Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 16:28

E-auksion.uz: Toshkent shahridagi yer Namangandagidan 10 baravar arzonmi?


17 - oktabr kuni elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazining e-auksion.uz portalida davlatga qarashli ikki yirik obyektni sotib olish uchun ochilgan tanlovga elektron arizalarni qabul qilish muhlati tugaydi.

Sotilayotgan obyektlardan biri "Toshkent mintaqaviy paxta terminali”, ikkinchisi esa “Namangan mintaqaviy terminali”.

Davlatga qarashli bu ikkala paxta terminalini¸Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6 -mart kungi qarori bilan tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” AJ sotuvga qo‘ygan.

Poytaxtning Sergeli tumanida joylashgan birinchi terminal yer maydoni 11.6 gektar¸ boshlang‘ich bahosi esa 10 milliard so‘m.

Namangan shahrining «Yuqori Rovuston» MFY hududida joylashgan ikkinchi terminal hududi 1.5 gektar¸ uning boshlang‘ich bahosi ham 10 milliard so‘m.

Ayni paytda ikkala terminalga xaridor bo‘lganlar uchun investitsion majburiyatdagi tafovut ham 10 baravardan ko‘proq - bu talabda ham Toshkentdagi davlatga tegishli ko‘chmas mulk Namangandagidan arzonga baholangan.

Ozodlikning bu narx va talablarni qaysi idora¸ qaysi mezonlardan kelib chiqib belgilagani haqidagi savollariga mazkur tanlovga aloqador davlat tizimlaridan birortasi aniq javob berishni istamadi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ OShKORA TANLOV SAVDOLARIGA TAKLIF ETADI»

Toshkent va Namangandagi mintaqaviy paxta terminallarining sotuvga qo‘yilgani 26 - avgust kuni respublika fond birjasi¸ 9 - sentabr kuni esa¸ Davlat soliq qo‘mitasi saytida shunday sarlavha bilan e’lon qilindi.

Bu xabarga ko‘ra¸ paxta terminallari MChJ ustav kapitalidagi “O‘zpaxtasanoat” AJning 100 foiz ulushi prezidentning 2020 - yil 6 - martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4633-sonli qaroriga muvofiq sotuvga qo‘yilgan. Bu qarorga ko‘ra¸ “O‘zpaxtasanoat” AJ tugatilib¸ unga qarashli mulk sotiladigan bo‘ldi.

Toshkent shahri, Sergeli tumani, Xonobod ko‘chasi, 4-uy manzilidagi 11.6 gektar yerda joylashgan “Toshkent mintaqaviy paxta terminali”ning boshlang‘ich narxi 10 milliard so‘m qilib belgilangan¸ potensial xaridorga korxonaga 24 oy muddatda 10 mlrd so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 100 ishchi o‘rni yaratish majburiyati ham yuklangan.

Namangan viloyati, Namangan shahri, Yuqori Rovuston MFYning 1.5 gektarlik hududini egallagan “Namangan mintaqaviy paxta terminali”ning boshlang‘ich narxi ham 10 000 000 000 so‘mga baholangan. Ayni paytda¸ talabgorga korxonaga 24 oy muddatda 10 mln AQSh dollari midorida investitsiya kiritish va 800 ishchi o‘rni yaratish investitsiyaviy majburiyati qo‘yilgan.

Hududi Namangandagidan 10 baravar katta terminalga bir xil boshlang‘ich narx qo‘yilgani¸ Toshkent terminali talabgoriga Namangandagiga nisbatan 11 baravar yengil investitsion majburiyat yuklanganiga rasmiy izoh berilmagan.

Tanlovga“E-ijro auksion” elektron onlayn auksion savdo maydonchasida registratsiyadan o‘tib¸ maxsus hisob raqamiga obyektni sotib olish qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida zakalat puli kiritgan talabgorlar qo‘yiladi.

Ammo obyektni unga eng ko‘p pul tikkan talabgor qo‘lga kiritishiga kafolat yo‘q – buni maxsus komissiya hal qiladi.

«Talabgorlardan kelib tushgan takliflar umumlashtirilgan holda ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritiladi. Komissiyaning tanlov savdosi yakunlari va tanlov g‘olibini tanlab olish to‘g‘risidagi qarori tanlov savdosida ishtirok etish uchun ariza topshirishning so‘ngi muddatidan boshlab bir oy ichida ommaviy axoborot vositalarida e’lon qilinadi»¸ deyiladi mazkur tanlov haqidagi rasmiy xabarda.

Toshkentdagi yer narxi Namangandagidan 10 baravar arzonmi?

