tarqalayotganini kuzatish mumkin.

Toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilovning ogohlantirishicha, bu kabi videolarni tarqatish qonunga xilof.

Huquqshunos Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 461-moddasi “Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish” deb atalishini eslatdi. Ushbu moddada “Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Shu yil iyunida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi "samosud" hodisasi yuzasidan jinoyat ishi ochilgan
Shu yil iyunida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanidagi "samosud" hodisasi yuzasidan jinoyat ishi ochilgan

4 - iyun tunidagi voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganidan so‘ng, undagi ayolning Ozodlikka aytishicha, 3 yildan beri Rossiyadan kelmagan eri bilan ajrashib ketgan, uch akasi undan voz kechgan.

“Samosud" va mahalla

Toshkentlik pedagog olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, Farg‘onada yuz bergan hodisa alohida va ihotalangan bir hodisa emas.

"Bir qaraganda, "qo‘shnilar" yaxshigina axloq himoyasidagi tadbirni uyushtirishgan. Ammo shaxsning erkinlik huquqi degan tushuncha ham bor-ku, axir", - deydi olim.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda "qandaydir shaxsning o‘zi qoziyu o‘zi hokim sifatida kimningdir ustidan hukm chiqarib, jazo qo‘llash hollari ko‘payib bormoqda".

"Men yomon ko‘rgan maqollardan biri, bu - "mahallada yetti-sakkiz ota-ona" haqidagi maqol. Endi o‘ylab qaraylik, hamma kelib, sizning bolangizga otalik yoki onalik qilaversa, hech kimga yoqmasa kerak. Bu tomonini o‘ylab ham o‘tirmaymiz-da, maqolni qaytaraveramiz", - deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

Uning aytishicha, muammoning ildizi faqat maishiy emas, balki jamiyatdagi mavjud institutlar va hatto boshqaruv tuzilmalariga borib taqaladi.

"Yana bir jiddiy o‘ylab ko‘radigan masala, bu - Mahalla tashkiloti (joriy yil 18 - fevralidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi - tahr.) Bunday qarasangiz, durustgina tashkilotga o‘xshaydi. Ammo bu tashkilotning o‘z-o‘zidan sizning hayotingizga aralasha boshlaganini qanday qabul qilasiz? Ba’zilar aytadi, siz u mahallada yashaysiz-ku axir, deb. Xo‘p, yashasam mahalladagi hamma narsaga men javobgarmi yoki mening harakatlarimga butun mahalladagilar javob berishi kerakmi? Mana, masalaning tomiri qaysi tomonlarga ketyapti", - deydi pedagog olim.

Uning ta’kidlashicha, jamiyatda qonunlar hurmat qilinmas ekan, "samosud"lar ko‘payaveradi.

"Jamiyatimizda "samosud"ga o‘rin bo‘lmasligi kerak, hammani faqat qonun oldida sud qilishimiz lozim va buni ham faqat davlat qilishi mumkin", - deydi Mahmud Yo‘ldoshev.

Faol aralashuv

O‘zbekistonda nafaqat mahalla yoki oddiy aholi vakillari, balki davlatning ham fuqarolar shaxsiy hayotiga faol aralashuvi munozara mavzusi.

Avtoritar davlatlarga xos fuqarolar hayotining barcha aspektlarini nazorat qilishga urinish mintaqaning boshqa davlatlarida ham keng tarqalgan ko‘rinish.

Rasmiylar ko‘pincha qonunlardan ko‘ra “ma’naviyat” yoki “milliy qadriyatlar” singari tushunchalarga murojaat qilishadi.

Milliy qadriyatlarga yotligi vajidan xorij seriallaridagi alohida sahnalarning olib tashlanishi senzura haqidagi tanqidlarga ham sabab bo‘lgan.

2016 - yil sentabriga kelib Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga shaxsiy hayot va ma’lumotlarning daxlsizligini buzganlik uchun moddalar kiritilgan bo‘lsa-da, amalda huquq-tartibot idoralarining fuqarolar hayotiga aralashuvi kuchaygani kuzatiladi.

Bir vaqtning o‘zida jinoyatchilikka qarshi profilaktika choralarini kuchaytirish maqsadida mahallada yashovchi uchastka nozirlari uchun uylar qurish yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalla, shuningdek, “Ma’naviyat va ma’rifat markazlari” singari davlat va yarim davlat tuzilmalarining roli borasida jamiyatda qarama-qarshi fikrlar mavjud.

O‘tmishda Hyuman Rayts Uotch inson haqlari tashkiloti mahalla singari fuqarolar o‘z-o‘zini boshqarish instituti amalda total nazorat vositasiga aylantirilganini tanqid qilgan edi.

Ozodlik tahririyati Farg‘onadagi hodisa, shuningdek, maqolada bildirilgan fikrlar yuzasidan rasmiylar, jumladan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa tomonlarning munosabatiga ochiq.

XS
SM
MD
LG