Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2021, Тошкент вақти: 19:19

Nozim To‘laxo‘jayev: O‘zbek multfilm san’atini bo‘yniga tosh boylab cho‘ktirishdi


Nozim To‘laxo‘jayev

O‘zbek animatsiyasi asoschilaridan biri, 69 yashar rejissyor Nozim To‘laxo‘jayev Ozodlik bilan 19 - oktabr kungi suhbatda “kinoning bugungi rahbariyati o‘zbek multfilm san’atini butkul yo‘q qilishga kirishdi” deya xavotir bildirdi.

Bundan oldin Hamidulla Mahmudxo‘jayev¸ Nilufar Qudratullayeva¸ Faina Mitugulina kabi “Animatsion filmlar studiyalari" DUK ijodiy jamoasining o‘ndan ziyod multiplikatorlari “O‘zbekkino” rahbariyatini avtoritarizm¸ g‘oya o‘g‘irlash¸ yolg‘on tarqatish¸ plagiat va sohaga volyuntaristik aralashuvda ayblab ochiq xat chiqarishgan edi.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan bu xatda prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilib O‘zbekiston xalq artisti Obid Asomov ilk rahbar bo‘lgan “Animatsion filmlar studiyalari" DUK “yo‘q bo‘lib ketish arafasida” turganligidan shikoyat qilinadi.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati vakili Nozim Safariy Ozodlik bilan 19 - oktabr kungi suhbatda¸ shikoyatchilarning talabi asossiz ekanini ta’kidladi

Mulozimga ko‘ra¸ multfilm yaratish uchun yetarli mablag‘ ajratilgan va sohaga katta e’tibor berilmoqda:

“Joriy yilda “O‘zbekkino” 5,2 mlrd so‘m sarflab, 11 ta multfilm suratga oldi. Shundan 3,4 mlrd so‘mni 2020 - yil 1 - oktabrgacha bo‘lgan holatda «Animatsion filmlar studiyasi» davlat unitar korxonasi olgan.

Rejissyor Nozim To‘laxo‘jayev Ozodlik bilan 19 - oktabr kungi suhbatda bu raqamlarning bu yilga aloqasi yo‘qligini aytdi:

“Yolg‘on bu. Bizga o‘tgan yildan qolgan oyliklarni bu yil berishdi. Uch oylab oylik olmaganmiz. Butun bir yil mobaynida men 27 million so‘m oylik olibman. Shuni yuzimga solishdi. Bu oyiga 150 dollar pul degani. Ko‘pmi shu?"Animatsion filmlar studiyalari" DUKning 30 nafar rejissyori, rassomi va animatori ishsiz, tirikchilikdan mahrum bo‘lib, ishsiz qoldi! Va bu bir yildan beri davom etmoqda! Pandemiya paytida bu falokat! Ammo ularning oilalari, yosh bolalari, keksa ota-onalari bor va ularni boqish va qo‘llab-quvvatlash kerak”.

To‘laho‘jayevning yana aytishicha¸joriy rahbariyat volyuntarizmi ortidan talantli rassom va san’atkorlar studiyani birin ketin tark etgan:

“Oqibatda o‘zbek animatsiyasiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazildi. Ammo “O‘zbekkino” rahbari uchun ijodkorlardan ko‘ra¸ pul muhim! Kino rahbari bizga qarab “O‘tmishda suratga olgan narsalaringizni unuting. Endi sizning filmlaringiz pul va faqat pul keltirishi kerak!" deb turibdi. “O‘zbekkino” rahbari janob Abduxoliqov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis yig‘ilishida biz haqimizda aytgan gapini esdan chiqarib qo‘ydi menimcha."Kim san’at sohasiga faqat pul topish uchun, faqat iqtisodiy foyda olish uchun kirsa, u farovonlik, tadbirkorlik va biznes sohasiga kirsin” degan edi prezident".

Multfilmda shoh faqat ijobiy bo‘lsin degan shart qo‘yildi

To‘laxo‘jayevga ko‘ra¸ “O‘zbek animatsiya san’atini bo‘yniga tosh boylab daryoga otishgan”:

“Bir emas, to‘rtta tosh bog‘lab cho‘ktirishmoqda bizni. Shu toshlardan uchtasi pulsizlik bo‘lsa bittasi senzura”.

