Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 17:01

Tadqiqot: Koronavirus jismlar sathida 28 kungacha qolishi mumkin


Avstraliya Milliy fan agentligi o‘tkazgan tadqiqot COVID-19 infeksiyasini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 koronavirusi salqin va qorong‘i sharoitda plastik pul va telefon kabi jismlar sathida 28 kungacha saqlanishi mumkinligini ko‘rsatdi.

CSIRO Xastaliklarga hozirlik markazi tadqiqotchilari koronavirusni uch xil haroratdagi qorong‘i yerda sinovdan o‘tkazgan. Tadqiqot natijalari Virology jurnalida chop etildi.

Koronavirus 200C haroratda telefon ekrani kabi silliq sathlarda juda yaxshi saqlanishi aniqlangan. Xususan, bunday haroratda virus shisha, po‘lat va plastik banknota sathida 28 kun saqlanishi mumkinligi kuzatilgan.

Harorat ko‘tarilishi bilan, virusning umri tobora qisqarishi aniqlangan: +300C darajali haroratda virus 7 kun, +400C haroratda esa atigi 24 soat yashagan.

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, virus paxta kabi yumshoq sathlarda ozroq muddat yashagan: virus bunday jismlarda +200C haroratda 14 kun, +400C haroratda esa 16 soatdan oz vaqt saqlangan.

Bundan oldin o‘tkazilgan tadqiqotlar virus qattiq sathlarda 4 kun saqlanishi mumkinligini ko‘rsatgan edi.

Xastaliklarga hozirlik markazi direktori Trevor Dryu qattiq sathlardan ikki hafta davomida virusni yuqtirib olish mumkinligini aytdi.

Ammo olim tadqiqot davomida muayyan miqdordagi viruslar o‘rganilgani va tadqiqot ultrabinafsha nurlar mavjud bo‘lmagan muhitda o‘tkazilganni aytdi.

Namlik 50 foiz ko‘rsatkichda saqlangan. Eksperimentlar ultrabinafsha nurlar hamda namlik virus umrini qisqartirishini ko‘rsatgan.

Xastaliklarga hozirlik markazi xodimi Debbi Iglz:

«Sathlar orqali yuqtirishning aniq roli, sirt bilan aloqa darajasi va yuqtirish uchun zarur bo‘lgan virus miqdori hali aniqlanmagan bo‘lsa-da, virus yuzalarda qancha vaqt yashashga qodirligini aniqlash yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan yerlarda xavfni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish uchun juda muhimdir», - dedi.

Dryu jismlar sathidan ko‘ra virusga chalingan shaxslar infeksiyani eng ko‘p tarqatishini qo‘shimcha qildi.

«Ammo, bunga qaramay, yuqumli odamlardan xalos bo‘lganimizda ham, nima sababdan vaqti-vaqti bilan virus yana tarqala boshlashini, ayrim holatlarda virusdan butunlay qutulgan mamlakatlarda shunday bo‘lishini anglashimizga yordam berishi mumkin», deya so‘zini yakunladi olim.

XS
SM
MD
LG