Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 08:14

Qirg‘izistonni larzaga solgan 10 kun: Jeenbekov, Japarov va javobsiz savollar


Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 15 -oktabr kuni iste’foga chiqqanini uning matbuot xizmati ma’lum qildi

“Sooronbay Jeenbekovning iste’foga ketishi Qirg‘iziston uchun katta fojiadir. Endilikda ertaga nima bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga keldi. Kim maydonga ko‘proq odam yig‘a olsa, o‘sha hokimiyatni ilib ketadigan vaziyat paydo bo‘ldi”.

Bu fikrni Ozodlikka qirg‘izistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulova, Qirg‘iziston prezidenti Jeenbekov lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib, aytdi.

Qo‘shni mamlakatda voqealar qay yo‘sinda rivojlanishi mumkin va bu Toshkent-Bishkek munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bu savolni muxbirimiz qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik siyosatchi hamda tahlilchilarga berdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 15 -oktabr kuni iste’foga chiqqanini uning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident o‘z iste’fosini nima bilan izohladi?

Davlat rahbari rasmiy saytidagi murojaatnomada Jeenbekov poytaxt Bishkekda ijtimoiy-siyosiy vaziyat tarangligicha qolayotgani, o‘z iste’fosi haqidagi talablar tinmayotgani, joriy vaziyat bir tomondan mitingchilar, ikkinchi tomondan esa, kuch ishlatuvchi idoralar xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvga yaqin ekanini bildirgan.

Prezident o‘zi uchun Qirg‘izistondagi tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalq birligi va jamiyat osoyishtaligi hamma narsadan muhimligini urg‘ulagan Jeenbekov tarixda qon to‘kkan prezident sifatida qolishni istamagani uchun iste’foga chiqish haqida qaror qabul qilganini qayd etgan.

Qirg‘izistonni larzaga solgan 10 kun

4 - oktabrda o‘tkazilgan parlament saylovining dastlabki natijalari e’lon qilinishi ortidan 5 - oktabrdan boshlab Qirg‘izistonda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Sobiq prezident Almazbek Atambayev asos solgan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi a’zosi, shu partiya nomzodi sifatida so‘nggi saylovga qatnashgan Anvar Ortiqov norozilik sabablari to‘g‘risida Ozodlikka bunday dedi:

Anvar Ortiqov
Anvar Ortiqov

- 4 - oktabrdagi saylov g‘irromlik bilan o‘tkazilgani norozikliklarga sabab bo‘ldi. Ovozlarni sotib olish uchun juda katta pul sarflandi, ma’muriy resurslardan foydalanildi. Bunga indamay qarab turish mumkin emas edi”.

4 - oktabrdagi parlament sayloviga hammasi bo‘lib 16 siyosiy partiya qatnashdi. Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, prezident Jeenbekovga yaqinligi aytilgan uch partiya parlamentdagi 120 o‘rinning deyarli 90 foizini egallashi lozim edi.

Sadir Japarov kim?

5 - oktabr kuni boshlangan norozilik chiqishlari ortidan namoyishchilar prezident va parlament faoliyat yuritadigan “Oq uy”ni egallab olgan hamda Sadir Japarov doxil bir necha siyosatchini qamoqdan ozod etgan edi.

Sadir Japarov
Sadir Japarov

Shundan so‘ng Sadir Japarov tarafdorlari uning bosh vazir etib tayinlanishini talab qila boshlagan.

9 - oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bosh vazir Qubatbek Bo‘ro‘nov boshchiligidagi hukumat iste’fosini qabul qilgan.

Japarov nomzodi bosh vazirlikka rasman 14 - oktabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlari tomonidan ma’qullandi va prezident tomonidan tasdiqlandi.

Abdulla Aripov
Abdulla Aripov

15 - oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Sadir Japarov nomiga Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Prezident Jeenbekov Sadir Japarovni bosh vazir lavozimiga tasdiqlaganidan so‘ng ham Japarovning tarafdorlari prezidentdan zudlik bilan iste’foga ketishni talab qilishni davom ettiraverdi va prezident Jeenbekov 15 - oktabr kuni iste’foga ketganini e’lon qildi.

Tahlilchilar yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida nima deyapti?

Qirg‘izistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulova “Sooronbay Jeenbekovning iste’foga chiqishi Qirg‘izistonni 2005 - yilgi vaziyatga qaytarib qo‘ydi”, der ekan, fikrini mana bunday davom ettirdi:

Aziza Abdurasulova
Aziza Abdurasulova

- O‘shanda prezident Akayev lavozimdan ketib, hokimiyatsizlik holatiga tushib qolgan edik. 2010 - yili ham shunday voqea bo‘lgan, biroq u paytdagi vaziyat hozirgidan yaxshiroq edi. Hozirgiday boshboshdoqlikka yo‘l qo‘yilmagan.

Abdurasulovaning fikricha, “Jeenbekovning ketishi Qirg‘iziston uchun katta fojia. Endilikda ertaga nima bo‘lishini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga keldi”.