Sovet paytida amerikalik yozuvchi Rey Duglas Bredberi asari asosida multfilm yaratib xalqaro sovrinlar olgan To‘laxo‘jayev bugunga kelib o‘zbek animatsiya san’atini bo‘g‘ayotgan illatlardan biri senzura deya tashvish bildirdi:

“Hozir men Bredberi asari asosida film olaman desam bular ma’naviyat ramkasini ko‘tarib kelib yo‘q mumkin emas deydi. Filmda Motsart yoki Shopen musiqasini ishlatsam yo‘q maqom qo‘shiqlari bo‘lsin deydi. Filmda it mushukni talasa yovuzlikni tarannum qilding deyishadi. Eng katta cheklov shoh obraziga. Shoh obrazi hech bir shaklda salbiy bo‘lmasligini shart qilib qo‘yishgan. Shoh ahmoq¸kallavarang yoki zolim bo‘lishi mumkin emas bugungi rahbarlar nazarida. Ammo bu mantiqqa zid Barcha ertaklarda zolim va tentak shohlar tasvirlangan. Bunday senzurani men sovet davrida ham ko‘rmaganman”.

Obid Asomov
Obid Asomov

Multiplikatorlarning jamoaviy shikoyatida (Ozodlikda nusxasi bor) studiyaning ilk rahbari Obid Asomov boshlagan ishlar barbod bo‘lganidan tashvish bildiriladi:

“Studiyaning birinchi direktori O‘zbekiston xalq artisti Obid Asomov edi. Uning rahbarligi ostida studiya jadal rivojlandi. Asomov nafaqat ajoyib rassom, balki milliy animatsiya va uning ishchilari taqdiri bilan shug‘ullangan aqlli va iste’dodli rahbar edi. Uning qo‘l ostida ajoyib filmlar yaratildi. Yosh animatorlar, rassomlar va rejissyorlarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil etildi. Ammo, afsuski, bularning barchasi uning o‘limi ortidan va “O‘zbekkino”ga tayinlangan yangi rahbar harakatlari bois barbod qilindi” .

Rasmiy munosabat

“O‘zbekkino” matbuot xizmati vakili Nozim Safariy esa bu iddaolar asossiz ekanligini aytadi. Unga ko‘ra¸ «O‘zbekkino» MA rahbariyati tomonidan kino sanoatini isloh qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish jarayonida turli e’tirozlar bo‘lishi tabiiy xol:

“Animatsion studiyada, mana necha yilki, birdamlik va hamjihatlik yo‘qligi, vaqti-vaqti bilan janjal va xatbozlik avj olishidan afsusdamiz. Biroq O‘zbekistondagi animatorlar orasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchilarining soni, yuqorida ko‘rsatilgan maktubga imzo chekuvchilarga qaraganda, bir necha marta ko‘pligidan xursandmiz. Shu munosabat bilan mazkur murojaatni imzolagan guruh jamoatchilikka o‘zini «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK animatorlari jamoasi» deb taqdim etishi to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz”.

Matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, «Animatsion filmlar studiyasi» DUK tomonidan yaratilayotgan, buning uchun ulkan davlat mablag‘lari sarflanayotgan qisqa metrajli animatsion filmlar afsuski, O‘zbekiston yosh tomoshabinlari e’tiborini jalb qila olmayapti”.

O‘zbek animatsiya san’at tarixi

1965 - yilda «O‘zbekfilm» studiyasida rejissyor Damir Salimov “6x6 kvadratda" degan multfilmni suratga oldi. O‘zbekiston kino tarixida ilk multfilm sifatida qolgan asar qo‘g‘irchoqlarning mexanik harakatiga asoslangan edi.

Ilk chizilgan multfilm 1969 - yili suratga olindi. “Jasur chumchuq” asari o‘z davri uchun ilg‘or texnologiya asosida suratga olingan edi.

1970 - yilda “O‘zbekfilm”da multfilm ustaxonasi tashkil qilindi. Nozim To‘laxo‘jayev suratga olgan “Cho‘ldagi ko‘l” multfilmi bu studiya yaratgan ilk asar bo‘ldi.

Keyinchalik Nozim To‘laxo‘jayev rassom Sergey Alibekov bilan yaratgan “Mayin yomg‘ir yog‘adi”¸ “Miks” kabi asarlar o‘zbek animatsiya san’ati durdonasi o‘laroq tarixga kirdi.

2018 - yilda O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning farmoni asosida “Animatsion filmlar studiyasi” DUK tashkil qilinib, unga taniqli xajvchi Obid Asomov rahbarlikka tayinlandi. Obid Asomov o‘limi ortidan studiya moliyaviy va mafkuraviy muammolar girdobida qolgani aytildi.

XS
SM
MD
LG