Линклар

Шошилинч хабар
28 июл 2021, Тошкент вақти: 09:32

Madaniyat vazirligi: Shohi Zindadan koshin o‘g‘irlanishi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi


Samarqand

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Samarqanddagi Shohi Zinda yodgorlik majmuasidan oltita koshinning o‘g‘irlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Madaniyat vazirligi vakilining aytishicha, jinoyat ishi vazirlikning murojaatidan so‘ng ochilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin mulozimning Ozodlikka bildirishicha, hozirda prokuratura tergovgacha surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi vajidan nomi oshkor etilishini istamagan mulozimga ko‘ra, o‘g‘irlangan koshinlarning jami soni 10 ta.

"Bundan o‘n yillarcha ilgari Shohi Zinda obidasida olib borilgan qurilish-restavratsiya ishlari jarayonida o‘g‘irlangan. Dastlabki tergov surishtiruvi davomida Shohi Zindadagi lojuvard koshinlarning bir qismi zamonaviy kafelga almashtirilib qo‘yilgani aniqlangan", - deb aytdi tergov jarayoniga yaqin mulozim.

Restavratsiyada qatnashgan o‘zbekistonlik mutaxassislardan biri esa, Ozodlik bilan suhbatda “o‘g‘ri deb tamg‘alashga shoshilmasdan, sud hukmini kutish kerak”ligini ta’kidladi.

Muzeydan mujda

11 - oktabr kuni Britaniyada chiqadigan The Guardian nashri Britaniya muzeyi Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidan o‘g‘irlangan oltita koshinni O‘zbekistonga qaytarishi haqida xabar qilgan edi.

Samarqanddan o‘g‘irlangan koshinlardan biri
Samarqanddan o‘g‘irlangan koshinlardan biri

Nashrning yozishicha, mazkur koshinlar Londonning Xitrou aeroportida kontrabanda mahsuloti sifatida shu yil yanvar oyida musodara etilgan.

Safar hujjatlarida koshinlar Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridan 315 dirhamga (taqriban 86 dollar) xarid qilingani va sotish uchun mo‘ljallangani aytiladi.

Koshinlarni musodara qilgan Buyuk Britaniya chegara xizmati vakillari ularning haqiqiy yoshi va qaysi mamlakatga tegishli ekanini aniqlash uchun Britaniya muzeyiga murojaat qilgan.

Mutaxassislar koshinlarning XIII asr oxirlari va XIV asr o‘rtalariga oid ekani hamda Samarqanddagi Shohi Zinda yodgorlik majmuasiga tegishliligi haqida xulosa berganlar.

Ekspertlar tasdiqlaydi

Koshinlarning Samarqandga oidligi haqida professor Jeyms Allan (Oksford universiteti) professor Robert Xillenbrand (Edinburg universiteti), professor Charlz Melvill (Kembrij universiteti) va Anqaradagi Hoji Bayram Veli universiteti tadqiqotchisi, doktor Bahor O‘zdemir ekspert xulosasini bergan.

Bu ekspert xulosasiga samarqandlik olim doktor Anvar Otaxo‘jayev ham imzo chekkan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan va ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbek restavratori bu koshinlarning aynan Samarqandga oidligi ilmiy dalillanmagani va bu koshinlar Erondagi yodgorlikdan qo‘porilgan bo‘lishi ham mumkinligini aytadi.

Ammo Britaniya muzeyi bu extimolni tekshirish uchun Eron milliy muzeyi xodimi Jabroil Nokande xulosasini ham o‘rgangan. Nokande ham koshinlarning Samarqandga oidligini aytib, yakuniy xulosaga imzo chekkan.

Bundan tashqari, temuriylar davriga oid dunyodagi eng katta kolleksiyalardan biri bo‘lgan Rossiya Davlat Ermitaji xodimi Andrey Omelchenko ham koshinlar Samarqanddagi obidaning bir qismi ekanligini tasdiqlaydi.

Bu boradagi dalillar asosida olimlar mushtarak fikrga kelganidan so‘ng, koshinlar musodara qilinib, keyinchalik O‘zbekistonga repatriatsiya qilish uchun Britaniya muzeyiga topshirilgan.

Anqaradagi Xoji Bayram Veli universiteti tadqiqotchisi, doktor Baxor O‘zdemir xonim Ozodlik muxbiri bilan qisqa suhbatda "boshqa nufuzli olimlar qatorida xulosaga imzo chekkani va koshinlarning Samarqand va temuriylar davriga oidligini" ta’kidladi.

Bundan 100 yil oldin Samarqandda olingan eski surat
Bundan 100 yil oldin Samarqandda olingan eski surat

Artefakt Britaniya jamoatchiligiga taqdim qilinadi

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ temuriylar davri nafis san’atining yorqin namunasi bo‘lgan bu koshinlar O‘zbekistonga qaytarilish oldidan 2020 - yil dekabr oyida Britaniya muzeyida namoyish etiladi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Britaniya muzeyi xodimlari va olimlarga amalga oshirilgan ish uchun minnatdorlik bildirishini alohida ta’kidladi.

Shu bilan birgalikda, vazirlik tekshiruv o‘tkazib, koshinlar Xo‘ja Ahmad maqbarasi (XIV asrning ikkinchi yarmi), noma’lum maqbara (1360/61) me’moriy bezaklariga uslubiy yaqinligini aniqlagan.

Samarqanddagi "Ishratxona" obidasining koshinlari talab ketilgan
Samarqanddagi "Ishratxona" obidasining koshinlari talab ketilgan

Koshin aynan qaysi devordan qo‘porilgan?

