Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:49

Fransiya va Makron: Rasmiy Toshkent jim - o‘zbeklar din va demokratiya ustidan tortishmoqda


2018 - yil oktabrida Parijga qilgan safari davomida Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidentiga unga bag‘ishlangan maxsus kitobni sovg‘a qilgan edi.
2018 - yil oktabrida Parijga qilgan safari davomida Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidentiga unga bag‘ishlangan maxsus kitobni sovg‘a qilgan edi.

Fransiya musulmonlar shakkoklik deb ko‘radigan Muhammad payg‘ambar karikaturalari tufayli tobora kuchayib borayotgan g‘azab va boykotga yuz tutmoqda.

26 - oktabr kuni Pokiston Fransiyada «islomofobiya kampaniyasi» boshlanganini iddao qildi, Eron rasmiylari esa, Parijni «ekstremizmning tegirmoniga suv quyish»da aybladi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa o‘z xalqini Fransiya mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi.

Fransiya 16 -oktabr kuni o‘qituvchi Samyuel Patining so‘z erkinligi mavzusidagi mashg‘ulotda Muhammad payg‘ambar karikaturasidan foydalangani uchun boshi tanasidan judo etilganidan larzaga kelgandi.

Hodisadan ikki hafta avval prezident Makron Islom "din sifatida inqirozda" ekanini aytgan va o‘z ta’biricha, "islomiy bo‘lginchilikka" qarshi kurashishga va’da bergandi.

Islomda Muhammad payg‘ambarning qiyofasini u yoki bu ko‘rinishda tasvirlash tabu hisoblanadi va aksar musulmonlar uni tahqirlash sifatida qabul qiladilar.

Ammo Fransiyadagi "laiklik" yoki davlatning dunyoviyligi tamoyili fransuzlarning milliy o‘zlik masalasi hamdir.

Yevropadagi eng ko‘p musulmon aholisiga ega Fransiya hukumati ma’lum jamoaning diniy hissiyotlarini muhofaza qilish uchun so‘z va ifoda erkinligini cheklash milliy birdamlikka putur yetkazadi, degan fikrda.

Qotillik ortidan Payg‘ambar karikaturalari Fransiya shaharlarining biridagi bino fasadida namoyish qilindi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab boshlanib ketgan norozilik aksiyalari qatnashchilari karikaturalarni namoyish qildilar. Prezident Makron esa, konservativ islomiy qadriyatlar farang qadriyatlarini izdan chiqarishiga qarshi kurashni ikki hissa kuchaytirishini aytdi.

47 yashar o‘qituvchining boshini ko‘chada chopib tashlagan 18 yashar chechen Abdulloh Anzorov harakati Fransiya prezidenti tomonidan "islomiy terror xuruji" deya baholandi. 23 - oktabr kuni Pati dafn marosimida Makron o‘ldirilgan o‘qituvchini “qahramon” deb atadi va Fransiya respublikasining dunyoviy qadriyatlari¸ xususan¸ so‘z va ifoda erkinligini radikal islomchilar hujumidan himoya qilishga va’da berdi.

Makronning so‘nggi nutqi xalqaro maydonda konservativ va radikal musulmonlarning ehtirosli e’tirozlari va fransuz tovarlari boykotiga sabab bo‘ldi. Bu virtual kampaniyaga o‘zbek ijtimoiy tarmoqlaridagi ayrim dindorlar ham, o‘tmishda ko‘rilmagan siyosiy faollik ko‘rsatgan holda qo‘shildilar.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga qarshi tanqidlar radikal ozchilik tomonidan qilinayotganini aytib, hukumatlarni o‘zlarini boykot chaqiriqlaridan ajratish haqida ogohlantirdi.

Fransiya Musulmonlar Kengashi bayonot e’lon qilib, “Fransiyada musulmonlar taqib qilinmasligi, ular masjid qurish va dinlariga amal qilishda erkin ekanliklari”ni aytgan.

Fransiyaga qarshi boykot kampaniyasi

Emmanuel Makronning mamlakatdagi yana bir terror xuruji ortidan qilgan bayonotlari Yaqin Sharqdagi ayrim musulmon davlatlar hamda boshqa mamlakatlardagi islomchilar tomonidan keskin norozilik bilan qarshi olindi.

Qatar¸ Quvayt va Pokiston kabi davlatlarda ayrim ulamolar chaqirig‘i ortidan supermarketlardagi fransuz mahsulotlarini boykot qilish boshlandi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on Fransiyaga qarshi g‘azab va boykot kampaniyasining lideriga aylandi.

