Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:47

Makron surati oyoqosti qilingan Namanganda mehmonxona oldidagi Fransiya bayrog‘i olib tashlandi


28 - oktabr kuni Namangan markazida joylashgan Grand Sherdor mehmonxonasi oldidagi Fransiya bayrog‘ining Makron bayonotiga norozilik sifatida "yirtib tashlangani" xabar qilindi
28 - oktabr kuni Namangan markazida joylashgan Grand Sherdor mehmonxonasi oldidagi Fransiya bayrog‘ining Makron bayonotiga norozilik sifatida "yirtib tashlangani" xabar qilindi

28 - oktabr kuni Namangan markazidagi Grand Sherdor mehmonxonasi oldida ko‘tarilgan 7 bayroq orasidan Fransiya bayrog‘i olib tashlandi.

Bu haqda Feysbukda post qoldirgan namanganlik faol¸ Fransiya bayrog‘ining "norozilik belgisi sifatida yirtib tashlangani va Namanganda Fransiya bayrog‘iga o‘rin yo‘q”ligini yozdi.

Ushbu hodisa arafasida namanganlik Muhammad Ikrom ismli shaxsning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi suratini oyoqosti qilayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Namangan viloyat hokimligi¸ Ichki ishlar boshqarmasi¸ qolaversa¸ O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimlari xorij davlati ramzlarini haqorat qilish kampaniyasi yuzasidan izoh bermadi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakat dunyoviy qadriyatlariga hujum qilib kelayotgan terrorchi va siyosiy islom borasida qilgan bayonotlari Yaqin Sharqdagi ayrim davlatlarda Fransiya va uning prezidentiga qarshi norozilik kampaniyasi boshlanishiga turtki bo‘ldi.

Namangandagi Fransiya ramzlarini haqorat qilish va ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida Fransiyaga qarshi nafrat ritorikasining kuchayishi islomiy davlatlarda boshlangan jarayonlarning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.

"Fransiya bayrog‘iga o‘rin yo‘q!”

28 - oktabr kuni namanganlik Feysbuk faoli Ibrat xeshtegi ostida quyidagi postni qoldirdi:

Hozir 15 daqiqa avval shu bayroqlar safining boshida Fransiya bayrog‘i turgan edi, bir akamiz bayroqni tushurib yirtib tashladilar. Bizni Namanganimizda Fransiya bayrog‘iga o‘rin yo‘q!”

Namanganda Fransiya bayrog‘ining "yirtib tashlangani" haqidagi postga ilova qilingan surat
Namanganda Fransiya bayrog‘ining "yirtib tashlangani" haqidagi postga ilova qilingan surat

Bu postga qator bayroqlar saf qilib terilgan temir ustunlardan birining bayroqsiz qolgani aks etgan surat ham ilova qilindi. Post egasi olib tashlangan Fransiya bayrog‘i o‘rniga Qozog‘iston bayrog‘i tikilganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda post egasi Fransiya bayrog‘ining aynan qaysi joydan¸ kim tomonidan olib tashlanganiga aniqlik kiritmadi.

Ozodlikning Namangandagi manbalari ko‘p o‘tmay voqeaning shahar markazidagi Grand Sherdor mehmonxonasi oldida ro‘y berganini ma’lum qildi.

Namangandagi eng qimmat mehmonxona bo‘lgan bu butik otelning Ozodlik bog‘langan boshqaruvchisi 28 - oktabr kuni “bayroqlar almashtirilgani”ni bildirdi.

- Hamma bayroqni almashtirdik. Yettita bayroqni ham almashtirdik hozirgina. Yuvilutti-da! Hozir Qozog‘iston bor¸ Amerika bor¸ Rossiya bor.

Mehmonxona boshqaruvchisi "Fransiya bayrog‘i ham bormi hozir?"¸ degan savolga javob bermasdan telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Bu suratdagi bayroqlar qatorida chapdan birinchisi Fransiya bayrog‘i bo‘lgan
Bu suratdagi bayroqlar qatorida chapdan birinchisi Fransiya bayrog‘i bo‘lgan

Grand Sherdor mehmonxonasining sayyohlar uchun taqdim etilgan suratlaridan otel binosi oldida ko‘tarilgan bayroqlar safida O‘zbekiston¸ Janubiy Koreya¸ Turkiya¸ AQSh¸ Buyuk Britaniya¸ Rossiya va Fransiya davlat ramzlari borligi ko‘riladi.

Ozodlikka 28 - oktabr kunning ikkinchi yarmida Namangandan yuborilgan videotasvirda bayroq ustunlarining yalang‘och qilingani¸ barcha bayroqlarning yechib olingani ko‘riladi.

Kunning ikkinchi yarmida Grand Sherzod mehmonxonasi oldida ko‘tarilgan bayroqlarning hammasi yechib olindi.
Kunning ikkinchi yarmida Grand Sherzod mehmonxonasi oldida ko‘tarilgan bayroqlarning hammasi yechib olindi.