Toshkentlik siyosatshunos, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis Farhod Tolipov Bishkekdagi jarayonlarni tashvish bilan kuzatayotganini ta’kidlab aytar ekan, bunday dedi:

Farhod Tolipov
Farhod Tolipov

- Qirg‘izistonliklar o‘z boshidan ikki marta o‘tkazgan edi bunday voqealarni. Mana endi uchinchisi guvohi bo‘lib turibmiz. Har gal to‘polonlar saylovdan keyin bo‘ldi. Prezident Jeenbekov iste’foga ketishga majbur bo‘ldi. Albatta, bu salbiy voqea va uni boshqacha baholab bo‘lmaydi.

Sobiq prezident Almazbek Atambayev asos solgan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi a’zosi, shu partiya nomzodi sifatida so‘nggi saylovga qatnashgan Anvar Ortiqovning fikricha, “Sooronbay Jeenbekov iste’fo berib to‘g‘ri qildi, agar shunday qilmaganida xalq tinchimas edi. Boshqa yo‘l yo‘q edi”.

Qirg‘izistonlik boshqa bir siyosatchi, Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining raisi Baxtiyor Fattohov yurtdoshi Anvar Ortiqovdan farqli fikr bildirdi:

- Jeenbekovning shoshma-shosharlik bilan iste’foga ketishi katta xato bo‘ldi. Prezident yangi parlament saylovini o‘tkazib, u ishini boshlaganidan keyin ketsa, yaxshi bo‘lar edi.

Toshkent – Bishkek munosabatlari nima bo‘ladi?

Inson huquqlari himoyachisi Aziza Abdurasulovaning fikricha, Bishkekning Toshkent bilangina emas, umuman, tashqi sheriklari bilan munosabatlarining yaqin kelajakdagi istiqboli savol ostida:

- Qirg‘izistonning nafaqat O‘zbekiston bilan, balki Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari haqida gapirsak, ularning hammasi ham Bishkek bilan ehtiyot bo‘lib muomala qiladi. Chunki Qirg‘izistonda bugun hokimiyat yo‘q, davlat nomidan, xalq nomidan gapira oladigan odam yo‘q. Lider yo‘q. Sadir Japarov o‘shanday lider bo‘la olmaydi.

Qirg‘izistonlik syosatchi Anvar Ortiqovning fikricha, tashvishga o‘rin yo‘q:

- Meningcha, O‘zbekiston Qirg‘iziston xalqi tanlagan qonuniy hokimiyat bilan ishlaydi, ichki ishlariga hech qachon aralashmaydi. Bishkek bilan Toshkent munosabatlari shu paytgacha qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shandayligicha qoladi, men bunga ishonaman.

Shunga o‘xshash fikrni Baxtiyor Fattohov ham bildirdi:

Baxtiyor Fattohov
Baxtiyor Fattohov

- Qirg‘iziston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining raisi sifatida prezidentning iste’fo berganidan Toshkent-Bishkek munosabatlari o‘zgarmasa kerak, deb o‘ylayman. Har ehtimolga qarshi chegaralarda ehtiyotkorlik choralari ko‘rilsa kerak, lekin jiddiy o‘zgarish bo‘lmaydi.

Toshkentlik siyosatshunos, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Farhod Tolipovga ko‘ra, Qirg‘izistondagi vaziyat mintaqaviy hamkorlik ko‘lamini toraytirishi mumkin:

- Qirg‘izistonda yuzaga kelgan vaziyat, afsuski, nafaqat Toshkent – Bishkek munosabatlariga, balki boshqa yo‘nalishlardagi vaziyatga ham salbiy ta’sir qilmay qolmaydi. Munosabatlar buziladi, demoqchi emasman, lekin istaymizmi-yo‘qmi, tartibsizliklar har qanday hamkorlik ko‘lamini toraytirmay qolmaydi. Demak, biz ma’lum vaqtgacha ehtiyotkorlik bilan kuzatib turishimizga to‘g‘ri keladi.

Ertaga nima bo‘ladi?

Siyosatchi Anvar Ortiqovning Ozodlikka aytishicha, voqealar tezda izga tushib ketishini kutish qiyin.

- Bir-kundayoq vaziyat izga tushib ketadi, deb o‘ylamayman. Yaxshilikka umid qilaylik.

Sadir Japarovning bosh vazir etib tayinlanishi va Sooronbay Jeenbekovning iste’fo berishiga erishgan Bishkekdagi namoyishchilar endilikda parlament spikeri Qanat Isayevning ham iste’fosini talab qilmoqda.

Kanat Isayev
Kanat Isayev

5 - oktabrda boshlangan norozilik namoyishlari fonida mamlakat parlamenti – Jo‘g‘o‘rqu Kenesh spikeri almashgan – bu lavozimga 14 - oktabr kuni Kanat Isaev saylangandi.

Amaldagi tartib bo‘yicha Qirg‘izistonda prezident iste’foga chiqsa, uning vakolatlari parlament spikeriga o‘tishi kerak. Agar spiker ham iste’fo berguday bo‘lsa, davlat rahbari vakolatlari bosh vazirga o‘tadi. Bosh vazir lavozimini esa, shu kunda Sadir Japarov egallab turibdi.

51 yoshli Sadir Japarov 6 - oktabr kuni tarafdorlari uni qamoqdan ozod qilguniga qadar 11 yarim yillik jazo muddatini o‘tayotgandi.

U 2017 - yilda hukumat rasmiysini garovga olish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, hukm etilgan.

XS
SM
MD
LG