O‘tgan hafta oxirida Fransiya prezidentini “ruhiy tekshiruvga”muhtoj deb haqorat qilgan Erdo‘g‘on dushanba kuni Anqaradagi chiqishida nafaqat turkiyaliklar¸ balki musulmon dunyosini Fransiya mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi.

Bu haqoratga javoban Turkiyadagi elchisini chaqirtirib olgan Fransiya hukumati¸ ayni paytda Turkiya tovar va xizmatlariga boykot e’lon qilmasligini bildirdi.

Erdo‘g‘onning Fransiya dunyoviy qadriyatlari¸ qolaversa Fransiya rahbari sha’niga qilgan haqoratlari Yevropa yetakchilari tomonidan keskin qoralandi.

Ittifoq rahbarlari Fransiya bilan hamdard va hamfikr ekanlarini ta’kidlab¸ Erdo‘g‘onni NATOdagi ittifoqchilari qadriyatlariga hurmat ko‘rsatishga chaqirdi.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar va G‘arb matbuotida Erdo‘g‘onning Fransiya prezidentiga qilayotgan davomli hujumlari Turkiya iqtisodining cho‘kayotgani fonida jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish uchun qilinayotgan manyovr sifatida ham baholanmoqda.

Qolaversa¸ o‘z xotini Fransiyaning eng qimmat brendlarining doimiy mijozi bo‘lgan Erdo‘g‘on "subutsizlik va ikkiyuzlamachilik"da ham ayblandi.

Emine Erdo‘g‘onning Hermes, Channel, Dior kabi fransuz brendlari kiyimlari¸ ro‘mol va sumkalariga o‘chligi turk matbuotida yoritib kelinayotgan mavzulardan biri. Xususan¸ Erdo‘g‘on xotinining qashshoqlikka qarshi kurash masalasi muhokama qilingan G-20 sammitiga 50 ming dollarlik Hermes sumka ko‘tarib borgani turk va xalqaro jamoatchilikni junbushga solgan edi.

Nafaqat qimmatbaho fransuz brendlari¸ balki mamlakat hududidagi eng qimmatbaho ko‘chmas mulk sohiblari ham, asosan arab shahzodalari hisoblanadi.

Xususan¸ Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon dunyodagi eng qimmat uy deb baholangan Chateau Louis XIVni 2015 - yili 300 million dollarga sotib olgan edi.

Qatar¸ Quvayt¸ BAA podshohlik oilalarining aksar a’zolari o‘z asosiy vaqtini Parij va Fransiya janubida o‘tkazishi ma’lum. Hozircha arab podshoh va shahzodalari¸ xususan¸ Islom muqaddas ziyoratgohlari joylashgan Saudiya yetakchilari Fransiyadagi voqealarga munosabat bildirmadi¸ boykotga rasman qo‘shilmadi.

Ramzan Qodirov tahdidi

Turkiya prezidenti Fransiya tovarlarini boykot qilishga chaqirayotgan bir paytda¸ Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov Emmanuel Makronning o‘zini salkam “terrorchi”ga chiqardi.

Rossiyadagi taniqli jurnalist va siyosatchilarni o‘ldirishga aloqador ko‘riladigan Qodirov¸ seshanba kuni Fransiya prezidentini haqorat qilish bilan cheklanmay¸ unga ochiqdan-ochiq tahdid qildi.

Bu qilayotgan payg‘ambarimiz Muhammadga xaqoratingni so‘z erkinligi deb atayapsan .Bu so‘z erkinligi emas, bu 2 milliard musulmonga haqorat.
Yaxshilikcha bu ishlarni to‘xtashingni so‘raymiz, agar yaxshilikcha to‘xtatmasang 2 milliard musulmon payg‘ambarimiz Muhammadni haqorat qilishlaringga jim qarab turmaydi. Bunga shubha yo‘q
“¸ dedi Qodirov.

O‘zbek islomchilari boshlagan sazoyi

Erdo‘g‘on va Qodirov kabi siyosatchilar hamda Fors ko‘rfazidagi ayrim imomlarning Fransiya Respublikasi prezidenti himoya qilishga va’da bergan dunyoviy qadriyatlarga qarshi kampaniyasi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmenti orasida ham yoyilib bormoqda.

Xususan¸ ayrim Telegram kanallarida quvaytlik shayx Usmon al-Xomis videofatvosining o‘zbekcha tarjimasi tarqaldi.