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev joriy yilning 11 - mart kuni “Toshkent shahrida yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining minimal qiymatini tasdiqlash to‘g‘risida” deb nomlangan 255-sonli qaror chiqargan.

Qarorda¸nomidan ko‘rinib turganidek¸ doimiy foydalanish uchun sotib olinadigan yer uchun minimal narx belgilangan. Unga ko‘ra¸ Sergeli tumanidagi yer 4 - va 5-zonaga kiritilib¸ ikki zonadagi yer narxi ikki kategoriyada baholangan (bu baholash mezoniga izoh berilgan emas – tahr.).

Sergelining 4-zonaga kiritilgan hududidagi 1 gektar yerning minimal narxi 7 240 885 900 so‘m¸ 5-zonadagisi 1 gektar yer 3 620 443 000 so‘m qilib belgilangan edi.

Yer narxini belgilovchi davlat idoralari uchun rasmiy hisob-kitob sifatida qabul qilingan bu qarordan kelib chiqilsa¸ Toshkent mintaqaviy paxta terminali hududi 4-zonada bo‘lsa¸ faqat quruq yerning o‘zi uchun minimal narx 10 milliard so‘m emas¸ balki 83 994 276 440 so‘m ¸ agar 5-zonada bo‘lsa¸ 41 997 138 800 so‘mga baholanishi kerak edi.

Mazkur terminal hududi bilan bevosita tanish mulozim Ozodlik bilan suhbatda sotuvga qo‘yilgan davlat mulki faqat quruq yerdangina iborat emasligini ta’kidladi.

Paxta terminallari "rejim" korxonalari turiga kiritilgan va ular uzluksiz elektr energiyasi, suv va boshqa zarur kommunikatsiyalar turi bilan ta’minlangan. Xususan¸ Toshkent terminali o‘zining temir yul iziga (vetka) ega. Kommunikatsiya degan narsa - svet, gaz, suv kanalizatsiya, asfalt bularni katta moshchnostdagisini olib kelish juda katta pul turadi, temir yul vetkasiyam tortish serxarajat ish. Bu yerda faqat yer sotilayotgani yo‘q. Bu ishlab chiqarishni joylashtirish uchun juda zo‘r joy, hamma infrastrukturasi bor”.

Namangan shahridagi bir gektar yerning minimal sotuv bahosiga oid rasmiy raqamlar ochiq manbalarda mavjud emas. Ayni paytda¸ tijoriy saytlarda sotuvda qo‘yilgan Namangandagi yer uchastkalari narxidan kelib chiqilsa¸ shahardagi 1.5 gektarlik yer bahosi¸ eng qimmat hisob-kitobga ko‘ra¸ 7 milliard so‘m bo‘ladi.

Sirli yong‘in

O‘zbekiston prezidenti "O‘zpaxtasanoat" AJsini tugatish¸ uning tasarrufidagi mol-mulkni xatlash va hisoblash qarorini imzolaganidan qariyb uch oy\ o‘tib¸ "Toshkent mintaqaviy paxta terminali"da katta yong‘in chiqdi.

14 - iyun¸ yakshanba kuni sodir bo‘lgan yong‘in haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi xabar bergan edi.

Hozirgacha bu yong‘in sababi va davlat mulkiga yetgan zarar miqdori jamoatchilikka e’lon qilingan emas.

Bu yong‘in hodisasi sotuvga qo‘yilishi mart oyida aniq bo‘lgan mazkur terminal narxining pasaytirilishiga asos bo‘ladimi¸ degan savol hozircha ochiq qolmoqda.

Terminallar narxini kim belgiladi?

Ozodlik ikkalasi bir kunda bir narx¸ammo 10 baravardan katta ikki xil investitsiyaviy majburiyat bilan savdoga qo‘yilgan Toshkent va Namangan paxta terminallari narxini kim¸ qaysi mezondan kelib chiqib baholaganini o‘rganish uchun avvaliga onlayn aktsiyalarni tashkil etuvchi e-auksion markaziga bog‘landi.

Markazning Ozodlik gaplashgan ikki mutaxassisi¸ davlat obyektlarini sotuvga qo‘yish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mas’ul ekanini aytib¸ odatda, narxni ayni agentlik belgilashini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan jarayonga yaqin boshqa mulozim ham ayni ma’lumotni takrorladi.

E-auksion .bu - sotuv platformasi. Oldin MIB strukturasida edi¸ hozir Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Ular faqat o‘zlariga berilgan boshlang‘ich narxni qo‘yib kim oshdi, auksion o‘tkazadi. Ular faqat sotish qoidalariga texnik jihatdan rioya qilinishini ta’minlaydi. Davlat obyektining sotilish narxini “Davlat mulki obyektlarini sotish va davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha elektron savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra¸ Davlat aktivlarini boshqarish agentligi belgilaydi. Jaraënga Agentlik murojaatiga asosan xususiy narx aniqlovchi firmalar jalb etiladi. Bevosita paxta terminallari narxini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va idoralararo tugatish komissiyasi bilan birgalikda aniqlagan¸ deb o‘ylayman.

