Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2020, Тошкент вақти: 16:47

Armaniston va Ozarbayjon yana bir-birini otashkesim shartlarini buzishda aybladi


Armaniston va Ozarbayjon bir-birini Tog‘li Qorabog‘da 18 - oktabr kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini buzishda ayblamoqda.

19 - oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni yopiq eshiklar ortida muhokama qiladi. Avvalroq BMT bosh kotibi Antonio Guterrish taraflarni bitim shartlariga amal qilishga chorlab, oddiy fuqarolar nishonga olinayotganini keskin qoralagan edi.


17 - oktabr kuni e’lon qilingan otashkesim 27 - sentabr kuni harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketganidan beri erishilgan ikkinchi bitimidir.

O‘tgan haftada Rossiya vositachiligida erishilgan bitim mojaroni to‘xtata olmadi.

19 - oktabr kuni Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari Ozarbayjon qo‘shinlarini hududni Ozarbayjondan ajratib turuvchi «Aloqa liniyasi»dagi arman pozitsiyalariga hujum qilishda aybladilar.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa Armaniston tarafini Goranboy, Terter, Ag‘dam, Ag‘jabedi tumanlariga raketa otishda aybladi.

18 - oktabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali suhbatlashib, ularni to‘qnashuvlarni qoralashga hamda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga amal qilishga chorladi.

Xalqaro miqyosda Ozarbayjon hududi o‘laroq tan olingan Tog‘li Qorabog‘ni 1994 yildan beri Armaniston dastaklab kelayotgan armanlar boshqarib keladi.

So‘ngi to‘qnashuvlar mojaroga Ozarbayjonning yaqin hamkori Turkiya hamda Armaniston bilan bir qatorda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘lgan Rossiya aralashishiga turtki bo‘lishi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Harbiy to‘qnashuvlarda umumiy hisobda necha odam halok bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilingani yo‘q.

18 - oktabr kuni ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ning de-fakto yetakchilari bugunga qadar 673 askar nobud bo‘lganini bildirishdi

Ozarbayjon esa harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

17 - oktabr kuni ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari saytida o‘q otishni to‘xtatish masalasida yangi kelishuv imzolangani haqida o‘xshash bildiruv e’lon qilingan edi.

Bildiruvlarda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Fransiya, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar yetakchilari – Minsk guruhi rahbarlari bildiruvi asos bo‘lgani aytiladi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tashabbusi ostida tuzilgan Minsk guruhi Armaniston va Ozarbayjonni mojaroga tinch yechim topishga undab kelmoqda.

O‘tgan haftada Boku ham, Yerevan ham Tog‘li Qorabog‘da yangi hududlarni qo‘lga kiritganini iddao qilgan edi.

XS
SM
MD
LG