Voqeadan sanoqli soat o‘tib¸ “bayroqning yirtilgani” haqida Feysbukka post qo‘ygan namanganlik faol o‘z postini olib tashladi.

Uning o‘rnida qoldirilgan yangi postdan¸ avvalgi yozuv va suratning bosim ostida olib tashlangani anglashiladi.

"Namanganda Frantsiya bayrog‘iga o‘rin yo‘qligi" haqidagi post olib tashlangandan keyingi post
"Namanganda Frantsiya bayrog‘iga o‘rin yo‘qligi" haqidagi post olib tashlangandan keyingi post

Post muallifi bu bosimning kim tarafidan bo‘lgani haqida ma’lumot bermadi. Grand Sherdor mehmonxonasi oldidan Fransiya bayrog‘i olib¸ o‘rniga Qozog‘istonniki qo‘yilgani haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay¸ qolgan bayroqlar kimning topshirig‘i bilan olib tashlangani haqida ham Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.

Makron va islomchilar ziddiyati

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakat so‘z erkinligi, shu jumladan, karikaturalardan voz kechmaydi, degan bayonotlari ortidan Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlarida Fransiyaga qarshi norozilik kampaniyasi boshlandi.

Makron islomchilarni jazavaga solayotgan bu bayonotlarini o‘quvchilariga Muhammad payg‘ambar karikaturasini ko‘rsatishi ortidan 18 yashar chechen terrorchisi Abdulloh Anzorov tomonidan o‘ldirilgan tarix o‘qituvchisining dafn marosimida aytdi.

Makronning siyosiy islom – islomchilar haqidagi bayonoti siyosatchilar¸ xususan¸ Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan “Islomga qarshi haqorat” sifatida talqin qilinishi ortidan, asosan Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlarda fransuz mahsulotlarini boykot qilish boshlandi.

Hukumatlari G‘arb bilan ziddiyatli munosabatda bo‘lgan davlatlarda Fransiya bayrog‘ini yoqish holatlari kuzatildi.

G‘arbga qarshi nafrat ritorikasi¸ xususan¸ payg‘ambar sha’nini himoya qilish uchun terrorga da’vat etuvchi chaqiriqlar ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek kanallarida ochiqcha ëyinlanishi ortidan¸ o‘zbek segmantida Fransiya¸ uning dunyoviylik tamoyillariga qarshi hozirgacha misli ko‘rilmagan “g‘azab kampaniyasi” boshladi.

O‘zbekiston ichkarisida faoliyat yuritayotgan ayrim diniy faollar bu kampaniyani “or va nomus masalasi” deb atab¸ o‘zbekistonlik dindorlarni unga qo‘shilishga da’vat qildi.

Bunday chaqiriqlar ortidan namanganlik Muhammad Ikrom ismli shaxsning Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va rafiqasi suratlarini oyoqosti qilayotgani videosi tarqadi.

O‘z mashinasining oyoq qo‘yadigan joyiga Makronlar suratini to‘shab¸ uni toptagan shaxs¸ boshqalarni ham o‘z safiga qo‘shilishga chorladi.

Hozircha bu shaxs¸ u boshlagan kampaniyaning Namangan yoki O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida qanchalik keng yoyilgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

27 - oktabr kuni Ozodlik Namangan viloyat hokimining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinov qabulxonasi bilan bog‘landi. O‘zini Aloydinov yordamchisi, deb tanishtirgan mulozim¸ Namangandagi bu voqealarga oid izoh olish uchun maxsus maktub bilan murojaat qilishni aytib¸ savollarga javob bermadi.

Namangan viloyat va shahar IIB rasmiylari Fransiya davlat ramzlariga qarshi boshlangan kampaniyadan bexabarliklarini bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimi esa¸ vazirlikning bu jarayonlarni kuzatib borayotganini aytdi. Ayni paytda mulozim vazirlik tomonidan bu voqealarga biror munosabat bildirish-bildirilmasligi bo‘yicha ma’lumot bera olmasligini aytish bilan cheklandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning “Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan 203-moddasiga muvofiq O‘zbekiston yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish uchun jarima belgilangan. Bu jazoning xorijiy davlat ramzlarini oyoqosti qilish uchun tatbiq etilish-etilmasligi haqida ma’lumot yo‘q.

Makron suratini oyoqosti qilganlarga chellenj

Namanganlik dindorning Fransiya prezidenti suratlarini toptashiga ijtimoiy tarmoqda javob aksiyalari ham ko‘zga tashlandi.

Toshkent Davlat Agrar universiteti va Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti qoshidagi Boshqaruv instituti¸ so‘ngra Janubiy Koreyadagi nufuzli Yonsey universitetida o‘qib¸ iqtisod bo‘yicha magistrlik darajasini olgan G‘olibbek Xolnazarov YouTube portalida o‘zbekistonliklarga o‘z g‘azab kampaniyasini mahalliy muammolarga qaratishni tavsiya qildi.