Davlat aktivlarini boshqarish agenligining Ozodlik bog‘langan bir emas¸ uch nafar mulozimi Toshkent va Namangan paxta terminallari boshlang‘ich narxini kim¸qaysi asosda belgilagani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.

Davlat mulki narxini sun’iy pasaytirish taqiqlangan

Shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ Sergelidagi 11¸6 gektarlik terminalni olayotgan shaxs oldindan ma’lum.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "narx-navo ana shu “qo‘li uzun” xaridor manfaatidan kelib chiqib atayin pasaytirilgan".

Kimdir oldindan arzon narx va talab qo‘ydirgan, kim olishi auktsiondan keyin bilinadi. Taxminimcha¸ auktsion bo‘lib ,narxini maksimum 2 mln dollarga chiqarib¸ g‘olib bo‘ladi, keyin mana, "xolis" kurashda ikki barobar qimmatga sotildi¸ deb jar urishadi. Aslida davlat va xalq mulkini tepadagilarning o‘zi suvtekinga xususiylashtirmoqda”, - deya iddao qildi mulozim.

Bunday amaliyot esa, “Monopolistik faoliyatni cheklash to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra¸ qat’iyan taqiqlanadi.

Mazkur qonunning “MONOPOLISTIK FAOLIYATNI VA G‘IRROM RAQOBATNI CHEKLASh VA TAQIQLASH» deb nomlangan 2-bandining 2-moddasi “Bozordagi ustunlik mavqeini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik” deb ataladi.

Unga ko‘ra¸ “mo‘may foyda olish maqsadida haddan tashqari baland narx belgilash va uni sun’iy ravishda shunday ushlab turish, narxlarni asossiz ravishda pasaytirish davlat tomonidan boshqarib turiladigan narx-navoni boshqa yo‘sindagi buzishlar; xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan noteng ahvolga solib qo‘yadigan shartlarni tiqishtirish; xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishiga o‘zgacha to‘sqinlik qilish¸ xususan kimoshdi savdolarida, birjalarda va boshqa savdolarda narxlarni oshirish, saqlab turish yoki pasaytirish taqiqlanadi".

Ozodlik tanlov uchun ariza topshirish muhlati 17 - oktabr kuni tugaydigan “Toshkent mintaqaviy paxta terminali” narxining oldindan kelishilgan xaridor manfaati uchun sun’iy ravishda bir necha o‘n baravarga pasaytirib baholanganiga oid xavotirlar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ozodlik savollarini rahbarga yetkazishi va javobini Telegram orqali yuborishini bildirgan matbuot xizmati vakilidan kun davomida hech qanday javob kelmadi.

Toshkent paxta terminalining tanlovda suvtekin baholangani barobarida uning savdodan keyingi taqdiri ham¸ Ozodlik gaplashgan Toshkent hukumati mulozimiga ko‘ra¸ hozirdanoq xavotirga asos bermoqda.

Toshkent paxta terminali Sergeli sanoat zonasidagi yirik obyektlarga qo‘shni
Toshkent paxta terminali Sergeli sanoat zonasidagi yirik obyektlarga qo‘shni

Bu ishlab chiqarishni joylashtirish uchun juda zo‘r joy, xamma infrastrukturasi bor. Katta sanoat obyektlarini buzadigan uyfurushlar qo‘liga tushsa¸ bu yerda ham ko‘p qavatli dom qurishadi faqat. Talablar orasida bu hudud asosiy faoliyat turini o‘zgartirmasdan ishlatilsin, deyilmagan. Mamlakat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdagi yana bir imkondan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni esa¸ yaqinda katta strategik korxonalarni ham ayni sxemada xususiylashtirish boshlanadi . Davlat va xalq mulki tor doiradagi odamlar orasida talon-tproj bo‘ladi".

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tanlov savdosi yakunlari va tanlov g‘olibini tanlab olish to‘g‘risidagi qarori tanlov savdosida ishtirok etish uchun ariza topshirishning so‘ngi muddatidan boshlab bir oy ichida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilangan.

Mazkur qoidaga amal qilinsa, “Toshkent mintaqaviy paxta terminali” MChJ va “Namangan mintaqaviy paxta terminali” MChJsini kim¸ qanchaga sotib olgani 17 - noyabr kuni jamoatchilikka ochiqlanishi lozim.

XS
SM
MD
LG