Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2020, Тошкент вақти: 11:02

Elektr stansiyalarining yarmidan ko‘pi eskirgan - joylarda yana svet o‘chishni boshladi


Bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori.

Bu ma’lumot hukumatning elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishida keltirildi.

Prezident Mirziyoyev 26 - oktabrda o‘tkazgan yig‘ilish haqida davlat rahbari rasmiy sayti xabar qildi.

Mamlakat prezidenti soha rahbarlari bilan elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarni muhokama qilayotgan paytda joylardan yana, har yilgiday, elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi.

"Tizimli o‘zgarishlar"

Davlat rahbari rasmiy saytiga ko‘ra, elektr energetikasi sohasida “tizimli o‘zgarishlar” amalga oshirilmoqda va bu ishlar Prezidentning 2019 -yil 1 fevraldagi farmoni hamda 2019 - yil 27 - martdagi qarori bilan bog‘liq.

2019 - ning 27 - martidagi qarorga binoan “O‘zbekenergo” “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlariga bo‘lingan.

2 mlrd dollarlik 2 ming 700 megavatt quvvatli 6 ta yangi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihalar boshlandi.

“Bir yilning o‘zida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 mlrd dollarlik 2 ming 700 megavatt quvvatli 6 ta yangi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihalar boshlandi”, deb xabar qildi rasmiy sayt.

Bugungi kunda elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori ekanligi, “bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilg‘i sarfi yangi bug‘-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod”ligi ham Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda aytildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, modernizatsiya ishlarini davom ettirish; sohaga xususiy kapitalni jalb qilish; moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash; moliyaviy model va biznes rejalarini ishlab chiqish; chet ellik mutaxassislarni jalb qilish va boshqa shu kabi ishlarni amalga oshirish zarurligi uqtirildi.

Joylardan kelayotgan xabarlar

Hukumat so‘nggi bir yilda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi bironta ham yangi quvvat ishga tushirilganini xabar qilolmayotgan bir paytda joylardan yana “mavsumiy” xabarlar kela boshladi.

Har kuni soat 19:00 dan 22:00 ga qadar svetimizni o‘chirib qo‘yyapti.

Birgina 30 - oktabrda mamlakatning ikki viloyati: Samarqand va Farg‘onadan mazmuni bir xil ikki xabar keldi. Samarqandning Nurobod tuman, Mehnatkash mahallasidan kelgan qisqa xabar muallifi “har kuni soat 19:00 dan 22:00 ga qadar svetimizni o‘chirib qo‘yyapti, bizda gaz yo‘q, hech bo‘lmasa chiroqni yoqib qo‘yishsin. Shu temani chiqaringizlar iloji bo‘lsa”, deb yozdi.

Farg‘onaning Buvaydasidan mana bu xat keldi:

Tumanimizda svet o‘chish marosimi boshlandi. Qachon bu maynavozchilik tugarkin-a?

“Men Buvayda tumanidan yozyapman. Tumanimizda svet o‘chish marosimi boshlandi. Qachon bu maynavozchilik tugarkin-a?”

Xalq qabulxonalari javobi

Nurobod tuman Xalq qabulxonasi mulozimi (o‘zini tanishtirmadi) ham, Buvayda tuman Xalq qabulxonasi mulozimi Sherali Komilov ham 3 - noyabr kuni Ozodlikka bir xil javob qildi: “chiroq o‘chayotgani to‘g‘risida aholidan ariza tushgani yo‘q”. Lekin ikkala mulozim ham bugunoq vaziyatni o‘rganishga, agar chindan ham chiroq o‘chayotgan bo‘lsa, ahvolni o‘nglash uchun harakat boshlanishini aytdi.

Farqlar: Nurobod tuman Xalq qabulxonasi mulozimi ba’zi xonadonlarda o‘chayotgan bo‘lishi mumkinligi ehtimolini soqit qilmadi va buni elektr energiyasiga haq to‘lashning yangi tartibiga aholi ko‘nikolmayotgani bilan izohladi.

Buvayda tuman Xalq qabulxonasi mulozimi Sherali Komilov esa, o‘tgan yili tumanda elektr quvvatida uzilishlar ko‘p bo‘lganini tan oldi, biroq bu yil ahvol yaxshi ekani, shaxsan o‘zi yashaydigan tuman markazida svet o‘chmayotganini aytdi.

Elektr uzilyapti, deb arz qilayotgan aholiga ham, uzilmayapti deb ishontirayotgan mulozimlarga ham ishonmaslikka Ozodlikda asos yo‘q. Biroq ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda uzilishlar to‘g‘risidagi xabarlar kunga-kunga ko‘payayotgani rost.

