Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2020, Тошкент вақти: 03:54

Tog‘li Qorabog‘da to‘qnashuvlar davom etmoqda. Otashkesim taqdiri xavf ostida


Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev . Myunxen shahri, 2020, 15 - fevral.

BMT bosh kotibining o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlariga qaramay, ayirmachi Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Bu esa 18 - oktabrda kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi taqdiriga xavf solmoqda.

17 - oktabrda e’lon qilingan otashkesim 27 - sentabr kuni boshlanib ketgan harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtata olmayapti.

Etnik armanlar boshqaruvidagi Tog‘li Qorabog‘ rasmiylari 20 - oktabr kuni Ozarbayjon artilleriya hujumlarini davom ettirganini bildirdi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ham bur necha hududda, jumladan, Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjondan ajratib turuvchi «Aloqa liniyasi» bo‘ylab shiddatli janglar davom etayotganini bildirdi.

Bugunga qadar to‘qnashuvlar yuzlab odam umriga zomin bo‘ldi. Bu ketishda mojaro gumanitar bo‘hron keltirib chiqarishi haqida xavotirlar kuchaymoqda.

19 - oktabr kuni ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ning yetakchilari bugunga qadar 729 askar hamda 37 nafar oddiy fuqaro nobud bo‘lganini bildirishdi.

Ozarbayjon esa 61 nafar oddiy fuqaro halok bo‘lganini, 282 nafar odam jarohat olganini bildirdi. Rasmiy Boku harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

Ozarbayjon janglarda yangi hududlarni qo‘lga kiritganini, Armaniston esa Ozarbayjon hujumlarini qaytarganini va vaziyatni nazorat qilayotganini iddao qilmoqda.

19 - oktabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyaning TASS agentligiga alohida-alohida intervyu berib, Moskvada muzokara olib borishga tayyor ekanliklarini izhor qilishdi.

Bu orada BMT Xavfsizlik kengashi Armanistonni va Ozarbayjonni o‘t ochishni to‘xtatishga chorladi. Avvalroq tashkilot bosh kotibi Antonio Guterrish taraflarni bitim shartlariga amal qilishga chorlab, oddiy fuqarolar nishonga olinayotganini keskin qoralagan edi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, Xavfsizlik kengashi a’zolari otashkesimga amal qilinayotganini tasdiqlash mexanizmini yo‘lga qo‘yishni muhokama qilishgan. Nebenzya bunday mexanizmni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) yo‘lga qo‘yishi mumkinligini aytdi.

AFP agentligining xabar qilishicha, ayni damda Xavfsizlik kengashiga yetakchilik qilayotgan Rossiya taraflarni otashkesimga amal qilishga chorlovchi bildiruvni hozirlamoqda.

Bildiruvda Armanistonni va Ozarbayjonni Minsk guruhi doirasida muzokaralarni davom etishga chaqirilishi kutilmoqda. YeXHT tashabbusi ostida tuzilgan Minsk guruhi ikki mamlakatni mojaroga tinch yechim topishga undab kelmoqda. Guruhga Fransiya, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar yetakchilik qiladi.

O‘tgan haftada Rossiya vositachiligida erishilgan bitim mojaroni to‘xtata olmadi.

Hudud ayni damda 1994 - yilda Ozarbayjon va Armaniston qonli urushni to‘xtatishga kelishib olganidan buyon eng shiddatli to‘qnashuvlarga sahna bo‘lmoqda.

Xalqaro miqyosda Ozarbayjon hududi o‘laroq tan olingan Tog‘li Qorabog‘ni 1994 - yildan beri Armaniston dastaklab kelayotgan etnik armanlar boshqarib keladi.

So‘ngi to‘qnashuvlar mojaroga Ozarbayjonning yaqin hamkori Turkiya hamda Armaniston bilan bir qatorda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo bo‘lgan Rossiya aralashishiga turtki bo‘lishi haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda

XS
SM
MD
LG