- Sizlarga taklifim¸ "mard bo‘lib"¸ Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni shunaqa qipsizlar¸ tasvirini¸ o‘zlaringizcha. O‘zbekistonliklarning deyarli hammasi musulmon. Qani mard bo‘lib oxirigacha O‘zbekistonda musulmonlarni xo‘rlayotgan o‘z yoningizdagi hokimlarlardan birortasini suratini raspechatka qilib¸ shunaqa qilinglarchi! Xudodan boshqasidan qo‘rqmaydigan bo‘lsangizlar¸ so‘kong‘ich hokimlarni suratini oyog‘inglarning tagiga bosib¸ shuni videosini qo‘yinglar¸bir ko‘raylik¸ dedi islomchilarga qarata videomurojaatida Xolnazarov.

Bu videochellenjga hozircha birorta o‘zbekistonlik javob bergani yo‘q. Buning o‘rniga tarmoqlarda Xolnazarovni ham virtual sazoyi qilish boshlanganini ko‘rish mumkin.

Mirziyoyev hukumatining ekstremizm xavotirlari

Ozodlik 2019 - yil oktabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 - yil 4 - sentabr kungi maxfiy qarori matnini e’lon qilgan edi.

Hozirgacha jamoatchilikka rasman taqdim etilmagan bu maxfiy qarorda “diniy sohada yaratilayotgan erkinlik va sharoitlarni suiiste’mol qilib¸ ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanishning ko‘payishi; kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berayotgan¸ o‘z shaxsiy qarashlarini majburiy diniy qoida sifatida talqin qilib¸ ularni aholi orasida keng yoyishga harakat qilayotgan guruhlar faoliyatining kuchayishi va axborot maydonida diniy masalalarni yoritishning nazorat mexanizmlari sustligi¸ Internet va mobil messenjerlardagi ma’lumotlarni qamrab olish imkoniyatining mavjud emasligi oqibatida ularda diniy mutaassiblik va ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi kontentning ko‘payishi” ta’kidlangan edi.

Ayni paytda¸ Bosh prokuror nomidan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga joriy yil yanvarida jo‘natilgan xatning Ozodlikka kelib tushgan nusxasida "UZ" domenida "nosog‘lom fikr"larga tayanilgan diniy materiallar ko‘payganidan xavotir bildirilgan edi.

So‘nggi 2 yilda Internetdagi axborot nashlaridan foydalanuvchilar soni 20 millionga yetgan. Diniy materiallar tarqatuvchi mustaqil saytlarga kiruvchilar kunlik soni esa 35 ming nafardan 66,5 ming kishiga oshgan. Aytilishicha, bu ko‘rsatkich O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy saytiga kiruvchilar soniga nisbatan besh baravarni tashkil etadi.

Mazkur manbalarda jamiyatni islomlashtirish, islomiy hayot tarzi va kiyinishga o‘tish, bolalarga majburiy islomiy ta’lim berish, musiqa to‘garaklarini taqiqlash, shariat qoidalarini rasmiy qonunlardan ustun qo‘yish kabi nosog‘lom fikrlarni (ta’kid xat muallifiniki) ilgari surish hollari ham kuzatilmoqda", deyiladi Bosh prokuror 2 - yanvar kuni imzolagan xatda.

Mazkur xatda Vazirlar Mahkamasiga maxsus Ishchi guruhi tuzish va bu guruhga bir oy ichida Internetdagi "diniy axborot xurujlariga tezkorlik bilan ta’sirchan chora ko‘rishning samarali mexanizmini yaratish, qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, taqiqlangan saytlarga erkin kirish yo‘llarini tamomila yopishni mukammallashtirish chorasini ishlab chiqish "vazifasini yuklash topshirilgan edi.

Hozircha bu taklif¸ qolaversa¸ prezident maxfiy qaroriga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning qanchalik amalga oshirilayotgani haqida Ozodlik ma’lumotga ega emas.

Farg‘ona vodiysi¸jumladan¸Namangan tarixan an’anador va sobiq ittifoq qulashi arafasida Markaziy Osiyoda siyosiy islom birinchi bo‘y ko‘rsatgan mintaqalardan hisoblanadi.

1980-yillar oxiri, 1990-yillar boshida Namanganda "Islom lashkarlari" va "Adolat" singari diniy-siyosiy tashkilotlar faoliyat olib borgan.

“O‘zbekiston islomiy harakati” asoschilari Tohir Yo‘ldosh va Juma Namangoniy 1990-yillar boshida o‘z faoliyatlarini Namanganda boshlab¸ so‘ngra bir muddat Tojikiston¸ keyinroq Afg‘oniston va Pokistonda davom ettirgandi.

Shu oy boshida Afg‘onistondagi o‘zbek marshali Abdul Rashid Do‘stum “O‘zbekiston islomiy harakati”ning o‘ldirilgan rahbari Tohir Yo‘ldoshning qizi Mukarramaxon Afg‘onistonning Tog‘li Badaxshon viloyatida terrorchi guruhlarni boshqarayotganini iddao qildi.

O‘zbekiston rasmiylari Do‘stumning bayonotiga hozircha munosabat bildirmadi.

XS
SM
MD
LG