Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:00

Minglab ishchisi g‘alayon qilgan Enter Engineering egalari kim?


Enter Engineering va Eriell Group nazorat paket aksiyalari egasi¸ o‘z e’tirofiga ko‘ra¸ Baxtiyor Fozilovdir.
Enter Engineering va Eriell Group nazorat paket aksiyalari egasi¸ o‘z e’tirofiga ko‘ra¸ Baxtiyor Fozilovdir.

O‘zini O‘zbekistondagi sanoat qurilishidagi yetakchi kompaniya sifatida taqdim etib kelayotgan Enter Engineering¸ rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra¸ 20 mingga yaqin ishchi va mutaxassisga ega.

2012 - yili ta’sis etilgan Enter Engineering gaz konlarida infrastruktura va fuqarolik inshootlari qurish bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchi kompaniyaga aylangan.

2017 - yili bu kompaniya Hisor konlar guruhidagi yirik obyektlarni tantanali ravishda topshirgan va marosimda Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etgan edi.

Ayni paytda¸ Toshkentdagi “Humo” sport arenasini ham Enter Engineering qurgan va buning uchun kompaniyaning qator rahbarlari O‘zbekiston prezidenti tomonidan taqdirlangan.

Kompaniya rasmiy saytida uning aksionerlari haqida biror ma’lumot yo‘q.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ kompaniya prezidenti va aksiyalarning kontrol paketi egasi Baxtiyor Shuhratovich Fozilovdir. Asli samarqandlik 45 yashar Fozilov Toshkent Iqtisodiyot universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar yo‘nalishini tugatgan.

2003 - yili AQShda Markaziy Osiyodagi neft va gaz shirkatlariga ehtiyot qismlari yetkazib berish bilan shug‘ullangan Denmount Commercial LLC shirkatiga asos solgan Fozilov 2004 yildan beri ERIELL guruhi boshqaruvi raisidir.

9000 ishchiga egaligi aytiladigan ERIELL group asosan Rossiyaning gaz va neft kompaniyalari¸ xususan¸ Rosneft¸ NOVATEK¸ Gazprom neft¸ LUKOIL bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Rossiya nashrlarining yozishicha¸ 2011 - yilda Gazprombank ERIELL kompaniyasining 46% aksiyalarini sotib olgan¸2015 yilga kelib bu aksiyalar miqdori 39,6% ga tushgan.

Rossiya matbuotiga ko‘ra¸ Fozilovning 2015 - yil noyabrida Qibrisda ro‘yxatga olingan Altmax Holding Ltd shirkati Surhan Gas Chemical Operating Companyga qarashli aksiyalarning 75 foizi egasi hamdir.

2018 - yil fevralida Vedomosti nashri Rossiyadagi eng yirik agrar tuzilmalardan biri «Volovskiy broyler»ning 31¸5 foiz aksiyalari egasi Baxtiyor Fozilov ekanini xabar qilgan edi. Nashr¸ «Volovskiy broyler» aksiyalarining 24 foizi Fozilovning biznes sherigi Sharif Inoyatovniki ekanini yozdi. Sharif Inoyatov esa¸ O‘zbekistondagi eng qudratli shaxslardan biri¸ MXX sobiq raisi¸ general Rustam Inoyatning o‘g‘lidir. Hozirda senator va prezident maslahatchisi sifatida hukumatda ishlayotgan Rustam Inoyatov¸ aytilishicha¸ hamon mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotidagi kuchli ta’sirini saqlab qolmoqda.

Joriy yilning may oyida bne IntelliNews internet nashriga bergan intervyusida Fozilov o‘zining nafaqat ERIELL va Enter Engineering aksiyalari nazorat paketi¸ balki O‘zbekistondagi eng yirik fosfat o‘g‘it ishlab chiqaruvchi Ferkensco shirkati egasi ekanini ham aytgan.

Bosh vazir Abdulla Aripovning 2020 - yil 5 - fevral kungi qarori bilan "Samarqandkimyo" zavodi aksiyalari nol qiymatda Baxtiyor Fozilovning Qibrisda ro‘yxatga olingan "Ferkensco Management L imited" shirkatiga berildi. Yana bir yirik davlat obyektining yopiq qaror bilan tender va tanlovsiz hokimiyatdagilarga aloqador kompaniyaga tekin va imtiyozlar bilan berilgani mustaqil iqtisodchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflik haqidagi Mirziyoyev hukumati va’dalarining amalga oshmayotgani namunasi sifatida talqin etilgan edi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar¸ Enter Engineering shirkati O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan "ENTER EXIM TECHNOLOGY"¸ "ENTER MACHINERIES SERVICE" va "UzLITI ENGINEERING" kabi MChJlar ta’sischisi ekanini ko‘rsatadi.