Xalqaro maydonda IShID terror guruhi ideologiyasini qo‘llovchi jihodchi sifatida tanilgan al-Xomis bu fatvosida Fransiya va boshqa G‘arb davlatlarini “kufr davlati” deb atab¸ musulmonlarni payg‘ambarni hajv qilganlarga “g‘azabni ko‘rsatish”ga chaqiradi¸ “g‘azab ko‘rsatmaganlarni” esa imonsizga chiqaradi. Karikaturaga “g‘azab ko‘rsatganlar” – Fransiyada terror hujumlari qilganlarni esa¸ "Islom qahramonlari" deb ataydi.

Islom dunyosidagi bu kabi ashaddiy radikal imomlar chaqirig‘iga javoban ayrim o‘zbekistonlik dindorlar ham “sukut saqlamaslik”¸ “g‘azabini ko‘rsatish”ga kirishdi.

O‘zbekistonliklarning xorij davlat rahbarlarini diniy aqidalar asosida toptashi hozirgacha ko‘rilmagan yangi hodisa.
O‘zbekistonliklarning xorij davlat rahbarlarini diniy aqidalar asosida toptashi hozirgacha ko‘rilmagan yangi hodisa.

Namanganlik Muhammad Ikrom ismli shaxsning Fransiya prezidenti va rafiqasi suratlarini oyoq osti qilayotgani aks etgan video Telegram va Facebook tarmoqlarida keng yoyila boshladi.

O‘zbekistonda "keng dindor qatlam ehtiyojlarini qondirishni maqsad qilgani" aytilgan AzonTV onlayn telekanali muassisi Mubashshir Ahmad bu kampaniyaga qo‘shilishni “sha’n va hamiyat¸ muhabbat va ehtirom masalasi” deb atadi.

Rasmiy sukut

O‘zbekiston hukumati hozirga qadar Fransiyani larzaga solgan terror hujumi borasida rasmiy munosabat bildirmadi.

Rasmiy idoralar ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar yuzasidan ham biron izoh berganicha yo‘q.

O‘zbekistondagi davlat boshqaruvi tizimi¸ xususan¸ dinning davlatdan ajratilgani¸ prezident boshqaruvi¸ mamlakat konstitutsiyasi Fransuz Respublikasi modeliga asoslangan.

Fransiyaning marhum prezidenti Fransua Mitteran 1994 - yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan birinchi g‘arb davlati rahbari bo‘lgan edi.

Islom Karimovning vafoti ortidan Shavkat Mirziyoyev hukumati Fransiya bilan yaqin hamkorlik intilishlarini yana bir marta tasdiqladi.

2018 - yil oktabrida Fransiyaga safar qilgan Mirziyoyev prezident Makron bilan siyosiy hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qilgan edi.

Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni 2018 - yil 9 - oktabr kuni Yelisey saroyida qabul qilgan edi.
Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni 2018 - yil 9 - oktabr kuni Yelisey saroyida qabul qilgan edi.

Mirziyoyevning Parijga tashrifi chog‘ida ¸ rasmiy matbuotga ko‘ra¸ Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 600 million yevroga yaqin infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi imzolangan¸ Fransiyaning «Eyrbas», «Total», «Total Eren», «Vinchi», «Orano», «Veoliya», «Fivs Shteyn», «Buig», «Ranjis» va boshqa ko‘plab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olingan” .

"Fitna"

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mulozimlari 27 - oktabr kuni Ozodlikning bu masalada izoh so‘rab qilgan murojaatini javobsiz qoldirdi.

Ozodlikning qator qo‘ng‘iroqlari ortidan 27 - oktabr kuni kechqurun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy saytida "MUNOSABAT: HISSIYOT BILAN EMAS, TAFAKKUR ILA ISH TUTAYLIK!" degan maqola paydo bo‘ldi.

Unda Fransiyada ro‘y bergan terror xuruji va uning ortidan prezident Makron qilgan bayonotlarga bevosita munosabat bildirilmagan.

16 - oktabr kuni Fransiyadagi maktab tashqarisida yuz bergan hujum - Samyuel Patining 18 yashar chechen tomonidan so‘yib tashlanishini qoralamagan idora¸ "mo‘min-musulmonlarning hissiyotini qo‘zg‘ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini " ta’kidlagan.

Idora "ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoq safihalarida Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko‘ngilsiz holatlar" ni "fitna" deb atagan.

"Ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishimiz kerak. Biz ham mo‘min-musulmonlarni hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutishga chaqiramiz. Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yanada keskin tus olishiga sababchi bo‘lib qolmaylik. Bu bo‘layotgan ishlar hammasi fitna, g‘animlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda o‘ylab ish tutish kerak. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila bo‘ladi"¸ deyiladi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi baënotida.