Poytaxtdagi vaziyat

Sergeli tuman elektr tarmoqlari korxonasining ismi tilga olinishini istamagan mulozimi poytaxtda qish mavsumida elektr ta’minoti kafolatlanganini bildirdi.

“Toshkentda elektr energiyasining sababsiz o‘chishi kuzatilmayapti. Elektr toki avariya holatlarida o‘chishi mumkin, lekin bunday holatlari deyarli yo‘q. Qishda elektr ta’minoti bo‘lishi garantiyalangan, ishonch bor, lekin texnika bor joyda nimadir sabab bo‘lishi mumkin, kelajakda nima bo‘lishini kelajakka yetganda guvohi bo‘lamiz. Bu sohaga kiritilayotgan yangiliklar, olib borilayotgan ijobiy ishlar samarasini shu kunlarda bermoqda va kelajakda bundan-da yaxshiroq beradi”.

Ekspertlar fikri

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasining sobiq rahbari, O‘zbekistonning birinchi va oxirgi Energetika vaziri Anvar Husainov mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi sababini mavjud issiqlik elektr stansiyalari ehtiyoj darajasida yoqilg‘i bilan ta’minlanmayotganida ko‘radi.

Mavjud TETslarning quvvati katta. Muammo ularni tabiiy gaz bilan ta’minlanishdagi etishmovchiliklardadir.

"Mavjud TETslarning quvvati katta. Muammo ularni tabiiy gaz bilan ta’minlashdagi yetishmovchiliklarda. Yoki xorijga gaz eksportini keskin kamaytirish kerak yoki Turkmanistondan gazni import qilish lozim. Gaz mahalliy bozorda serob bulsa, kichik va o‘rta biznes o‘ziga zarur elektroenergiyani ishlab chiqarishga kirishadi va shu yul bilan elektroenergiya taqchilligi muammosiga barham beriladi”.

O‘zbekiston hukumatining boshqa bir sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayev Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalardan birini o‘ta muhim deb hisoblaydi.

Davlat rahbari rasmiy saytiga ko‘ra, yig‘ilishda bunday deyilgan:

“Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qat’iy narxlarda xarid qilish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga o‘tish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi”.

Saparboy Jubayev masalaning bunday qo‘yilishi to‘g‘ri, deb hisoblar ekan, bunday dedi:

Hanuz markazdan belgilanayotgan elektr quvvati narxini, shubhasiz, erkinlashtirish kerak.

“Hanuz markazdan belgilanayotgan elektr quvvati narxini, shubhasiz, erkinlashtirish kerak. Lekin O‘zbekistonda elektr quvvatini sotuvchi monopolist ekanligidan kelib chiqib, bu masalaga monopoliyaga qarshi qo‘mita ham aralashishi, o‘rtada kelishuv tuzilishi lozim”.

O‘zbek o‘zi sham yoqib, elektrni afg‘onga sotadimi?

Elektr energiyasi taqchilligi yillardan buyon davom etib kelayotgan muammoligi hech bir o‘zbekistonlikka sir emas.

Surunkali elektr energiyasi taqchilligi manzarasida o‘zbekistonliklarda, davlat gaz singari elektrni ham chetga sotyapti va natijada o‘zimizga qolmayapti, degan tanqidiy qarash kuchli.

Bunday tanqidlarga munosabat o‘laroq «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» roppa-rosa bir yil muqaddam rasmiy bayonot e’lon qilgan, unda jumladan bunday deyilgan edi:

“2019 - yilning 9 oyida davomida (yanvar-sentabr) import qilingan elektr energiyasi hajmi jami 2,6 mlrd. kVt.soatni tashkil etgan. Shundan faqat 1,2 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilingan. Bu va bu kabi masalalarning mohiyatini darrov tushunish qiyin... Buning uchun tizim faoliyati va xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish talab etiladi. Xullas, oddiy so‘z bilan aytganda, ichki iste’mol uchun mo‘ljallangan elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinmaydi”.

Saparboy Jubayevning aytishicha, 90- yillar boshida O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘iston bilan deyarli bir xil - yiliga 50 mlrd kv/soat atrofida elektr quvvati ishlab chiqarar edi. Bugunga kelib O‘zbekiston deyarli 30 yil oldingi ko‘rsatkichda qolgan, Qozog‘iston esa, yiliga 110 mlrd kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 - yil dekabridagi saylovlar arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan, ammo o‘tgan vaqt mobaynida vaziyat yaxshi tomonga sezilarli darajada o‘zgargani yo‘q.

Oxirgi 4 yilda O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga yuz millionlab dollar xorijiy va xalqaro kreditlarni jalb qildi, ammo bu loyihalar va kreditlarni o‘zlashtirish jarayoni qanchalik shaffofligi bot-bot savol ostiga olinadi.

XS
SM
MD
LG