Ayni suhbatda Fozilov¸ Enter Engineering “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda Zangiotada 68 gektarlik hududda koronavirusga chalingan bemorlarga mo‘ljallangan 10 ming o‘rinlik kasalxona qurayotganini ham bildirgan edi.

ERIELL va Enter Engineering kompaniyalarining pandemiya davridagi faoliyatiga to‘xtalgan Fozilov¸ “o‘z ishchi-xizmatchilarining ijtimoiy masofa va sanitariya standartlarga mos ishlashlari uchun barcha sharoit yaratib berilgani”ni iddao qilgan.

O‘zbekiston iqtisodi¸ xususan¸ energetik sektorda Shavkat Mirziyoyev kelgandan keyingi jarayonlardan yaxshi xabardor Toshkent mulozimlari ERIELL¸ Enter Engineering¸ Epsilon va Jizzakh Petrolium kabi bu sohada monopoliya maqomidagi shirkatlarning bevosita oliy rahbariyatda o‘tirgan shaxslar nazoratida ekanini aytadi.

Xususan¸ Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan mulozimlardan biri bu kompaniyalarga berilayotgan ko‘p milliard dollarlik shartnomalarning jamoatchilikdan mutlaq sir tutib kelinayotganini mamlakatda Rossiya uslubidagi oligarxiyalashuvning jadallashgani misoli sifatida keltirgan edi.

O‘zbekiston va Rossiya xavfsizlik tizimlaridagi qudratli shaxslar bilan yaqin biznes aloqalariga ega Baxtiyor Fozilov 2019 - yil dekabrida Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Mirziyoyevning 4 milliard dollarlik loyihasi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti etib saylanishi bilan imzolagan hujjatlardan biri «Sho‘rtan GKM metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsion loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarordir.

2016 - yil dekabrida chiqqan shu qaror asosida Qashqadaryoda tabiiy gazdan sintetik yonilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod loyihasi ustida ish boshlandi.

Uzbekistan GTL (gas to liquids yoki suyultirilgan gaz olish) loyihasining prezident qarorida yozilgan dastlabki qiymati 2,6 milliard dollar deb baholangan bo‘lsa¸2020 - yilga kelib bu narx qariyb 4 milliard dollarga ko‘tarildi.

Joriy yilning 6 - mart kuni “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bosh direktori Faxriddin Abdurasulov mahalliy matbuotga¸ "zavod umumiy qiymati 3,6 milliard AQSh dollarini tashkil etishi"ni bildirdi.

2018 - yil dekabrida loyiha qurilishi uchun¸ davlat kafolati bilan 11 kreditorning 2,3 mlrd dollarlik mablag‘ini jalb etilishi xabar qilindi. Ular orasida Xitoy davlat rivojlanish banki, Koreya Eksport-import banki (KEXIM), Koreya savdo sug‘urta korporatsiyasi K-SURE, «Gazprombank», Rossiya eksport kreditlari va investitsiyalar sug‘urtasi bo‘yicha agentligi (EKSAR), Credit Suisse banki, Yaponiyaning MUFG, SMBC va Mizuho banklari borligi aytildi.

Mahalliy matbuot¸ 2¸3 milliardlik qarzning 1 milliard dollardan oshig‘ini Xitoy, 600 mln dollardan ko‘pini Janubiy Koreya va 700 mln dollarga yaqinini qolgan kreditorlar ajratishini ma’lum qildi.

AQSh-O‘zbekiston Savdo palatasi hamraisi Carolyn Lamm Islom Karimov hukumati bilan ham yaqin hamkorlik qilib kelgan.
AQSh-O‘zbekiston Savdo palatasi hamraisi Carolyn Lamm Islom Karimov hukumati bilan ham yaqin hamkorlik qilib kelgan.

Globallegalchronicle.com nashri 2019 - yil 8 - iyul kungi xabarida Uzbekistan GTL loyihasi uchun 2¸3 milliard dollarlik sarmoyani jalb etishda AQShdagi White & Case LLP advokatlik firmasining besh advokati konsultantlik qilganini yozdi. AQSh-O‘zbekiston Savdo palatasi hamraisi Karolin Lem White & Case firmasi partnëridir.

Zavod qurilishining bosh pudratchisi qilib Koreyada rasmiylashtirilgan Hyundai Engineering, Hyundai Engineering and Construction¸ shuningdek¸ Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Enter Engineering tanlandi.

Ozodlikka keyingi ikki yil davomida kelgan xabar va videolardan qurilishni asosan Enter Engineering kompaniyasi amalga oshirayotgani ko‘riladi.

2020 - yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalangan Uzbekistan GTL¸ “O‘zbekneftgaz” ga ko‘ra¸ O‘zbekistonda qazib olinadigan gazdan ichki bozor va eksport uchun yiliga 1,5 million tonna dizel yonilg‘isi, kerosin va siqilgan neft gazi ishlab chiqarishga imkon beradi.

XS
SM
MD
LG