Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:41

Prezident kuyovining akasi Ichki ishlar vazirligida yangi lavozim oldi


Ulug‘bek Tursunov (o‘rtada)
Ulug‘bek Tursunov (o‘rtada)

53 yashar polkovnik Ulug‘bek Tursunov O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida faoliyat boshlagan.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston huquq-tartibot organlarida ishlovchi va matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi sir qolishini istagan ikki mulozim ma’lum qildi.

IIV joriy yilning 1 - oktabrida amalga oshirilgan tayinlov haqida rasmiy xabar bergani yo‘q. Mahalliy matbuot shu yil iyunida Tursunovning Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan olinishini keng yoritgandi.

Uning o‘rniga Qo‘qon shahar IIO FMB boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayev tayinlangan. Jo‘rayev oldinroq Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgandi.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra¸ Tursunov shu yilning 25 - iyun kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinganidan keyin bir muddat rasman Qo‘qon shahar IIO FMB da “ishlagan”.

Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalari amalda Tursunov o‘z uyidan chiqarilmasdan "nazoratda ushlangan"ini aytmoqda.

Jurnalist Aleksey Volosevich “AsiaTerra” nashrida chop qilingan maqolasida iddao qilishicha¸ prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovning akasi, polkovnik Ulug‘bek Tursunovning lavozimidan bo‘shatilishiga "birinchi oiladagi mojarolar va prezidentning ikki kuyovi o‘rtasidagi raqobat" sabab bo‘lgan.

Unga ko‘ra, Tursunov militsiya tomonidan sahnalashtirilgan «fohishaxonalarni fosh qilish» natijasida musodara etilgan mol- mulklarning o‘zlashtirilishiga doir yuzlab mojaro markazida qolgan.

“AsiaTerra” maqolasida, shuningdek, Tursunov mamlakat yog‘-moy sohasini egallash uchun tadbirkorlarga tazyiq o‘tkazgani ham iddao qilinadi.

Ozodlikda Tursunovning aynan shu iddaolar tufayli ishdan olingani haqida rasmiy tasdiq yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra¸ Tursunovning oktabr oyida egallagan vazifasi ko‘proq “dekorativ”dir.

“Xozir u boshliq o‘rinbosari. Vazirlikdagi lavozim bo‘lsa ham¸ shahar IIB boshlig‘ida bo‘lgan qudrat va imkoniyat yo‘q. Menga ma’lum bo‘lishicha, Tursunovning o‘zi hozirgi lavozimida nazorat ostida bo‘ladi. Bu dekorativ lavozimni o‘ziga xos surgun, desa ham bo‘ladi”, - deydi nomi oshkor etilishini istamagan mulozim.

Polkovnik Ulug‘bek Tursunov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovi Oybek Tursunovning akasidir.

Aka-ukalarning otasi SSSR DXQ sobiq zobiti Botir Tursunov O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davrida “Jasorat” medali bilan mukofotlangan Tursunov 2017 - yil aprel oyidan 2020 - yil iyunigacha Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Ichki ishlar organidagi faoliyatini 1989 - yil Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limining kichik inspektori sifatida boshlagan Ulug‘bek Tursunov IIV jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i (1996−2005), Toshkent shahridagi Yashnabod tumani IIB boshlig‘i (2005−2010) va IIV Bosh inspeksiya guruhining bosh inspektori (2010−2017) lavozimlarida faoliyat olib borgan.

XS
SM
MD
LG