Joriy yil 13 - oktabr xolatiga me’moriy yodgorliklardan bezak parchalarining koshinlar bilan to‘liq mos kelishi aniqlanmagan.

Vazirlik vakili shu kunlarda koshinlarning ma’lum bir me’moriy yodgorlikka tegishli ekanini aniqlash bo‘yicha ishlar davom etayotganini bildirdi.

Uzoq yillar Madaniyat vazirligining yodgorliklarni saqlash tizimlarida ishlagan taniqli olim, doktor Abdusafi Rahmonov Ozodlik bilan suhbatda mazkur koshinlarning Shohi Zinda majmuasidan olingani 100 foiz isbotlanmaganini aytadi.

Uning fikricha, hozircha hech kimni “o‘g‘ri” deb atashga asos yo‘q va aybdorlarni sud aniqlashi lozim.

“Mantiqan olib qaralsa, javobgar - arxeolog. Topilgan narsalarni ruyxatga olish, o‘rganish va davlat muzeyiga hujjat bilan topshirishi kerak edi. Kim qazish ishlarini olib borgan? Bu savollarga javob yo‘qligi yana bir marta qonun ishlamayotganini ko‘rsatadi. Shuning uchun birinchi navbatda, kim qazigan, degan savolga javob topish kerak. Agar u muzeyga topshirgan bo‘lsa, muzeyning mas’ul xodimidan so‘rash kerak. O‘z-o‘zidan xech narsa bo‘lmaydi. Shohi Zindada olib borilgan arxeologiya tadqiqotlari natijalariga e’tibor qaratish kerak. OAV koshinlar "ko‘chirib olingan" deb yozibdi. Qayerdan, qaysi binodan ekani aniq emas.”

Taniqli olim 1996-2000 - yillarda Shohi Zindada qazishmalar olib borilganiga e’tibor qaratadi.

“Shohi Zindaning pastki qismi, kirish darvozasining o‘ng tomonida, madrasaning orqa tomoni va yonidan ko‘p binolar va noyob arxelogik topilmalar bor edi. U yerni Arxeologiya instituti xodimlari 1996-2000 - yillarda qazib o‘rgangan. Lekin bundan xech kimni hozir "o‘g‘ri" deb atashga hali asos yo‘q. Yozuvlar "Ko‘fi Rayxoniy"ga o‘xshaydi. Shohi Zindada aksariyat yozuvlar "suls"da. Shuning uchun "qayerdan, qaysi binodan, qaysi joyi"ni, aniqlash lozim. Kim aybdorligini sud belgilaydi. "Ko‘chirib olingan" iborasini qo‘llashda extiyot bo‘lgan yaxshi", - deydi Abdusafi Rahmonov.

Vazirlik minnatdor

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Murodilla Alimboyev Ozodlik bilan suhbatda britaniyalik hamkasblaridan mamnunligini izhor qildi.

“Vazirlik Britaniya muzeyi xodimlari, shaxsan muzey direktori, doktor Xartvig Fisher, Britaniya muzeyining Yaqin Sharq bo‘limi katta kuratori va arxeologi, doktor Jon Simpson va boshqa olimlardan amalga oshirilgan ishlar uchun samimiy minnatdor”, - dedi vazirlik vakili.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov ham Britaniya muzeyi va Britaniya chegara xizmatiga Tashqi ishlar vazirligi rasmiy sahifasi orqali minnatdorchilik bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, tomonlar yodgorlik buyumlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettiradi.

Samarqand
Samarqand

O‘g‘riliklar xronikasi

The Guardian gazetasida yozilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Britaniya muzeyi Iroq, Afg‘oniston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga 2500 dan ortiq buyumlarni qaytarishda ko‘mak ko‘rsatgan.

Ozodlik 2017 - yilda Britaniya muzeyi Buxorodagi Chashmai Ayub maqbarasidan o‘g‘irlangan koshinlarni aniqlash va muvaffaqiyatli olib kelishda yordam bergani haqida yozgan edi.

O‘zbekiston tergov organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilganidan so‘ng, ushbu o‘g‘rilikda ishtirok etgan shaxslar jazolangan.

Hozirda ushbu koshin Toshkentdagi Davlat san’at muzeyida saqlanmoqda.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi joriy yil mart oyidan boshlab 1991 - yildan shu kunga qadar mamlakat muzeylaridan o‘g‘irlab ketilgan tasviriy san’at asarlari va me’moriy obidalar parchalarini mamlakatga qaytarish jarayonini boshlagan edi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbarining 3 - mart kuni Ozodlikka aytishicha¸ “san’at asarlarini qaytarish borasidagi xalqaro mexanizmlar va tuzilmalar asosida vazirlik O‘zbekistondan o‘g‘irlab ketilgan san’at asarlari restitutsiyasini boshlagan”.

Mulozimga ko‘ra¸ Farg‘ona O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib, Londondagi MakDugalls auksioniga qo‘yilgan, Aleksandr Volkov 1932 - yilda yaratgan “Jo‘xorizor shovqini” asarini qaytarish borasida muzokara yuritilgan.

Shunindek, O‘zbekiston davlat muzeyidan o‘g‘irlanib, AQShda savdoga qo‘yilgan XIX-XX asrlarga oid so‘zanani ham qaytarish jarayoni boshlangan.

Xalqaro muzeylar kengashi ICOM (International Council of Museums) kodeksiga ko‘ra¸ muzeylardan o‘g‘irlangan yoki shubhali tarzda muzeyni tark etgan eksponatlarni boshqa muzeylar sotib olishi mumkin emas va eksponat o‘zining birlamchi joyiga qaytarilishi lozim.

XS
SM
MD
LG