Demokratik partiya yetakchisining bayonoti

O‘zbekistondagi rasmiy partiyalardan biri yetakchisining Facebookdagi posti.
O‘zbekistondagi rasmiy partiyalardan biri yetakchisining Facebookdagi posti.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zbek siyosatchilaridan birinchi bo‘lib Fransiyadagi hodisaga munosabat bildirdi.

27 -oktabr kuni Feysbuk sahifasida e’lon qilgan bayonotida u Fransiyadagi hujumni qoralamadi va hujum uchun mas’uliyatni fransuz ta’lim tizimiga yukladi.

20 million odam 5 yilga ikkilanib ishonch bildirgan shaxsni xaqorat qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, lekin 2 milliard odam qiyomatgacha qat’iy ishonch bildirgan shaxsni xaqorat qilish - so‘z erkinligi...

2 yoshidan boshlab fransuz davlatining ta’lim tizimida tarbiyalangan bolaning rahmsizligi uchun chumolini bosib olganiga yig‘lagan musulmon bolasi nega tahqirlanishi kerak?

Agar erkak bilan erkak oila qurishi erkinlik bo‘lsa ayollarning yaratilishidan maqsad nima edi? Hazrati Iso alayhissalom hisob kuni ummatidan or qilsa kerak.

Xullas, Yevropada bir narsalar bo‘layapdi” (orfografiya saqlandi-tahr.)¸ deb yozdi Facebook sahifasida demokratik partiya yetakchisi.

Alisher Qodirov bundan avval milliy ramz va qadriyatlarni o‘ziga xos yo‘sinda himoya qilish urinishlari uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan "populizm"da ayblangandi.

Erdo‘g‘on, Makron va o‘zbeklar

Ko‘plab diniy va dunyoviy masalalarda kuzatilgani kabi, Fransiyadagi hujum va Makronning bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi keskin qutblashuvni yana bir marta yuzaga chiqardi.

Facebookda Uch Zamon taxallusi bilan post yozib kelayotgan asli o‘zbekistonlik sharhlovchi “FRANTSIYADA NIMALAR BO‘LMOQDA?” degan sarlahva ostida tahliliy maqola e’lon qildi.

Fransiyadagi joriy voqealarni tarixiy faktlar asosida tahlil qilgan bu sharhlovchi o‘zbekistonlik islomchilarning Erdo‘g‘on boykotiga qo‘shilishiga ham munosabat bildirdi.

Yaqin sharq musulmonlari kabi bizdagi ayrim diniy avtoritetlar ham Erdo‘g‘onning ortidan ergashganlari tushunarli. Ammo O‘zbekiston Turkiya emas va O‘zbekistonda dinni siyosiylashtirish, diniy prozelitizm Konstitutsiya va qonun bilan ta’qiqlanadi. Men bu bilan, biznikilar qonunni buzgan demoqchi emasman va buni aniqlashtirish mening vakolatimga kirmaydi. Ammo diniy-siyosiy motivlarga ko‘ra terrorizmni qo‘llash maqsadida tashabbus qilingan siyosiy-iqtisodiy aksiyaga qo‘shilish mazkur insonlarning qarashlarini va orzularini savol ostiga qo‘yadi”¸ deb yozdi bu tahlilchi.

Londondagi Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi Alisher Ilhomov Facebook sahifasida “Birovlarning ibodatxonasiga o‘z nizomi bilan borilmaydi” deb nomlangan sharh yozdi. Unda siyosatshunos o‘zbekistonliklarning Fransiyadagi voqealar mohiyatini tushunmay¸ Erdo‘g‘on olib borayotgan siyosiy o‘yinlarni anglamay turib¸ faqat ehtiroslar asosida aksilg‘arb ritorikasiga qo‘shilganini “achinarli holat” deb atadi.

Erdo‘g‘onning o‘z bayonotlari bilan aksilfransuz jazavasi oloviga o‘t qalayotganini ko‘rish achinarli. Ammo bizning jamiyatimizda bunday agitatsiya ta’siriga osonlikcha beriladigan mutaassiblarning ko‘pligi undan ham achinarliroqdir”¸ deb yozdi Ilhomov.

O‘zbekiston jinoiy qonunchiligi milliy, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘aganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadi, ammo unda “nafrat ritorikasi" tushunchasi hozircha mavjud emas.

Karimov davrida bu kabi chaqiriq va da’vatlar Jinoyat Kodeksining 159-moddasiga ko‘ra¸ "konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish" sifatida tasniflab kelingan.

XS
SM
MD
LG